Bugun, 3 yanvar kuni Turkiyaning O‘zbekistondagi elchisi Ahmed Bashar Shen O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tashrif buyurdi. Mehmon muftiy Usmonxon Alimov hazratlari bilan muloqot o‘tkazdi.
Muftiy hazratlari Ahmed Basharning elchilik davrida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar yanada mustahkamlangani, bunda elchining sa’y-harakatlari katta bo‘lgani, 2017 yil oktyabr oyida O‘zbekiston Prezidenti Turkiyaga, 2018 yil aprel oyida Turkiya Prezidenti O‘zbekistonga rasmiy safarlari, shuningdek, Turkiya diyonat ishlari vaziri Ali Erbosh hazratlarining yurtimizga tashrifi davomida juda katta natijalarga erishilganini alohida qayd etdilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Vaqf” xayriya jamoat fondi faoliyatini Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlagani katta mamnunlik baxsh etganini izhor qildilar. Ahmed Basharni O‘zbekistondagi elchilik faoliyati muvaffaqiyatli nihoyalangani bilan qutlab, keyingi faoliyatlarida muftiy hazratlari ulkan yutuqlar tiladilar.
Elchi Ahmed Bashar janoblari O‘zbekistonda qisqa vaqt ichida (ikki yil) juda ko‘p do‘stlar orttirgani, mana shunday do‘stlarning yordami ila juda katta muvaffaqiyatlarga erishganini bildirdi. O‘tgan ikki yil ichida O‘zbekiston va Turkiya davlatlarining hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilgani, ko‘p tomonlama aloqalar rivoj topgani, ayniqsa, diniy sohada ko‘p yutuqlar qo‘lga kiritilgani, xususan, Turkiya diyonat ishlari vaziri Ali Erbosh janoblarining ikki marta O‘zbekistonga tashriflari tashkil etilganini alohida ta’kidladi. Ahmed Bashar o‘zining ota yurtidan ketayotgani, lekin bu zamin uning yuragida butun umr qolishini bildirdi.
Uchrashuv do‘stona va samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 8 yanvar kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan masjidlar holati, imom-xatiblar faoliyati, haj-umra, oilaviy masalalar va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi. Masjid va imomlar faoliyatiga oid murojaatlarni ko‘rib chiqish uchun Idora bo‘limlariga tegishli vazifalar yuklandi.
Mana shunday samimiy qabul va g‘amxo‘rlikdan mamnun bo‘lgan fuqarolar ko‘rsatilgan e’tibordan ko‘ngillari shod bo‘lishib, xayrli duolar qilishdi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati