Ey odam farzandi, agar dunyo axtarib yetti qat yerning qa’riga kirsang ham o‘zim taqsim qilib qo‘ygan rizqdan zarracha ham miqdorda ziyoda qilmasman.
Hadisi qudsiy.
Bir savdogar donishmand huzuriga kelib, o‘zining og‘ir ahvolidan shikoyat qildi: “Shaharda menga raqobatchi paydo bo‘ldi. Mollari xilma-xil, narxi arzon. Mijozlarim meni tark etishyapti. Bu ahvolda kasodga uchrashim mumkin. Ey donishmand, maslahat ber...” Donishmand g‘amgin savdogarga diqqat bilan boqib, so‘radi:
- “Otni sug‘organi daryoga olib borsang, u suv ichishdan avval yer tepinib pishqiradi. Buning sababini bilasanmi?”
Savdogarning jahli chiqib, donishmandga dedi: “Huzuringga oqilona maslahat so‘rab kelsam, sen menga allaqanday bema’ni savol beryapsan!” “Hozir buni o‘zing tushunib olasan, – dedi donishmand. – Ot daryoga engashganida, suvda o‘zining aksini ko‘radi. Uni raqib – begona ot, deb o‘ylab, haydamoqchi bo‘ladi, pishqirib, yer tepinadi. Otdan farqli o‘laroq, daryo suvi hammaga yetishini Sen yaxshi bilasan-ku…”
- “Mening boshimdagi mushkul savdolarga ongsiz otning nima aloqasi bor?!”
- “Eh, do‘stim, Yaratganning ne’matlari hammaga yetishini anglamagan o‘sha ongsiz ot aslida – sensan! Suv oldida yer tepinayotgan otga o‘xshab, tasavvuringdagi raqobatchini qo‘rqitishga, haydashga urinyapsan. Pul va boylik hammaga yetadi. Bor, ishingni halol va vijdonan bajaraver. Topgan-tutganing va rizqing Allohning senga inoyati. Uni hech kim o‘zgartira olmaydi. Raqobatchilaring – suvdagi aksing kabidir”.
Bir obidga: “Bir burda non bir dinor ekan” deyildi. Shunda u kishi: “Allohga qasamki, men bunga parvo qilmayman. Agar bug‘doyning bir donasi bir dinor bo‘lsa ham men Robbim buyurganidek ibodat qilaveraman, U esa O‘zi va’da qilganidek rizqimni yetkazaveradi” deb javob bergan ekan.
Xulosa: «Sen uchun» deb yozilgan narsa zaif bo‘lishingga qaramay senga keladi. «Sen uchun emas» deb yozilgan narsaga kuchli bo‘lishingga qaramay yeta olmaysan. Na chumoli zaif bo‘lgani uchun och qoladi va na sher panjasi quvvatining zo‘rligi bilan doim qorin to‘ydira oladi.
Hammaning o‘z rizqi bor.
Rizqingni oshig‘u kam qilib bo‘lmas,
Oz-ko‘p deb ko‘ngilga g‘am qilib bo‘lmas.
Bu ishlar sen-mening qo‘limizdagi
Mum emas-da, ezib xam qilib bo‘lmas.
Umar Xayyom
B.Xaydarovning "Insonnoma" kitobidan
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV