Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning barchaga rahmatliklarini ifoda etgan mana bu voqeaga e’tibor beraylik.
Munofiqlarning raisi Abdulloh ibn Ubay ibn Salul o‘lganda, u zot uning janozasiga bormoqchi bo‘lganlar.
Shunda hazrati Umar roziyallohu anhu kelib, «Munofiqlarning raisiga janoza o‘qiysizmi, ey Rasululloh?» deb, yo‘llarini to‘sganlarida, sevikli Habibimiz sollallohu alayhi vasallam: «Menga (Qur’onda munofiqlar haqiga istig‘for aytish-aytmaslik borasida) ixtiyor berildi. Men istig‘for aytishni tanladim. Agar ular uchun yetmish martadan ko‘proq istig‘for aytsam-u, Alloh ularni kechirishini bilganimda, ko‘proq aytgan bo‘lardim. Shuning uchun yo‘limni bo‘shatib qo‘y, ey Umar!» deganlar.
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV