“(Ular) sabrli, sadoqatli, itoatli, saxovatli va sahar chog‘larida (Allohdan) mag‘firat so‘raydigan kishilar edi” (Oli Imron surasi, 17-oyat).
“(Ular) sabrli...”. Mo‘min banda mashaqqatlarga sabr qiladi. Allohning hukmiga rozi bo‘ladi. Imom Qurtubiy oyatda kelgan sabr haqida: “Gunoh va mas’iyatlardan tiyilishda sabr qilish”, desa, ba’zilar: “Itoatda sabrli bo‘lish” deydi.
“...sadoqatli...”. Sadoqatli kishilar – imonda mustaqim turuvchilar, dinda sobit qadam bo‘luvchilar. Ularning sodiqligi aytayotgan so‘z va bajarayotgan amalida namoyon bo‘ladi.
“...itoatli...”. Doimo Allohga ibodatda bo‘lish, yolg‘iz O‘zigagina iltijo qilish dinning mag‘izi va ruhidir.
“...saxovatli...”. Alloh uchun infoq-ehson qiluvchilar, odamlarga mehr-muruvvat ko‘rsatuvchilar, hadya ulashuvchi saxovatpeshalar.
Alloh taolo sabrli, rostgo‘y, itoatkor, saxovatli bandalarini birma-bir zikr etib, saharda istig‘for aytuvchilarni alohida madh etadi: “...sahar chog‘larida (Allohdan) mag‘firat so‘raydigan kishilar edi”.
Tun qorong‘u kechasining tong yog‘dusining ilk nurlari bilan uyg‘unlashgan lahza sahar vaqtidir. Bu payt duo qabul bo‘ladigan ulug‘ fursatdir. Luqmoni Hakim o‘g‘liga qilgan nasihatlaridan birida: “Ey o‘g‘lim, xo‘roz sendan chaqqonlik qilib, sahar chog‘ida sen uyg‘onmay turib qichqirmasin”, degan ekan (Abul Barokot Nasafiy. Madorikul tanzil va haqoiqul ta’vil).
Yaqub (alayhissalom)ga farzandlari: “Ey, ota, (Allohdan) bizlarning gunohlarimizni mag‘firat qilishini so‘rang! Albatta, bizlar xato qiluvchilardan bo‘lgan ekanmiz” (Yusuf surasi, 97-oyat) deyishganda, Yaqub (alayhissalom): “Albatta, Rabbimdan sizlarni mag‘firat qilishini so‘rayman. Albatta, U G‘afur (mag‘firatli) va Rahim (rahmli)dir” (Yusuf surasi, 98-oyat) deb istig‘for aytishni sahar vaqtiga qoldirganlar (Tafsirul Qurtubiy, Tafsir ibn Kasir).
Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu) kechani ibodat bilan o‘tkazardi. Nofe’ (rahmatullohi alayh)dan sahar vaqti bo‘ldi-mi? deb so‘rardi. Agar ha degan javobni olsa, tonggacha duo va istig‘for bilan mashg‘ul bo‘lardi (Ibn Abu Xotim rivoyati).
Ibn Jarir (rahmatullohi alayh) Ibrohim ibn Hatib (rahimahulloh)dan rivoyat qiladi: «Saharda masjid yaqinida bir mo‘minning istig‘for aytaturib: “Allohim buyurding, itoat etdim. Gunohlarimni kechir” deyayotganini ko‘rdim».
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) “...sahar chog‘larida (Allohdan) mag‘firat so‘raydigan kishilar”ni Allohdan gunohlarini kechirishini so‘rab istig‘for aytuvchilar” deb tavsiflasa, Qatoda (roziyallohu anhu): “Ular sahar vaqtida namoz o‘quvchilar”, degan (Tafsirul Qurtubiy).
Alloh taolo boshqa oyatda jannatdagi taqvodor bandalarining sifatini keltirganida ham saharda istig‘for aytuvchilarni alohida vasf etadi: “(Ular) tunning ozgina (qismidagina) uxlar edilar. Saharlarda ular (Allohdan) mag‘firat so‘rar edilar” (Zoriyot surasi, 17-18 – oyatlar).
Nabiy (alayhissalom) qudsiy hadislarning birida: “Albatta, Alloh taolo har kuni kechaning uchdan biri qolganda dunyo osmoniga tushadi va tong otguncha “Tavba qiluvchi bormi? Tavbasini qabul qilaman, istig‘for aytuvchi bormi? Mag‘firat qilib, gunohini kechaman? So‘rovchi bormi, so‘raganini beraman”, deydi”, deganlar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Jabroil (alayhissalom)dan: “Kechaning duo qilish uchun maqbul va duolar tez ijobat bo‘ladigan eng afzal vaqti qaysi?” deb so‘radilar. Shunda Jabroil (alayhissalom): “Sahar vaqtidan boshqa paytlarda Arshning larzaga kelganini ko‘rmadim”, dedi (Tafsirul Munir).
Sayyidul istig‘for deb nomlangan ushbu duo eng afzal istig‘for kalimlaridan hisoblanadi: “Allohumma anta Robbiy laa ilaha illa anta xolaqtaniy va ana ’abduka va ana ’ala ahdika va va’dika mastato’tu. A’uzu bika min sharri ma sona’tu, abuu laka bi ne’matika alayya va abuu bizambiy fag‘firliy zunubiy fainnahu laa yag‘firuz-zunuba illa anta birohmatika ya Arhamar Rohimiyn” (Allohim! Sen mening Robbimsan. Sendan boshqa iloh yo‘q, faqatgina Sen borsan. Meni Sen yaratding. Shubhasiz, men Sening bandangman. Kuchim yetgani qadar Senga bergan so‘zimda turishga harakat qilyapman. Yo Robbiy, qilayotgan gunohlarimdan Sendan panoh tilayman. Menga lutf etgan ne’matlaringni e’tirof qilaman. Gunohlarimni ham e’tirof etaman. Yo Robbiy! Meni mag‘firat et. Zero, Sendan boshqa meni mag‘firat qiladigan iloh yo‘q).
Bu istig‘for haqida Rasululloh (sollalohu alayhi va sallam): “Har kim ixlos bilan, savob va fazilatiga ishongan holda, bu duoni ertalab o‘qib, oqshomga yetmay vafot etsa, jannatga kiradi. Agar savob va fazilatiga ishongan holda ixlos bilan oqshom o‘qib, tongga yetmay vafot etsa, u ham jannat ahlidandir”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Saharda istig‘for aytish nafaqat gunohlardan forig‘ bo‘lish, balki qut-barakaga ham noil etadi. Chunki Nabiy (alayhissalom): “Saharda turinglar, chunki saharda baraka bordir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Alloh taolo gunohlarimizni mag‘firat etadigan, ustimizga fayzu baraka yog‘iladigan qulay fursat – sahar vaqtini g‘animat bilib, uning fazilatidan to‘liq bahramand bo‘lishga intilaylik. Bunda Alloh taolo barchamizga tavfiq ato etsin.
Davron NURMUHAMMAD
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Faqihlar hukmlarni tatbiq qilishadi. Bu hukmlar esa mujtahidlarning so‘zlaridan olingan bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, bu borada ikkita ilm bor: hukmni chiqarib olish ilmi va uni amalga tatbiq qilish ilmi. Bu birinchi fikr.
Endi boshqa oxirgi fikrga o‘tsak.
Hozirgi kunga kelib, zamonimizdagi ba’zi odamlarda fiqhga shubha bilan qarash paydo bo‘lyapti. Bu ish tahallul yo‘nalishida keng tarqayapti. Ular: «Fiqh dinning tarkibiy qismi emas, dindan ayri narsa», deyishyapti. Ularga qanday javob beramiz? Ularga shunday deymiz: «Din to‘g‘ri e’tiqod, namunali xulq va solih amaldan iborat. Demak, fiqh ham dinning bir qismidir».
Ular: «Abu Hanifaning gapidan chiqish dindan chiqish emas», deyishdi, keyin esa: «Umuman, biror mazhabni ushlash shart emas», deb yuborishdi. Tahallul yo‘nalishi tarafdorlari biror hukm haqida: «Bu Abu Hanifaning so‘zi, Abu Hanifaning fikri», deyishdi. Ularga shunday deymiz: «Bu Abu Hanifaning shaxsiy fikri emas. Bu «Choy ichgim kelyapti», «Qahva ichaman», «Falon taomni yegim kelyapti», deganga o‘xshagan fikr emas. Bu ilmiy fikr. Siz shifokorning huzuriga borib, uning ilmiy fikrini eshitish uchun pul to‘laysiz. Xuddi shuningdek, bu hukmlar ham Abu Hanifaning ilmiy fikridir. Abu Hanifaning ilmga asoslangan fikri esa dindir. Qanday qilib, deysizmi? Alloh taolo: «Bilmasangiz, zikr ahlidan so‘rang», degan. Nabiy sollallohu alayhi vasallam ijtihod qilganlar, sahobalar ham ijtihod qilishgan. Mana shu narsa asta-sekin dinni fahmlashga aylandi. Biz ham dinni fahmlashga buyurilganmiz. Abu Hanifaning so‘zi avvaldan o‘zi paydo bo‘lgan shariatmi? Yo‘q! Uning fikri Alloh va Uning Rasuli iroda qilgan narsani bayon qilib, ochib berishdir. Qanday qilib? Abu Hanifa ilm o‘rgandi, shayxlarning qo‘lida o‘qidi, qoidalar ishlab chiqdi, shu tariqa unda muayyan shartlar shakllandi. Shuning uchun u endi dinni, Allohning irodasini fahmlashga, to‘g‘ri tushunishga qodir bo‘ldi. Endi uning gaplari shaxsiy fikr emas, balki Allohning dinini fahmlashga aylandi. Uning vazifasi Alloh va Uning Rasuli iroda qilgan narsalarni qoidalarga muvofiq bayon qilib berish bo‘lib qoldi, chunki uning so‘zlari shaxsiy fikrga emas, Qur’on va Sunnatga asoslangandir.
Biz tibbiyot, muhandislik va shu kabi boshqa barcha ilmlarga asoslanib, binolar quramiz, bemorlarni davolaymiz. Bularning hammasi ham ilmiy fikrga asoslangan. Mana shu ilmiy fikrlarga qarab jamiyatni quramiz, davolanamiz, hamma ishlarni ilm asosida bajaramiz. Bular ham fikr-ku! Lekin muhandislarning fikrini ularning o‘z shaxsiy fikri desak, binoni ishonch bilan qura olamizmi? Shifokorning tavsiyasini uning shaxsiy fikri desak, qanday qilib davolanamiz? Agar biz mana shu fikrda yuraversak, binolar ham qurilmaydi, muhandislik ham bo‘lmaydi, umuman, har qanday ilm to‘xtab qoladi.
Shuning uchun biz bularni ilmning qoida va asoslari ustiga qurilgan ilmiy fikrlar, deb ataymiz. Boshqa sohalarda mutaxassislarning fikrini e’tiborga olganimiz kabi, shar’iy ilmlarda ham shunday qilamiz. Shar’iy ilmlarning qolgan barcha ilmlarga nisbatan ustunligi bor, chunki ulardagi qoidalar Qur’on va Sunnatdan olingan. Demak, xulosa shu bo‘ldiki, fiqh dinning bir qismi ekan.
«Hanafiy mazhabiga teran nigoh» kitobidan