Go‘shti halol bo‘lishi uchun jonivor shari’atga muvofiq so‘yilishi lozim.
(Shar’atga muvofiq) So‘yilmagan jonliq haromdir.[1] Alloh taoloning quyidagi so‘ziga binoan:
حُرِّمَتْ عَلَيْكُمُ الْمَيْتَةُ وَالدَّمُ وَلَحْمُ الْخِنْزِيرِ وَمَا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللَّهِ بِهِ وَالْمُنْخَنِقَةُ وَالْمَوْقُوذَةُ وَالْمُتَرَدِّيَةُ وَالنَّطِيحَةُ وَمَا أَكَلَ السَّبُعُ إِلَّا مَا ذَكَّيْتُمْ وَمَا ذُبِحَ عَلَى النُّصُبِ وَأَنْ تَسْتَقْسِمُوا بِالْأَزْلَامِ ذَلِكُمْ فِسْقٌ
O‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan o‘zganing nomi aytib so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzishdan o‘lgan va yirtqich hayvon (qisman) yegan (hayvonlar) sizlarga harom qilindi, illo (shar’an) so‘yganingiz (haloldir)*. Yana, but-sanamlarga atab so‘yilgan hayvonlar (go‘shti) va fol cho‘plaridan qismatingizni istashingiz (ham harom qilindi). Bu ishingiz fosiqlikdir.[2]
*Ya’ni oxirgi besh holatdagi hayvonlarning joni chiqmay turib, tipirchilab turgan paytida topib, “bismilloh”ni aytib so‘yishga ulgursangiz ularning go‘shti halol hisoblanadi (Md.).
Halqumi va bo‘yni o‘rtasidan so‘yilishi lozim.[3] Demak go‘shti halol bo‘lishi uchun qassob musulmon bo‘ladimi yoki ahli kitobmi chorva hayvonini shariatga muvofiq holda, ya’ni halqumi va bo‘yni o‘rtasidan so‘yishi lozim. Yuqorida o‘tgan oyati karimaga binoan bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, boshqa hayvon suzib o‘ldirgan va yirtqich hayvonlar ba’zisini yeb ketgan hayvonlar harom hisoblanadi. Ulamolarimiz elektor toki yordamida yoki boshqa vositalar bilan o‘ldirilgan hayvonlarning ham hukmi yuqoridagilar bilan bir hil deydilar. Faqatgina bu hayvonlarni harom o‘lib qolmasdan avval so‘yishga ulgirilsa go‘shti halol bo‘ladi. Ya’ni so‘yilayotgan boshqa hayvonlar kabi tipirchilasa va ularda hayot alomati bo‘lib, tasmiya aytib so‘yilsagina halol bo‘ladi. Agar aksincha bo‘lsa, ya’ni so‘yilayotganda hayot alomati bo‘lmasa go‘shti o‘limtik go‘shti bilan bir xil hukmda bo‘ladi.
Bundan tashqari go‘sht halol bo‘lishi uchun so‘yayotgan qassobning ham shartlari bor. Qassobning sharti:
Musulmon yoki ahli kitob (yahudiy yo nasroniy) bo‘lishi shart. Garchi ayol, jinni, aqli bor yosh bola, xatna qilinmagan kishi, yoki saqov bo‘lsa ham.[4] Demak qassob musulmon bo‘lishi lozim. Bunga dalil Alloh Taoloning: إِلَّا مَا ذَكَّيْتُمْ. illo (shar’an) so‘yganingiz (haloldir). (Moida surasi 3-oyat) Oyatdagi so‘yganinggiz kalimasidan murod musulmonlar so‘ygan degani. Yoki ahli kitobning ham so‘ygani musulmonga halol Alloh Taoloning: وَطَعَامُ الَّذِينَ أُوتُوا الْكِتَابَ حِلٌّ لَكُمْ Ahli Kitoblarning taomi sizlar uchun halol. (Moida surasi 5-oyat) Oyatdagi taomdan murod so‘ygan narsalari. Chunki boshqa taomlarlarning halolligi millatga bog‘liq emas[5]. So‘ygan narsasi halol bo‘lishi uchun qassob musulmon yoki ahli kitob bo‘lishi lozim. Ahli kitob bo‘lmagan g‘ayri dinlarni so‘ygani halol emas.
Kitobsiz ham, murtad ham bo‘lmasligi lozim[6]. Ya’ni ahli kitobdan boshqa, Majusiy yoki butparast bo‘lmasligi lozim. Imom Abdurrazzoq va ibn Abu Shayba hazrati Aliy roziyollohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam majusiylar haqida: “Ulardan kim musulmon bo‘lsa, Islomi qabul qilinadi. Musulmon bo‘lmaganiga jizya solinadi, faqat ayollari nikohlanmaydi va so‘yganlari yeyilmaydi” deganlar. Tavhidda emasligida butparastlar ham majusiylar bilan bir xil. Shuningdek murdadning hukmi ular bilan bir. Chunki uning dini yo‘q.
Bundan tashqari qassob musulmon bo‘ladimi yoki ahli kitobmi, Tasmiyani (Allohning ismini zikr qilishni) qasddan tark qilmagan bo‘lishi lozim.[7] Imom Shofi’iiy rahmatullohi alayhning mazhablarida esa tasmiyani tark qilganning so‘yganini yeyish halol, chunki tasmiya imom Shofi’iyning mazhablarida sunnat hisoblanadi. Dalillari: Imom Duruqutniy Marvon ibn Solimdan, u Avzoiydan, u Yahyo ibn Abu Kasirdan, U Abu Salamadan, u Abu Hurayra roziyollohu anhudan rivoyat qiladi: Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan, so‘yayotib Allohning ismini zikr qilishni unutgan kishi haqida so‘radi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Allohning ismi har bir musulmondadir”, boshqa lafzda “Allohning ismi har bir musulmonning og‘zidadir”. Dedilar. Bizning mazhabimiz olimlari bu hadisni zaif deyishadi. Chunki hadis roviylaridan bo‘lgan Marvon ibn Solimni imom Duruqutniy, ibn Qatton, ibn Adiy, imom Ahmad va imom Nasaiylar zaif deganlar. Boshqa dalillari imom Abu Dovud Marosillarida Abdulloh ibn Dovuddan, u Savr ibn Yaziddan, u as-Soltdan rivoyat qiladi: Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Allohning ismini zikr qilsa ham, zikr qilmasa ham Musulmonning so‘ygani haloldir” dedilar. Ibn Qatton: “Bu hadisda mursallik bor. Chunki as-Solt Sadusiyning holati ma’lum emas. U bundan boshqa hadis bilan tanilmagan va undan Savr ibn Yaziddan boshqa hech kim hadis rivoyat qilmagan[8]”. degan.
Qolgan uch mazhab, Molikiylar, Hanbaliylar va Hanafiylar, agar qassob tasmiyani esidan chiqarib aytmasa, so‘ygani halol bo‘ladi, ammo qasddan tark qilsa halol bo‘lmaydi deydilar.
Bunga dalil Alloh taoloning so‘zi:
وَلَا تَأْكُلُوا مِمَّا لَمْ يُذْكَرِ اسْمُ اللَّهِ عَلَيْهِ وَإِنَّهُ لَفِسْقٌ وَإِنَّ الشَّيَاطِينَ لَيُوحُونَ إِلَى أَوْلِيَائِهِمْ لِيُجَادِلُوكُمْ وَإِنْ أَطَعْتُمُوهُمْ إِنَّكُمْ لَمُشْرِكُونَ
Allohning nomi aytilmagan narsalardan yemangiz! Zero, u fosiqlikdir. Shaytonlar esa, o‘z do‘stlari (mushriklar)ni sizlar bilan bahslashishlari uchun vasvasa qilurlar*. Agar ularga itoat qilsangiz, albatta, sizlar (ham) mushriklarsiz.[9] (An’om surasi121 oyat)
* Ikrima (rz.)ning aytishicha, o‘limtikning haromligi to‘g‘risidagi oyat nozil bo‘lganda fors majusiylari Quraysh mushriklariga xat yozib, unda: “Muhammadning oldiga borib, sen o‘ldirgan hayvon go‘shti halolu, Alloh o‘ldirgan hayvon go‘shti harommi, deb bahslashingiz”, – deb tayinlaydilar. Shundan keyin Alloh taolo ushbu oyatni nozil qilib, u orqali ularni shaytonlarga, takliflarini esa shaytonning vasvasasiga o‘xshatib musulmonlarni ogohlantiradi (Xz.).
Ya’ni unga Allohning ismi zikr qilinmagan narsa harom bo‘ladi chunki oyatdagi fosiqlik, toatdan chiqish. Va albatta oyatda Allohni ismi zikr qilinmagan narsani yeyishdan mutloq qaytarilishi haromlikni taqozo qiladi. Bundan tashqari kutubu sitta sohiblari Adiy ibn Hotamdan rivoyat qilishadi: Men: “Ey Allohning Rosuli, albatta men itimni ov uchun qo‘yib yuboraman va u bilan boshqa itni ham topaman. Qaysisi ovni tutganini bilmay qolaman” dedim. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan: “Uni yemagin, albatta sen o‘zingni itingga tasmiya aytgansan, boshqa itga tasmiya aytmagansan” dedilar. Bu hadisni bizga dalil bo‘lishi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam tasmiyani qasddan tark qilinishini haromlikga sabab qilib keltirdilar[10].
Agar tasmiyani esidan chiqarib tark qilsa so‘ygani halol bo‘ladi.[11] Ya’ni qassob tasmiyani qasddan emas, baki esidan chiqargani uchun tark qilsa so‘ygani halol bo‘ladi. Chunki unutgani uchun tasmiya aytmagan odamni so‘yganini harom qilishlikda juda ham katta mashaqqat bor. Sababi inson unutishdan juda oz holatdagina xoliy bo‘la oladi. Agar bu e’tiborga olinsa, tanglik bo‘lib qoladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam jonliqqa tasmiya aytishni unitgan kishi haqida so‘ralganlarida: “Allohning ismi har bir musulmonning tilidadir” deb javob berganlar. Chunki esidan chiqargan kishi hadisga binoan unutgan narsasiga xitob qilinmagandir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning quyidagi so‘zlariga ko‘ra gunoh undan ko‘tarilgan: Bu ummatdan uchta holatda gunoh ko‘tarildi: xato qilganda, esdan chiqarganda va majburlanganda (Ibn Adiy al-kamil kitoblarida rivoyat qilgan). Shunday ekan u so‘yayotgan paytida zimmasidagi farzni tark qilmagan hisoblanadi. Ammo qasddan tasmiyani tark qilgan unday emas, uning so‘ygani halol bo‘lmaydi.[12]
Shayxontohur tumani “Islom nuri” jome masjidi imom xatibi,
Toshkent Islom instituti o‘qituvchisi A. Sobirov.
[1] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 54-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[2] Moida surasi 3-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[3] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 54-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[4] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 59-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[5] Imom Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud Nasafiy. Madoriku-tanzil va haqoiqut-ta’vil (Tafsirun-nasafiy). Moida surasi 5-oyat 273-bet. Bayrut. Darul ma’rifa.
[6] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 59-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[7] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 60-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[8] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 61-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[9] An’om surasi 121-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[10] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 61-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[11] Imom, faqih, muhaddis Nuriddin Abul Hasan Ali ibn Sulton al Hiroviy Al Qoriy. Fathu babil-i’naya. 3- juz, Kitabu-zaboih 61-bet. Bayrut. Darul Arqam ibn Abul Arqam.
[12] Imom Abdullloh ibn Mahmud ibn Mavdud al-Mavsoliy al-Hanafiy. Al-ixtiyor lita’lilil-muxtor. 5- juz, Kitabu-zaboih 11-bet. Bayrut. Darul kutubul i’lmiyya 1998y.
Ikkita bir-biriga o‘xshash oyat, lekin Alloh taolo ularni ikki xil xulosa bilan yakunlagan:
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَتَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ الْإِنسَانَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ (34)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, inson zulmkor va noshukrdir" (Ibrohim surasi, 34-oyat).
وَإِن تَعُدُّوا نِعْمَةَ اللَّهِ لَا تُحْصُوهَا إِنَّ اللَّهَ لَغَفُورٌ رَّحِيمٌ (18)
"Va agar Allohning ne’matlarini sanashga urinsangiz, ularni sanab tugata olmaysiz. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatlidir" (Nahl surasi, 18-oyat).
Birinchi oyatda: Insonning Allohga munosabati bilan tugatilgan!
Ikkinchi oyatda: Allohning bandaga munosabati bilan tugatilgan!
Alloh taolo naqadar buyuk Zot! Inson esa naqadar ojiz va nodon mavjudot.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV