Uzun tunlar davom etmoqda. Eng uzun tunni forslar “oshiqlar tuni” deb aytadi. Bizda ham bir oshiq hofizning “Tonglar hech otmasaydi” deb aytadigan qo‘shig‘i bor. Ana shunday qilib, tunlarimizni va kunlarimizni ko‘ngilni qitiqlaydigan so‘zlar bilan ta’riflab kunlarni o‘tkazaveramiz, yoshlarga hazillashamiz...
Ammo, azizlar, oramizda shunday oshiqlar borki, ularning ishqiga havas qilamiz, ularga ergashamiz va shoyadki, Rabbimiz bizning ham qalbimizdagi muhabbatimizni ziyoda qilib bizga ham uyquni harom aylasa, deya duolar qilamiz.
Ularning ishqi, hazrat Navoiy ta’riflaganidek, xoslar ishqi. Biz ham ishqimiz shunday bo‘lishini tilab shunga intilamiz.
Bir hisobda, bizning ishqimiz qalamqoshlarga oshiq bo‘lgan avom ishqidan juda ham oson va saodatli. Chunki kimga oshiq bo‘lishni bizga ustozlarimiz – oshiqu oriflar o‘rgatgan.
Qanday qilib deng.
Buning sababi “Nasoyim ul-muhabbat”da.
”Abdulloh ibn Muborak q.t.s. Ani ulamoning shahanshohi der ermishlar va judu shijoatda zamonining yagonasi ermish. Va tariqat as'hobining muhtashami. Va bu qavmning mashoyixining ko‘pining suhbatig‘a musharraf bo‘lubdur. Va mashhur tasonifi bor.
Bir kun ul kelur erdi va Sufyon Savriy va Fuzayl Ayoz q.s. hozir erdilar.
Sufyon dedi: kel ey mashriq ahlida er!
Fuzayl dedi: va mag‘rib ahlida va ikkisining orasida.
Aning tavbasining ibtidosi bu erdiki, bir kanizak ishqig‘a giriftor bo‘ldi.
Bir qish kecha tong otquncha ma’shuq devori tubida turub erdi va ustiga qor yog‘adur erdi va ul xabarsiz.
Sahar namozin ayturda ul xuftan sog‘indi.
Kunduz bo‘lg‘ondin so‘ngra ul holg‘a voqif bo‘ldi, o‘ziga dediki, ey Muborakning nomuborak o‘g‘li, uyot sanga bu avqotingdinki, agar imom namozda bir surani uzunroq qiroat qilsa, toriqib, telbararsen va munungdek kecha nafsing havosig‘a tong otquncha mundoq azob tortarsanki, suubatidin xabaring yo‘qtur.
Ko‘ngli bu darddin buzuldi va bori ishdin tavba qildi va sulukka mashg‘ul bo‘ldi.
Ishi ul yerga yettiki, Makkadin Madinag‘a degincha mahofasin ashrof eginlarig‘a ko‘tarib elturlar erdi...”
Biz ana shu zotlarning yo‘lini tutib Rabbimizga oshiq bo‘ldik, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni otamizdan, onamizdan, farzandlarimizdan, jonimizdan, har nimamizki bo‘lsa, ularning barchasidan ortiq sevdik.
Boshqa oshiqlar izg‘irinli, yomg‘irli, qorli kechalarda oyog‘idan zax o‘tib, sovuqda tirishib, ma’shuqasini poylab, dildirab tong ottirsa, biz iliqqina suvga rohatlanib tahorat olamizda, issiqqina uyda, yumshoq joynamozning ustida o‘tirib Rabbimiz bilan roz aytishamiz: Qur’oni karim oyatlarini o‘qiymiz, zikr qilamiz, salavotlar aytamiz va munojotlar qilamiz: “Ilohi, dardi holimni har kimga aytsam, rad qilsa, sanga tavajjuh etkaymen va agar sen rad qilsang, netkaymen va kimga ketkaymen? ...Ilohi, yomonlig‘imdin agarchi ko‘p alamim bor, g‘amxorim sen bo‘lsang, ne g‘amim bor” (Navoiy).
Biz ana shunday qilib, Rabbimizga tavakkal qilamiz, umrimizning uzun tunlarini g‘animat bilib, behuda o‘tkazmayotganimizdan ko‘nglimiz taskin topgandek bo‘ladi.
Ma’shuqasini poylab o‘tirgan bechoraga biror bezori uchrab qolib ishkal chiqarsa, burnini qonatsa, bizning atrofimizni farishtalar o‘rab olib, biz bilan birga Qur’on o‘qiydi, zikru salavot aytadi. O‘sha vaqtda tanamiz shu qadar yoqimli jimirlab ketadiki, savqi tabiiy ila atrofimizda nihoyatda nafis bir borliq mujassam ekanini, ular ham biz bilan birga bizning gunohlarimizni kechirishini so‘rab duoga qo‘l ochib turganini his qilamiz.
Ana shu – uzun tunlarimiz tarovatidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi