Ey odam farzandi, agar dunyo axtarib yetti qat yerning qa’riga kirsang ham o‘zim taqsim qilib qo‘ygan rizqdan zarracha ham miqdorda ziyoda qilmasman.
Hadisi qudsiy.
Bir savdogar donishmand huzuriga kelib, o‘zining og‘ir ahvolidan shikoyat qildi: “Shaharda menga raqobatchi paydo bo‘ldi. Mollari xilma-xil, narxi arzon. Mijozlarim meni tark etishyapti. Bu ahvolda kasodga uchrashim mumkin. Ey donishmand, maslahat ber...” Donishmand g‘amgin savdogarga diqqat bilan boqib, so‘radi:
- “Otni sug‘organi daryoga olib borsang, u suv ichishdan avval yer tepinib pishqiradi. Buning sababini bilasanmi?”
Savdogarning jahli chiqib, donishmandga dedi: “Huzuringga oqilona maslahat so‘rab kelsam, sen menga allaqanday bema’ni savol beryapsan!” “Hozir buni o‘zing tushunib olasan, – dedi donishmand. – Ot daryoga engashganida, suvda o‘zining aksini ko‘radi. Uni raqib – begona ot, deb o‘ylab, haydamoqchi bo‘ladi, pishqirib, yer tepinadi. Otdan farqli o‘laroq, daryo suvi hammaga yetishini Sen yaxshi bilasan-ku…”
- “Mening boshimdagi mushkul savdolarga ongsiz otning nima aloqasi bor?!”
- “Eh, do‘stim, Yaratganning ne’matlari hammaga yetishini anglamagan o‘sha ongsiz ot aslida – sensan! Suv oldida yer tepinayotgan otga o‘xshab, tasavvuringdagi raqobatchini qo‘rqitishga, haydashga urinyapsan. Pul va boylik hammaga yetadi. Bor, ishingni halol va vijdonan bajaraver. Topgan-tutganing va rizqing Allohning senga inoyati. Uni hech kim o‘zgartira olmaydi. Raqobatchilaring – suvdagi aksing kabidir”.
Bir obidga: “Bir burda non bir dinor ekan” deyildi. Shunda u kishi: “Allohga qasamki, men bunga parvo qilmayman. Agar bug‘doyning bir donasi bir dinor bo‘lsa ham men Robbim buyurganidek ibodat qilaveraman, U esa O‘zi va’da qilganidek rizqimni yetkazaveradi” deb javob bergan ekan.
Xulosa: «Sen uchun» deb yozilgan narsa zaif bo‘lishingga qaramay senga keladi. «Sen uchun emas» deb yozilgan narsaga kuchli bo‘lishingga qaramay yeta olmaysan. Na chumoli zaif bo‘lgani uchun och qoladi va na sher panjasi quvvatining zo‘rligi bilan doim qorin to‘ydira oladi.
Hammaning o‘z rizqi bor.
Rizqingni oshig‘u kam qilib bo‘lmas,
Oz-ko‘p deb ko‘ngilga g‘am qilib bo‘lmas.
Bu ishlar sen-mening qo‘limizdagi
Mum emas-da, ezib xam qilib bo‘lmas.
Umar Xayyom
B.Xaydarovning "Insonnoma" kitobidan
Men ish stolimga o‘tirib, o‘yga tolib qoldim. Ko‘zlarim birdan qog‘ozlar ustidan turgan qandaydir kichik bir narsani ko‘rib qoldi, u kunjut donasiday kichik edi. O‘zimcha: "Farrosh stolni yaxshi tozalamagan ko‘rinadi", deb o‘yladim. Barmoqlarimni uzatib, uni chetga surib tashlashga urindim. Ammo o‘sha "kunjut donasi" qo‘limdan qochib, havoda uchib ketdi. Shunda tushundimki, bu kichkina kapalak ekan. Ehtimol, u uxlayotgan yoki horg‘in holda dam olayotgan bo‘lgan, mening qo‘lim yaqinlashganini his qilganida uchib ketdi. Qizig‘i, men uning qanotlarini ham ko‘ra olmadim. Uning qanotlari shu qadar nozik ediki, go‘yo ko‘zga ko‘rinmas edi! Hatto uning boshi qayerda, dum qismi qayerda – buni ham ajratish qiyin. Unda hayot uchun zarur bo‘lgan barcha tizimlar mavjud, ammo inson ko‘zi ularni ko‘ra olmaydi.
O‘zimcha o‘yladim: "Ammo uning Yaratuvchisi uni ko‘radi, oziqlantiradi, suv berib yashash uchun kerak bo‘lgan barcha narsa bilan ta’minlaydi!".
Shundan so‘ng fikrlarim uzoqqa ketdi. Shu kichkina kapalaklarni yaratib, havoda parvoz qildirgan Zot osmon ishlarini ham bir zum bo‘lsa-da nazoratsiz qoldirmaydi. U uchish qobiliyatini faqat kapalaklarga emas, balki katta sayyoralarga ham o‘z orbitalari atrofida aylanish qobiliyatini ato etgan. Sayyoralar o‘z yo‘lidan og‘ishmaydi ham, chalkashmaydi ham. Alloh taoloning bir ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, Uni boshqa ishdan chalg‘itmaydi.
Alloh taolo aytadi: "U (bir vaqtning o‘zida) yerga kirib boradigan va u yerdan chiqib keladigan, osmondan tushadigan va unga chiqib ketadigan narsalarni biladi. U rahimli va mag‘firatli Zotdir" (Saba surasi, 2-oyat).
O‘zimga savol berdim: "Nega men bu kichik kapalak haqida buncha o‘yladim?".
Bilganimizdek, SPID virusi (OIV) kapalakdan yetmish ming marta kichik bo‘lsa-da, gunohkorlarning taniga kirib, ularni quvvatsizlantiradi, shifokorlarni ojiz qoldiradi va ilmni ham lol qoldiradi.
Biz insonlar uchun Allohning yaratish hikmatini kuzatib, Uning sifatlarini bilib olish juda zarur. Biz oldimizdagi, ortimizdagi, ustimizdagi va ostimizdagi barcha narsalarning yaratilish sirlarini o‘rganishga muhtojmiz. Agar biz bir-birimiz bilan Allohning yaratish qudrati va uning asarlari haqida suhbatlar qursak, mana shu majlislar farishtalar izlaydigan zikr majlislari bo‘ladi. Bunday majlislarga farishtalar quvonch bilan ishtirok etishadi.
Hadisi qudsiyda bunday deyiladi:
"Allohning shunday farishtalari borki, ular yer yuzini kezib, zikr ahlini qidirishadi. Agar Allohni zikr qilayotgan bir qavmni ko‘rsalar, bir-biriga: "Kelinglar, sizlar qidirganlar bu yerda!" – deb aytadilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Farishtalar ularni o‘z qanotlari bilan osmongacha o‘rab oladilar".
Alloh taolo farishtalardan so‘raydi (holbuki U hammasini yaxshi biladi):
– "Bandalarim nima deyishmoqda?"
Farishtalar:
– "Senga tasbeh aytishmoqda, Seni ulug‘lashmoqda, Senga hamd aytishmoqda va Seni buyuk deb bilmoqdalar", – deb javob berishadi.
Alloh taolo so‘raydi:
– "Meni ko‘rganmilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Yo‘q, ular Seni ko‘rgan emaslar".
Alloh taolo aytdi:
– "Agar meni ko‘rsalar, nima qiladilar?"
Farishtalar aytishadi:
– "Agar Seni ko‘rsalar, ular yanada kuchliroq ibodat qilishar, Seni yanada ko‘proq ulug‘lashar, yanada ko‘proq hamd aytishar va yanada ko‘proq tasbeh aytishar edi"...
Allohni yaqindan tanish uchun tafakkur qilish ibodatlarning eng a’losi va asosiy ko‘rinishidir. Qur’onda bunday deyiladi: "(Ular) Allohni tik turgan, o‘tirgan va yonboshlagan hollarida ham zikr qilishadi va osmonlaru yerning yaratilishi haqida tafakkur qilishadi: "Ey Parvardigorimiz, Sen bu (osmonlaru yerni) behuda yaratgan emassan. Seni (bunday nuqsonlardan) pok deb bildik. Bizlarni do‘zax azobidan saqla", deb duo qilishadi (Oli Imron surasi, 191-oyat).
Zikr – bu ong va aqlning jiddiy vazifasi, u kishini yerdan osmonga ko‘taradi. Hozirgi zamon kishilari ikki toifaga bo‘linadi: bir toifasi Allohni tan olmaydigan ateistlardir, ular bir kuni Alloh bilan ro‘baro‘ bo‘lishlariga ham ishonmaydilar. Ikkinchi toifasi esa, Allohni zikr qilishni bilmaydigan va buni o‘zgalarga o‘rgata olmaydigan musulmonlardir. Ular Allohni taniydilar, ammo bu tanish faqat yuzaki bo‘lib, ularning na qalblarini poklaydi va na tarbiyalarini to‘g‘rilaydi.
Shayx Muhammad G‘azzoliyning "Achchiq haqiqat" kitobidan
Homidjon domla ISHMATBЕKOV tarjimasi