Alloh taolo insonga umr beradi. Inson bu berilgan umrni g‘animat bilib, hayotini xayrli ishlar bilan mazmunli qilishi uchun savob ishlarni amalga oshiradi. Karimov Abdulhakim hoji ota o‘z umrini fidoyilik va xalq xizmatiga bag‘ishlagan, 100 yosh bilan yuzlashgan mana shunday insonlardan biridir. Abdulhakim hoji ota 1919 yil 1 yanvar kuni Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Qushbegi mahallasida tug‘ilgan. U kishi yigirma yoshga kirganda ikkinchi jahon urushiga ketib, 1945 yili g‘alaba nashidasini surib, sog‘-omon qaytib kelganlar.
Abdulhakim hoji otaning ilmga bo‘lgan muhabbatlari sabab, 1948 – 1951 yillar orasida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida ta’lim oladi. Shundan keyin 50 yil yoshlarga ta’lim berish sohasida ishlab, endilikda keksalik gashtini surmoqda.
Abdulhakim hoji ota Karimova Rohatoy hoji ona bilan turmush qurishgan. Mana 73 yildirki, hoji ota va hoji ona tinch va totuv yashab kelmoqda. Bu tabarruk oilaning 7 nafar farzandi bor, 4 nafar o‘g‘il va 3 nafar qiz. Shuningdek, 33 nevara, 89 evara va 5 chevara bor. Bu ahil oila sababchilari bo‘lmish Abdulhakim hoji ota va Rohatoy hoji ona bir guruh faxriylar bilan 2017 yil muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida muborak haj ziyoratini ado etdilar.
Kuni kecha farzandu arjumandlar tomonidan Abdulhakim hoji otaning tabarruk 100 yoshga to‘lganlari munosabati bilan ehson dasturxoni yozildi, hoji ota va hoji onaga sog‘lik-salomatlik tilandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Insonlarning Allohga eng sevimlisi - ularga eng ko‘p foyda keltiruvchisidir”.
Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytdilar: “Haqiqiy inson o‘zgalarga shodlikda ham, qiyinchilikda ham vafo ila mudom yordam berganidir.
Insonlar orasida eng karamlisi – boshqalarning ehtiyojlarini qondirgan kishidir.
Ehson qo‘lini hojatmand kimsadan uzma. Zero, ma’lumdirki, kim insonlarning ehtiyojini qondirishda davom etsa, kunlar uning sharafini qayta-qayta tasdiqlaydi. Allohning senga bergan ushbu fazliga shukr qil. Zero, seni o‘zgalar uchun hojatbaror qildi, seni o‘zgalarga muhtoj etmadi.
Ko‘pchilik odamlar o‘tdilar, ammo ularning fazilatlari halizamon barhayot, yana kimlardir hayot, ammo ular odamlar orasida go‘yoki o‘lik kabi”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV