Buyuk olimlardan biri o‘z hayotida sodir bo‘lgan voqe’alardan birini quyidagicha bayon qiladi.
Alloh taoloning irodasi ila bir muddat boshimga musibatlar tushib, nima qilsam ham hech ishimda ildamlanish bo‘lmay, har tomonlama sinovlarga uchrab yurdim.
Kunlarning birida ustozim huzuriga bordim. Ustozim menga qarab: Bolam “Sabr qil har bir ishda chegara bor”, dedilar. Ustozimning ushbu so‘zlari qalbimga va ruhimga umid baxshida etdi. Men ustozim bilan bir qancha daqiqalik suhbat qurdimu lekin, “Sabr qil har bir ishda chegara bor”, degan so‘zlari qalbimga joylashib oldi.
Uyga borib ustozimning ushbu so‘zlarini tafakkur qilib ko‘rdim. So‘ng ushbu xulosaga keldim. Haqiqatda har bir ishda chegara bor ekan. U muammo bo‘lsin, ochlik, bemorlik, faqirlik, g‘am-g‘ussa yoki qarzdorlik bo‘lsin farqi yo‘q barcha-barchasida chegara bor.
Chegara uning aksini namoyon qilar ekan. Misol uchun: muammo bo‘lsa unga yechim topilishi, xafalikka xursandchilik, qiyinchilikka yengillik va musibat o‘rniga yaxshilik.
Demak, menga biror-bir musibat yetsa sabr qilib, uning chegarasini kutib turishim kerak bo‘lar ekan. Zero, tun qanchalik uzun bo‘lmasin uning chegarasi tongdur. Qorong‘ulikdan keyin albatta yorug‘lik bordur. Har qanday mustahkam arqon ham, kuni kelib eskiradi, chiriydi va uziladi, bosh og‘risa bir kun kelib og‘riq albatta to‘xtaydi.
Ey do‘stim! Agar sizga musibat yetsa yoki biror-bir muammoyingiz bo‘lsa, uning vaqti bir necha kun yoki oydur. Sabr qilib, kutib turing va bilinki, muammoni yechimini sabr bilan kutib turishingiz ham ibodatdir. Zero, Alloh taolo musibatni yoki g‘am-g‘ussani abadiy davom etuvchi qilmagan. Balki har bir ishga chegara qo‘ygan.
Nihoyat bahtli bo‘lishni kashf qildim” asaridan. “Shayx Zayniddin” jome’ masjidi imom-xatibi Abduraxmanov Yaxyo tarjimasi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.