Mana, ertadan 2019 yil ham boshlanadi. Bu degani umrimizning yana bir yili tugab, yangi sahifasi ochilmoqda. Shuning uchun inson barcha o‘tgan umridagi ishlardan xulosa qilib, 2019 yilni ikki dunyo saodati uchun zaxira bo‘ladigan amallar bilan o‘tkazishni maqsad qilishi lozim. Mo‘tabar zotlar: “Kimni ikki kuni bir xil bo‘lsa, u kunini qadriga yetmabdi”, deganlar.
Demak, kishi yangi kunni qadriga yetib, uni o‘tgan kunidan ko‘ra ko‘proq yaxshi amallar bilan o‘tkazishga harakat qilishi lozim. Bajargan ishlari bilan kifoyalanib, harakatdan to‘xtash – oqil kishining ishi emas. Shu nuqtayi nazardan yangi yilga savobli amallar uchun zaxira bo‘ladigan umrning bir qismi, deb e’tibor bilan qarash, yangi rejalar tuzish, yaxshi niyatlar qilish muhim.
Inson qilgan tijoratini yil yakuni bo‘yicha hisob-kitob qilib, foyda yoki zararni mushohada qiladi, foydasiga quvonadi, zarariga qayg‘uradi va yana kelgusi ishi uchun yaxshi niyatda yangi rejalar tuzadi. Inson tijorati uchun shuncha jon kuydirganidek, o‘tgan umri uchun ham jon koyitib, o‘ziga-o‘zi savollar berishi kerak.
Har kuni erta tongdan yaxshi ishlar bajarishni niyat qilyapmizmi? Kech tushgach, qilgan niyatlarimizning qanchasi amalga oshdi, qanchasi oshmadi, o‘ylab ko‘ryapmizmi? Erishgan yutuqlarimiz uchun Alloh taologa hamd aytib, xato-kamchiliklarimizni to‘g‘rilash tadorigini ko‘ryapmizmi?
Shu o‘rinda aytish kerakki, har bir yangi yilning avvalida yangi rejalar tuzish va ezgu niyatlar bildirish dunyo xalqlarining odatiga aylangan. Buni biror diniy bayram emasligi, uni butun jahon umume’tirof etgan bayram ekanini tushunish kerak. Shuningdek, mana shunday xursandchilik damlarida qilingan ishlarni sarhisob etish, erishilgan natijalarga shukrona aytish, orzu-intilishlar qilish ajoyib an’anadir.
Masalan savdoda kasodga uchralsa, pul yo‘qotiladi. Ammo uning o‘rnini to‘ldirsa bo‘ladi, hayot tugadi degani emas. Lekin zoye qilingan vaqtni ortga qaytarib bo‘lmaydi. Nega endi baxt-saodatga erishishimiz garovi bo‘lgan umr ne’matiga shunday e’tibor bermaymiz? Hazrati Umar roziyallohu anhu “Hisob-kitob qilinishingizdan oldin o‘zingizni o‘zingiz hisob-kitob qiling”, deganlar. Shunday ekan, inson xatolari uchun o‘zini tergab, yutuqlari uchun Allohga hamd aytishi va yana yaxshi amallar qilish uchun niyatlar qilishi lozim.
Imom Buxoriy hazratlarining “al-Jome’ as-Sahih” asarlarida keltirilgan sahih hadisda “Barcha amallar niyatlarga bog‘liq, har bir kishiga faqat niyat qilgan narsasi beriladi”, deb marhamat qilingan. Demak, har bir ishning sababi – niyat, samarasi esa amaldir.
Shu uchun ham mo‘ysafidlarimiz duoga qo‘l ochganda Alloh taolodan ezgu niyatlarimizga yetkazishini so‘raydilar. Niyatni to‘g‘ri qilib, maqsadni aniq belgilab olgan inson ana shu niyatiga yetish uchun Allohga tavakkal qilib, doimo harakatda bo‘ladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati