Ey odam farzandi, agar dunyo axtarib yetti qat yerning qa’riga kirsang ham o‘zim taqsim qilib qo‘ygan rizqdan zarracha ham miqdorda ziyoda qilmasman.
Hadisi qudsiy.
Bir savdogar donishmand huzuriga kelib, o‘zining og‘ir ahvolidan shikoyat qildi: “Shaharda menga raqobatchi paydo bo‘ldi. Mollari xilma-xil, narxi arzon. Mijozlarim meni tark etishyapti. Bu ahvolda kasodga uchrashim mumkin. Ey donishmand, maslahat ber...” Donishmand g‘amgin savdogarga diqqat bilan boqib, so‘radi:
- “Otni sug‘organi daryoga olib borsang, u suv ichishdan avval yer tepinib pishqiradi. Buning sababini bilasanmi?”
Savdogarning jahli chiqib, donishmandga dedi: “Huzuringga oqilona maslahat so‘rab kelsam, sen menga allaqanday bema’ni savol beryapsan!” “Hozir buni o‘zing tushunib olasan, – dedi donishmand. – Ot daryoga engashganida, suvda o‘zining aksini ko‘radi. Uni raqib – begona ot, deb o‘ylab, haydamoqchi bo‘ladi, pishqirib, yer tepinadi. Otdan farqli o‘laroq, daryo suvi hammaga yetishini Sen yaxshi bilasan-ku…”
- “Mening boshimdagi mushkul savdolarga ongsiz otning nima aloqasi bor?!”
- “Eh, do‘stim, Yaratganning ne’matlari hammaga yetishini anglamagan o‘sha ongsiz ot aslida – sensan! Suv oldida yer tepinayotgan otga o‘xshab, tasavvuringdagi raqobatchini qo‘rqitishga, haydashga urinyapsan. Pul va boylik hammaga yetadi. Bor, ishingni halol va vijdonan bajaraver. Topgan-tutganing va rizqing Allohning senga inoyati. Uni hech kim o‘zgartira olmaydi. Raqobatchilaring – suvdagi aksing kabidir”.
Bir obidga: “Bir burda non bir dinor ekan” deyildi. Shunda u kishi: “Allohga qasamki, men bunga parvo qilmayman. Agar bug‘doyning bir donasi bir dinor bo‘lsa ham men Robbim buyurganidek ibodat qilaveraman, U esa O‘zi va’da qilganidek rizqimni yetkazaveradi” deb javob bergan ekan.
Xulosa: «Sen uchun» deb yozilgan narsa zaif bo‘lishingga qaramay senga keladi. «Sen uchun emas» deb yozilgan narsaga kuchli bo‘lishingga qaramay yeta olmaysan. Na chumoli zaif bo‘lgani uchun och qoladi va na sher panjasi quvvatining zo‘rligi bilan doim qorin to‘ydira oladi.
Hammaning o‘z rizqi bor.
Rizqingni oshig‘u kam qilib bo‘lmas,
Oz-ko‘p deb ko‘ngilga g‘am qilib bo‘lmas.
Bu ishlar sen-mening qo‘limizdagi
Mum emas-da, ezib xam qilib bo‘lmas.
Umar Xayyom
B.Xaydarovning "Insonnoma" kitobidan
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ko‘pchilik musulmonlar Qur’onni faqatgina savob va ajr olish maqsadida o‘qishadi, ayni paytda Qur’onda ko‘plab manfaatlar borligini unutishadi.
Aslida, Qur’onni har gal aniq bir niyat bilan o‘qilsa, Alloh taoloning fazli ila o‘sha niyati amalga oshadi.
Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: "Amallar niyatlarga bog‘liqdir va har kimga niyatiga yarashasi beriladi", deganlar.
Qur’on — hayot dasturi. Niyat olimlarning sarmoyasi. Shunga binoan musulmon kishi Qur’on o‘qiganida quyidagicha niyatlarni qilishi kerak:
1. Men Qur’onni ilm olish va unga amal qilish maqsadida o‘qiyman.
2. Men Qur’onni Allohdan o‘zimga, farzandlarimga va oilamga hidoyat berishi uchun o‘qiyman.
3. Men Qur’onni Allohga munojot qilish uchun o‘qiyman.
4. Men Qur’onni dardlarimga shifo bo‘lishi uchun o‘qiyman.
5. Men Qur’onni jaholat zulmatidan hidoyat nuriga chiqish uchun o‘qiyman.
6. Men Qur’onni qalbimning qattiqligini yo‘qotish, unga xotirjamlik solish va shaytonning vasvasasini ketkazish uchun o‘qiyman.
7. Men Qur’onni hasaddan, nazar nafasdan o‘zimni va oila ahlimni asrash uchun o‘qiyman.
8. Men Qur’onni g‘ofillardan bo‘lib qolmaslik va Allohni mudom zikr qiluvchilar qatorida bo‘lish uchun o‘qiyman.
9. Men Qur’onni iymonim mustahkam bo‘lishi, ishonchim ortishi uchun o‘qiyman.
10. Men Qur’onni Allohning amriga itoat etish uchun o‘qiyman.
11. Men Qur’onni har bir harfi uchun o‘ntadan savob olish uchun o‘qiyman.
12. Men Qur’onni qiyomat kuni Qur’onning shafoatiga noil bo‘lish uchun o‘qiyman.
13. Men Qur’onni jannatda yuqori daraja topish uchun o‘qiyman.
14. Men Qur’onni Allohning huzurida darajam yuksak bo‘lishi uchun o‘qiyman.
15. Men Qur’onni qiyomat kuni ota-onamga toj kiydirish uchun o‘qiyman.
16. Men Qur’onni Allohning xos ahllaridan bo‘lish uchun o‘qiyman.
17. Men Qur’onni do‘zaxdan najot topish uchun o‘qiyman.
18. Men Qur’onni o‘zimga yoki oilamga yetgan sehr-jodu amalidan xalos bo‘lish uchun o‘qiyman.
19. Men Qur’onni Alloh mushkulimni oson, hojatimni ravo qilish uchun o‘qiyman.
20. Men Qur’onni Alloh qarzimga najot berishi uchun o‘qiyman.
21. Men Qur’onni qabrimda menga hamroh bo‘lishi, sirot ko‘prigida nur bo‘lishi uchun o‘qiyman.
22. Men Qur’onni Payg‘ambar alayhissalomning axloqlari bilan xulqlanish uchun o‘qiyman.
23. Men Qur’onni o‘zimni botil ishlardan tiyilib, savobli ishlar bilan mashg‘ul qilish uchun o‘qiyman.
24. Men Qur’onni g‘am-tashvishlardan forig‘ bo‘lish uchun o‘qiyman.
25. Men Qur’onni nafsim va shaytonga qarshi kurashish uchun o‘qiyman.
Qur’on tilovati bu - zikr. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlar: "Alloh taolo shunday degan: "Kim mening zikrim bilan mashg‘ul bo‘lib, mendan hojatlarini so‘ray olmasa, Men unga so‘raganlaridan ham afzalini ato etaman".
Alloh taolo barchamizning qilgan amallarimizni qabul aylasin.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV