Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Dekabr, 2024   |   23 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:21
Quyosh
07:47
Peshin
12:28
Asr
15:18
Shom
17:02
Xufton
18:22
Bismillah
24 Dekabr, 2024, 23 Jumadul soni, 1446

Ali Tantoviy rahimahullohning fikrlari

1.01.2019   3676   1 min.
Ali Tantoviy rahimahullohning fikrlari

Albatta, sen Ramazon oyida Masjidul Haromda 50 ming namozxonlarning qo‘llarida Qur’on ushlab, uni o‘qib o‘tirganlarini ko‘rasan. Lekin ulardan 50 kishining o‘zi o‘qiyotgan oyatlarini tushunishini yoki ular haqida tafakkur qilib ko‘rishini topmaysan.

 

*****

Agar bitta tovuq atrofiga ikkita xo‘roz kelib qolsa, ikkisi ham tovuqni himoya qilib, sherigidan rashk qilib bir-biri bilan urushadi.

Iskandariya shahrining dengiz qirg‘oqlarida va Bayrutda musulmon erkaklar o‘zlarining muslima ayollarini begona erkaklardan rashk qilmaydilar. 

*****

Erkakning ayolning iffatiga bo‘lgan hamlasi bo‘rining qo‘yga bo‘lgan hamlasidan va qo‘yning o‘lishidan yuz marotaba og‘irroqdir. 

 

*****

Chekinishdan, mag‘lubiyatdan olinadigan ibrat g‘alabadan olinadigan ibratdan kattaroq bo‘ladi.

*****

Lazzatli narsalarning barchasini totib, tajriba qilib ko‘rdim. Kitob bilan xoli qolishdan-da yoqimliroq narsani ko‘rmadim.

 

*****

Shaharlar, mamlakatlar ham odamlarga o‘xshaydi. Tug‘iladi, o‘ladi, yosh bo‘ladi, keksayadi, aziz bo‘ladi, xor bo‘ladi.

*****

 أَفَلَا يَتَدَبَّرُونَ الْقُرْآنَ أَمْ عَلَى قُلُوبٍ أَقْفَالُهَا

“Qur’onni tadabbur ila o‘ylab ko‘rmaslarmi? Yoki qalblarida qulf bormi?” (Har bir oyatni, har bir so‘zni chuqur tushunishga harakat qilish Qur’onni tadabbur qilishdir. O‘shanda parda ko‘tariladi, hamma narsa ravshanlashadi, qalb halovot topadi, vijdon musaffo bo‘ladi. “Qalblarida qulf” bo‘lsa, unda hamma narsa berk, ularga hech narsa, jumladan, Qur’on nuri ham kirmaydi.) (Muhammad surasi, 24-oyat).

Qur’onda aytilayotgan gaplarni tushunishimiz uchun bu qulflarni qachon sindiramiz?!

*****

Kim men(ing yozganlarim)dan biror narsa o‘qisa yoki men(ing yozganlarim)dan biror narsa eshitsa, undan menga bo‘ladigan mukofot haqqimga duo qilishidir.

 

 

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar

"O‘rganadigan ilm" nima degani?

23.12.2024   2093   4 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

Faqihlar fiqhga shunday ta’rif berishadi: «Fiqh mukallaflarning amallarini halol va haromlik, fasod va sahihlik jihatidan o‘rganadigan ilmdir». Bu ta’rifni ham kengroq tahlil qilib ko‘raylik. «O‘rganadigan ilm» nima degani? Hozirgina «Ilm bir narsaning voqelikka muvofiq kelishidir», dedik.

Fiqhning mavzusiga bir misol keltiraylik. Masalan, men mukallafman. Xotinimga «Sen taloqsan», dedim. Buning hukmi nima bo‘lishini fiqh o‘rganadi. Demak, fiqh men kabi mukallaflarning mana shu kabi holatlarini o‘rganadi. Masalan, men sherikchilik aqdini tuzishim mumkin, biron narsani sotishim, ijaraga olishim mumkin. Fiqh ana shunday holatlarni, men qilgan ishning halol yoki harom, sahih yoki fasodligini o‘rganadi. Demak, fiqhning mavzusi mukallaflar qiladigan amallarning holatini o‘rganishdir.

Faqihlarning fiqhga bergan ta’riflarida «dalil» degan so‘z bormi? Yo‘q. Ular faqat mukallaflarning amallari haqida gapirishdi, hukmlarning mukallaflarga nisbatan joriy bo‘lish holatlariga e’tibor qaratishdi. Demak, umumiy qilib aytadigan bo‘lsak, fiqhga ikki xil ta’rif berildi. Biri usuliy ulamolarning ta’rifi, ya’ni «Qur’on va Sunnatdan hukmlarni qay tarzda chiqarib olish haqidagi ilm» degan ta’rif. Ikkinchisi fuqaholar bergan ta’rif bo‘lib, unda hosil bo‘lgan hukmlarning mukallaflarga qanday joriy qilinishi asosiy o‘ringa qo‘yildi. Bu hukmlar mutlaq mujtahidlar tarafidan chiqariladi. Hukmni faqat mutlaq mujtahid chiqara oladi. Ana shu mujtahid muayyan bir hukmni Qur’on va Sunnatdan qanday chiqarganini o‘rganish usul ilmining mavzusidir. Chiqarilgan hukmni o‘zimizga va jamiyatga tatbiq qilish esa muftiy va faqihlarning ishidir.

Demak, fiqhga ikki xil qarash mumkin ekan: hukmni chiqarib olish va uni tatbiq qilish. Bizning xatoimiz shuki, hukmni ishlab chiqish bilan uni tatbiq qilish orasidagi farqni tushunmayapmiz. Tushunmaganimiz uchun keraksiz gaplarni gapiryapmiz. Biz yuqorida aytib o‘tgan ikki yo‘nalish – tahallul, ya’ni dinga yengil qarash va tashaddud, ya’ni dinda g‘uluvga ketish yo‘nalishlari yo ikkinchi ta’rifdan bexabar qolishdi, yoki unga e’tiborsiz qarashdi. Ular faqat birinchi ta’rifni, ya’ni hukmni qay tarzda ishlab chiqishni izohlashdi.

Masalan, siz birinchi yil ilm olayotgan bo‘lsangiz, ular sizga: «Sen aytgan hukmni faqat dalil keltirsang, qabul qilamiz», deyishadi. Axir siz hali dalillarni bilmaysiz-ku! Birorta jumlani oyat deb o‘ylashingiz mumkin, lekin aslida u oyat bo‘lmasligi mumkin. Bir hadisni Buxoriyda kelgan, deb aytishingiz mumkin, lekin u Buxoriydan rivoyat qilinmagan, to‘qima hadis bo‘lib chiqishi mumkin, chunki siz hali dalillarni o‘rganmagansiz. Ular mana shu darajadagi odamlardan dalil so‘rashdi, ochiq-oydin dalili bo‘lmagan hukmni esa botilga chiqarishdi. Bunga biroz kengroq yondashish kerak...

Yuqorida aytganimdek, asosiy maqsadim ta’riflarga doir qo‘shimcha ma’lumotlarni aytib o‘tish edi. Keling, shu masalani ko‘raylik. Ana o‘sha yo‘nalish egalari har bir hukmga dalil talab qilishyapti. Avvalo ayting-chi, dalil nima o‘zi? Ular: «Dalil – bu Qur’on va Sunnat», deyishadi. Ularning «Dalil Qur’on va Sunnatdir», deyishi ilmiy ma’noda xatodir, chunki dalilni faqat Qur’on va Sunnatgagina cheklab qo‘ysak, dinni zoye qilib qo‘yamiz, chunki bulardan boshqa dalillar ham bor. Dalil to‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan manbadir. Demak, Qur’on va Sunnat dalillarning asosiy qismidir, lekin dalillarning barchasi emas, chunki ijmo’ ham dalil, qiyos ham dalildir. To‘g‘ri yondashish orqali talab qilingan ma’lumotga yetkazadigan har qanday manba dalil bo‘ladi. Lekin bu gapni ular tushunmaydi. Ular dalilni faqat Qur’on va Sunnat, deb tushunishadi.

«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan