O‘tayotgan yilni sarhisob etish, ish faoliyatni tahlil qilish, rejalar tuzib, kelgusi yil uchun mustahkam poydevor tayyorlash yaxshi an’anaga aylangan. Har bir yilning o‘ziga xos nomda atalishi esa davlatimiz taraqqiyotining muhim asosi bo‘lmoqda.
Muhtaram Prezidentimiz rahnamoliklarida Qur’on musobaqalari bilan boshlangan 2018 yil qut-barakali o‘tdi, Alloh taoloning ne’matlari bisyor bo‘ldi. Yurtboshimizning diniy-ma’rifiy sohani takomillashtirish to‘g‘risidagi bir qator farmon va qarorlari asosida:
– Xalqaro islom akademiyasi ta’sis etildi;
– Xalqaro Islom sivilizatsiya markazi tashkil etildi;
– “Vaqf” xayriya jamoat fondi tuzildi;
– Hadis ilmi maktabi nomli oliy diniy ta’lim muassasi ish boshladi;
– masjid-madrasalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bir qator imtiyoz va yengilliklar berildi;
– 13 ta yangi masjid ochildi, 39 tasi yangidan qurildi, 100 ga yaqini kapital ta’mirlandi;
– Haj qiluvchilar soni 7200 dan oshdi, umra safariga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar borishi mumkin bo‘ldi;
– Ramazon oyida 1149 ta masjidda xatmi Qur’on o‘tkazildi;
– “Qur’oni karim va tajvid” hamda “Arab tili” kurslari tashkil etildi, bundan elu xalqimiz juda ham mamnun bo‘ldi.
Diniy sohada amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarni butun dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda. AQSH Davlat departamenti O‘zbekistonda diniy erkinlik yo‘lidagi ishlarni tan oldi. BMT sessiyasida O‘zbekiston tashabbusi bilan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli muhim hujjat qabul qilindi.
Yurtimiz ulamolari xalqaro anjumanlarda munosib ishtirok etdi. Saudiya Arabistoni, Fransiya, Ispaniya, Rossiya, Turkiya va boshqa ko‘plab davlatlar mezbonlik qilgan nufuzli xalqaro tadbirlarda vakillarimiz muvaffaqiyatli qatnashdi.
Islom olami bilan aloqalar mustahkamlanib, musulmon dunyosining eng mo‘tabar ulamolari o‘lkamizga tashrif buyurishdi. Azhari sharif shayxi Ahmad Toyyib, yirik muhaddis Muhammad Avvoma va tariqat peshvosi Zulfiqor Ahmad Naqshbandiy kabi zotlarning tashrifi o‘zgacha fayz baxsh etdi.
2018 yil 28 dekabrdagi Prezidentimiz Murojaatnomasidan kelib chiqsak, 2019 yilni – “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” deb e’lon qilinishi mamlakatimizda tobora kuch-quvvatga to‘lib borayotgan islohotlarning davomi bo‘ladi. Boshqacha aytganda, kelgusi yil jamiyatimiz hayotida investitsiya va ijtimoiy sohadagi rivojlanish yangi bosqichiga ko‘tariladi, insho Alloh.
Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham o‘zining munosib hissasini qo‘shishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Xususan, “Vaqf” xayriya jamoat fondi aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarini qo‘llab-quvvatlash bilan bir qatorda jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish loyihalarini ham hayotga tadbiq etishni o‘z oldiga maqsad qilgan. Sarmoyadorlar bilan ham hamkorlik o‘rnatishni nazarda tutgan.
Yuqorida qayd etilganlar 2018 yildagi keng ko‘lamli ishlarning muxtasar bayoni edi. Alloh taolo mana shunday ne’matlarini yanada bardavom aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.
Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.
Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.
Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.
Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.
Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.
Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni, yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.
Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.
Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.
Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.
Xolmurod MAMAJONOV,
Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi