Atrofga nazar solsangiz, odamlarning qilayotgan har bir harakati zamirida ma’lum bir insonlarning e’tirofi ya’ni sevgisiga erishish yotadi. Xo‘sh, nima bo‘libdi dersiz. Hech nima. Mana shu hech nima bo‘lmaydigan, o‘tkinchi e’tirof va tuyg‘ular uchun juda ko‘p vaqtimiz va sog‘ligimizni sarflaymiz. Natija esa biz o‘ylagandek bo‘lmaydi.
Ba’zida yuzi nurli, qalbi – o‘zi ta’kidlamasa-da pok bo‘lgan, ko‘pchilik tomonidan e’zozlanadigan insonlarni ko‘rib “Xudo suygan banda ekanda” deb qo‘yamiz. Yana bir toifa odamlar bor. Ularning yurish-turushidan nolib, aksariyat kishilar “Xudo urgan odam u” deydi.
Alloh taolo O‘z Kalomi Qur’oni karimda O‘zi sevgan bandalari hamda yomon ko‘rgan toifalari haqida xabar berib, bir qancha oyat nozil qilgan. Quyida mazkur toifalarning ayrimlarini taqdim etamiz.
Alloh taoloning sevgisiga sazovor bo‘ladigan toifalar:
“Ayting (ey Muhammad!): Agar Allohni sevsangiz, menga ergashingiz. Shunda Alloh sizlarni sevadi va gunohlaringizni mag‘firat etadi. Alloh kechiruvchi va rahmlidir”. (Oli Imron, 31)
“Albatta, Alloh ezgulik qiluvchilarni sevadi”. (Moida, 13)
“Albatta, Alloh odillarni sevadi”. (Moida,42)
“Imon keltirganlarning Allohga bo‘lgan sevgilari esa (ularnikidan) kuchliroqdir”. (Baqara, 165)
“Albatta, Alloh (shungacha bilmay yo‘l qo‘ygan xatolaridan) chin tavba qiluvchilarni va obdon poklanib yuruvchilarni sevadi”. (Baqara, 222)
“Aslida esa, kim (Alloh) ahdiga vafo qilsa va taqvoli bo‘lsa, albatta, Alloh (bu kabi) taqvodorlarni sevadi”. (Oli Imron, 76)
Alloh taolo sevmaydigan toifalar:
“Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”. (An’om,141)
“Albatta, Alloh kibrli va maqtanchoq kishilarni sevmaydi”. (Niso, 36)
“Allohga ham, oxirat kuniga ham imon keltirmaydiganlarni (Alloh sevmaydi)”. (Niso, 38)
“Albatta, Alloh xiyonatchi va jinoyatchi bo‘lgan kimsani sevmaydi”. (Niso,107)
“Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi”. (Niso, 141)
Mazkur oyatlarda Alloh taolo qaysi toifa odamlarni sevishi-yu, qaysi toifani sevmaligini ochiq-oydin ta’kidlamoqda. Bizlarga berilgan imkoniyat esa qaysi toifada bo‘lishni tanlash. Har birimizning qilayotgan niyat va amallarimiz yo Allohning g‘azabiga, yoki sevgisiga musharraf etadi.
Barchamizga Alloh taolo, O‘zi sevgan bandalari qatorida bo‘lishlikni nasib etsin!
Saidabror Umarov
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.