Cavol: Uyimizda turli taqvimlar, Islom diniga oid so'zlar yozilgan gazetalar bor. Shularni tashlab yuborsam gunohkor bo'lmaymanmi?
Javob: Bismillahir rohmanir rohiym.
Ulamolarimiz o'qishga yaroqsiz holga kelgan oyat va hadis yozilgan kitob, gazeta va jurnallarni pokiza matoga o'rab ko'miladi yoki uni ehtiromini saqlagan holda yoqib yuboriladi. Albatta bundan maqsad, Alloh taoloning ulug' kalomi yoki Rasuli akram alayhissalomning muborak hadislari yozilgan narsa oyoq ostida qolib ketishni oldini olishdir.
Qur'on oyatlari yoki Alloh taoloning va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak ismlari yozilgan qog'ozlarni ko'mishda ham o'sha kitob yoki varaqlarning yuziga tuproq tortilmasdan xuddi vafot etgan insonni dafn qilingani kabi chuqur qazib, so'ng yon tarafidan g'ovak kovlab o'sha erga xuddi tokchaga qo'ygandek ko'milishi kerak, deydilar ulamolarimiz. Alloma Haskafiy rahimahulloh aytadilar:
“Foydalanib bo'lmaydigan kitoblardan Alloh taoloning farishtalar va Payg'ambarlarning ismi o'chiriladi va yoqib yuboriladi. O'chirmasdan turib ham oqar suvga oqizib yuborishning zarari yo'q. Ko'mish ham mumkin. Ko'mish eng afzal yo'ldir. Zero, anbiyolar ham dafn etilganlar”(“Durrul muxtor” kitobi).
Alloma Ibn Obidin rahimahulloh Haskafiyning mazkur gaplariga quyidagilarni qo'shimcha qilganlar:
“Shuningdek, eskirib, chirib, yaroqsiz holga kelib qolgan barcha kitoblarni ko'mish afzal sanaladi. Bunda kitobni ehtirom qilishga zid holat yo'q. Chunki insonlarning eng afzallari ham erga dafn qilingan”(“Raddul muhtor” kitobi). Vallohu a'lam.
O'zbekiston musulmonlari idorasiFatvo markazi.
Sayyor yig‘ilish
Ikki hoji suhbatidan:
– Assalomu alaykum, salomatmisiz?
– Vaalaykum assalom, rahmat, alhamdullilah.
– Yo‘l bo‘lsin!
– Bugun «Hilol» masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazilarkan. Zayniddin domla kelarkanlar.
– Shoshmang, men bexabar qolibman.
– Yuravering....
* * *
Bugun Olmaliq shahridagi «Hilol» jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiliklarida sayyor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, shahar bosh imom-xatibi, imomlar, otinoyilar, «Haj 2025» hojilari, mahalla faollari ishtirok etdi.
Tadbirdan so‘ng shahardagi mahallalarga chiqilib, oilalar o‘rganildi. Ajrim yoqasida turgan yoshlar yarashtirildi, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan kishilar bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatildi, tavsiyalar berildi.
Shahardagi masjidlar imom-xatiblari ham tadbirda faol qatnashdilar.
Shundan so‘ng yana «Hilol» masjidiga qaytilib, amalga oshirilgan ishlar ko‘rib chiqilib, kelgusidagi rejalar belgilab olindi.
Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish nihoyasiga yetdi.
* * *
– Yig‘ilish juda samarali bo‘ldi. Ko‘plab oilalarga kirilib, hol so‘ralgani ko‘ngildagidek ish bo‘ldi-da.
– Shunday xayrli ishlar boshida turgan aziz insonlar baraka topishsin...
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati