Quyida keltiriladigan fikrlar, hikmatlar ijtimoiy tarmoqlardagi turli sahifalardan olib tarjima qilingan. Bundan tashqari sahobai kiromlar, ulug‘ olimlar, Yaqin Sharq, Osiyo, Yevropa va Amerika mutafakkirlarining bir qator fikrlari ham berilgan.
*****
“Bu ishni bajara olmaysan” deganlarida sening emas, o‘zlarining imkoniyatlaridan kelib chiqib gapirayotgan bo‘ladilar.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Juda g‘azablanib turganingda qaror qabul qilma.
Juda xursand bo‘lib turganingda va’da berma.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Qiyin vaziyatlar bo‘ronlarga o‘xshaydi. Bo‘ronlar barglarni to‘kilishiga sabab bo‘lganidek, og‘ir vaziyatlar yuzdagi niqoblarning to‘kilishiga sabab bo‘ladi.
“Tarix muhrlagan so‘zlar”
*****
Agar og‘riqni his qilsang, demak sen tiriksan. Agar boshqalarning og‘riqlarini his qilsang, demak sen insonsan.
“Hikmat durdonalari”
*****
“Dunyo ajoyibot va g‘aroyibotlari”
To‘plab, tarjima qiluvchi Nozimjon Iminjonov
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV