Kuni kecha, 5 yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Misr Arab Respublikasiga jo‘nab ketdi. Safar doirasida Misrning al-Azhar majmuasi bilan diniy kadrlar tayyorlash, ularning kasb-mahoratini oshirish, xalqaro konferensiyalar va seminarlar o‘tkazishga oid diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi.
Shuningdek, al-Azhar majmuasi hamda O‘zbekistondagi diniy sohaga oid markazlar o‘rtasida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi “Yo‘l xaritasi”ni imzolash, al-Azhar majmuasi rahbari Shayx Ahmad Toyyib va al-Azhar universiteti rektori bilan uchrashuvlar o‘tkazish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy muassasalarda keng jamoatchilik ishtirokida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida takdimotlar o‘tkazishi mo‘ljallangan.
Ma’lumki, Misr yurti Qur’oni karimda aynan shu nom bilan bir necha marta zikr etilgan. Bu esa uning barakoti, xayri ko‘pligiga dalildir. Bu zamin yuzlab sahoba va tobi’iylar hokini bag‘rida yashirgan. Buyuk allomalar bu yerda ta’lim olgan, kitoblar ta’lif etishgan.
Misr bilan O‘zbekistonni bog‘lab turuvchi aloqalar juda qadim tarixga borib taqaladi. Alloma Ahmad al-Farg‘oniyning Misrdagi ilmiy faoliyati, Ixshidiylar sulolasidan tortib, Qohiradagi o‘zbakiyya mahallasigacha yurtlarimiz o‘rtasidagi ming yillik aloqalardan so‘zlaydi.
Safar jarayonlarini saytimiz orqali yoritib boramiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati