Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Dekabr, 2024   |   22 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
23 Dekabr, 2024, 22 Jumadul soni, 1446

Qish – mo‘minning bahori (4-maqola): Uzun tunlar fayzi

2.01.2019   3508   3 min.
Qish – mo‘minning bahori (4-maqola): Uzun tunlar fayzi

Uzun tunlar davom etmoqda. Eng uzun tunni forslar “oshiqlar tuni” deb aytadi. Bizda ham bir oshiq hofizning “Tonglar hech otmasaydi” deb aytadigan qo‘shig‘i bor. Ana shunday qilib, tunlarimizni va kunlarimizni ko‘ngilni qitiqlaydigan so‘zlar bilan ta’riflab kunlarni o‘tkazaveramiz, yoshlarga hazillashamiz...

Ammo, azizlar, oramizda shunday oshiqlar borki, ularning ishqiga havas qilamiz, ularga ergashamiz va shoyadki, Rabbimiz bizning ham qalbimizdagi muhabbatimizni ziyoda qilib bizga ham uyquni harom aylasa, deya duolar qilamiz.

Ularning ishqi, hazrat Navoiy ta’riflaganidek, xoslar ishqi. Biz ham ishqimiz shunday bo‘lishini tilab shunga intilamiz.

Bir hisobda, bizning ishqimiz qalamqoshlarga oshiq  bo‘lgan avom ishqidan juda ham oson va saodatli. Chunki kimga oshiq bo‘lishni bizga ustozlarimiz – oshiqu oriflar o‘rgatgan.

Qanday qilib deng.

Buning sababi “Nasoyim ul-muhabbat”da.

”Abdulloh ibn Muborak q.t.s. Ani ulamoning shahanshohi der ermishlar va judu shijoatda zamonining yagonasi ermish. Va tariqat as'hobining muhtashami. Va bu qavmning mashoyixining ko‘pining suhbatig‘a musharraf bo‘lubdur.  Va mashhur tasonifi bor.  

Bir kun ul kelur erdi va Sufyon Savriy va Fuzayl Ayoz q.s. hozir erdilar.

Sufyon dedi: kel ey mashriq ahlida er!

Fuzayl dedi: va mag‘rib ahlida va ikkisining orasida.

Aning tavbasining ibtidosi bu erdiki,  bir kanizak ishqig‘a giriftor bo‘ldi.

Bir qish kecha tong otquncha ma’shuq devori tubida turub erdi va ustiga qor yog‘adur erdi va ul xabarsiz.

Sahar namozin ayturda ul xuftan sog‘indi.

Kunduz bo‘lg‘ondin so‘ngra ul holg‘a voqif bo‘ldi, o‘ziga dediki, ey Muborakning nomuborak o‘g‘li, uyot sanga bu avqotingdinki, agar imom namozda bir surani uzunroq qiroat qilsa,  toriqib,  telbararsen va munungdek kecha nafsing havosig‘a tong otquncha mundoq azob tortarsanki,  suubatidin xabaring yo‘qtur.

Ko‘ngli bu darddin buzuldi va bori ishdin tavba qildi va sulukka mashg‘ul bo‘ldi.

Ishi ul yerga yettiki, Makkadin Madinag‘a degincha mahofasin ashrof eginlarig‘a ko‘tarib elturlar erdi...”

Biz ana shu zotlarning yo‘lini tutib Rabbimizga oshiq bo‘ldik, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni otamizdan, onamizdan, farzandlarimizdan, jonimizdan, har nimamizki bo‘lsa, ularning barchasidan ortiq sevdik.

Boshqa oshiqlar izg‘irinli, yomg‘irli, qorli kechalarda oyog‘idan zax o‘tib, sovuqda tirishib, ma’shuqasini poylab, dildirab tong ottirsa, biz iliqqina suvga rohatlanib tahorat olamizda, issiqqina uyda, yumshoq joynamozning ustida o‘tirib Rabbimiz bilan roz aytishamiz: Qur’oni karim oyatlarini o‘qiymiz, zikr qilamiz, salavotlar aytamiz va munojotlar qilamiz: “Ilohi, dardi holimni har kimga aytsam, rad qilsa, sanga tavajjuh etkaymen va agar sen rad qilsang, netkaymen va kimga ketkaymen? ...Ilohi, yomonlig‘imdin agarchi ko‘p alamim bor, g‘amxorim sen bo‘lsang, ne g‘amim bor” (Navoiy).

Biz ana shunday qilib, Rabbimizga tavakkal qilamiz, umrimizning uzun tunlarini g‘animat bilib, behuda o‘tkazmayotganimizdan ko‘nglimiz taskin topgandek bo‘ladi. 

Ma’shuqasini poylab o‘tirgan bechoraga biror bezori uchrab qolib ishkal chiqarsa, burnini qonatsa, bizning atrofimizni farishtalar  o‘rab olib, biz bilan birga Qur’on o‘qiydi, zikru salavot aytadi. O‘sha vaqtda tanamiz shu qadar yoqimli jimirlab ketadiki, savqi tabiiy ila atrofimizda nihoyatda nafis bir borliq mujassam ekanini, ular ham biz bilan birga bizning gunohlarimizni kechirishini so‘rab duoga qo‘l ochib turganini his qilamiz.

Ana shu – uzun tunlarimiz tarovatidir.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

matbuot xizmati

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"O‘rganadigan ilm" nima degani?

23.12.2024   1274   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.

Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...

Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan