Dubay shahridagi O'zbekiston Bosh konsulxonasida Amirliklarda faoliyat yurituvchi “SYSTEM HOLIDAYS” LLC sayyohlik shirkati mudiri Ravshan Zakirov bilan uchrashuv bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Uchrashuvdan ko'zlangan asosiy maqsad O'zbekistonda turizm sohasida olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarni targ'ib etish, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Hiva kabi ko'hna shaharlarda sayohatchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, respublikamizning boy madaniy va ma'naviy merosi to'g'risida ma'lumotlar berish, o'zbek xalqining tarixi, madaniyati, urf-odatlari va an'analarini keng targ'ib etish, ommalashtirish va mamlakatimizga xorijlik sayyohlar oqimini ko'paytirish bilan izohlanadi.
Uchrashuv davomida xorijiy sayyohlarga yanada ko'proq qulaylik yaratish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbussi bilan Samarqand viloyatida yiliga 2 million sayyohga xizmat ko'rsatuvchi ko'p tarmoqli «Buyuk ipak yo'li» xalqaro turizm markazi barpo etilgani va uning tarkibidagi «Boqiy shahar» majmuasi, Kongress xoll, 8 ta zamonaviy besh yulduzli mehmonxona, amfiteatr va ko'plab boshqa ob'ektlarga e'tibor qaratildi. Samarqand xalqaro aeroportining qayta ta'mirlanishi va «Ochiq osmon» rejimi yo'lga qo'yilishi natijasida xorijiy davlatlardan sayyohlar oqimini oshirishga imkoniyat yaratilgani aytib o'tildi.
Shu bilan birga, “SYSTEM HOLIDAYS” LLC sayyohlik shirkati mudiri bilan O'zbekistonga sayyohlar oqimini yanada ko'paytirish va ularning talablaridan kelib chiqib, yangi turizm xizmatlarini o'z ichiga olgan maxsus turpaketlar ishlab chiqish bo'yicha fikr almashildi.
Muzokaralar yakunida “SYSTEM HOLIDAYS” sayyohlik shirkati bilan O'zbekistonning tarixiy shaharlariga sayyohlarni jalb etish bo'yicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Hayotda ba’zi yo‘qotishlar bo‘ladi — vaqt o‘tib, o‘rni to‘lib ketadi. Ammo shunday yo‘qotishlar bor-ki, ularning o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydi. Ana shunday bebaho ne’matlardan biri — ulamolardir. Bugun ular bizning oramizda bor, ammo ertaga bo‘lmasligi mumkin. Ular bitta-bitta ketishmoqda. Biz yesa, afsuski, ko‘p hollarda bu haqiqatning anglab yetmayapmiz.
"موت العالم موت العالم"
— ya’ni “Olimning o‘limi – olamning o‘limidir” degan mashhur ibora bor.
Yana shu mazmunda Imom Bayhaqiyning rivoyati keltiriladi:
"موت العالم مصيبة لا تُجبر، وثلمة لا تسد، ونجم طُمِس، موت قبيلة أيسر من موت عالم."
"Olimning o‘limi — tuzatib bo‘lmaydigan musibat, to‘ldirib bo‘lmaydigan bo‘shliq, so‘nib qolgan yulduzdir. Bir qabilaning yo‘q bo‘lishi, bir olimning o‘limidan yengilroqdir."
Chunki olimlarning o‘limi bilan faqat bir inson emas, butun bir jamiyat ruhiy, ilmiy va axloqiy jihatdan zararga uchraydi, ma’nan qulab boradi. Aynan shuning uchun olimning o‘limi “olamning o‘limi”ga tenglashtirilgan.
Zero olimlar — faqat kitob o‘qib, dars beradigan odamlar emas. Ular — yo‘l ko‘rsatuvchi, haqqa chaqiruvchi, haqiqatni mudofaa qiluvchilardir.
Ular yillar davomida ilm o‘rganishdi, sabr bilan odamlarga yetkazishdi, o‘z hayotlarini ummatga bag‘ishlashdi. Endi esa, bitta-bitta o‘tib ketishyapti...
Kecha Abduqahhor domla Shoshiy (1969-1987 yillar – O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi Xalqaro bo‘limi mudiri, 1969-1982 yillar – Buxorodagi Mir Arab madrasasi direktori, 1982-1987 yillar – Toshkent Islom instituti rektori) olamdan o‘tgan edilar.
Bugun esa yana katta musibat - yurtimizning zabardas ulamolaridan biri ustoz Ibrohimjon domla Qodirov vafot etdilar. Domla umrlarining oxirigacha masjidlarda imomlik qilib, din xizmatida bo‘lgan peshvolardan, yuzlab shogirdlarni tarbiya qilgan ustozlardan edilar. Ustozimiz Yorqinjon domla rahimahulloh ham aynan shu kishida tahsil olgan edilar.
Shunday ulamolar birma-bir o‘tib borishmoqda. Biz o‘tgan ulamolarimiz haqqiga duo qilib, hozirda hayot bo‘lib turganlarini qadrlariga yetishimiz kerak.
Ularning so‘zlariga quloq tutib ehtirom ko‘rsatish, aloqani mustahkamlab, imkon boricha ko‘proq foydalanib qolishimiz va farzandlarimizni ularga yaqinlashtirishimiz kerak.
Lekin biz ulamolarimizni tiriklik chog‘ida qadrlash o‘rniga, chetga chiqib olib, din, millat dushmanlari "tegirmoniga suv quyib" ulamolarni obro‘sizlantirayotganlar va bu orqali yurtimiz peshvolari bilan ommani bog‘lab turgan ipni uzib, musulmonlar birligini parchalayotganlar so‘ziga uchib qolyapmiz. Ularga ishonib, ulamolarimizning so‘zlariga quloq tutmay g‘iybat, tuhmat qilib, ranjitamiz. Vafot etganlaridan keyin esa tobutlarini talashib, yig‘lab-sixtab, pushaymon bo‘lib qolaveramiz.
Yorqinjon domla rahimahulloh bir suhbatlarida aytgan edilar:
“Ko‘rsangiz ko‘zingiz quvnaydigan, jannatning hidi kelib turadigan zabardas olimlar, ahli ilmlar bor. Tirikligida birov ikkita non olib xabar olmaydi. Olimlarni qadrlamaydi.... Vafotidan keyin esa aziz bo‘ladi. Tirikligida tekinga qilgan suhbatiga bir kilometr yurib bormagan odamlar, o‘lganidan keyin yuzlab kilometr masofalardan yo‘l bosib keladi. Ko‘tar-ko‘tar qiladi. Qadrlamabmiz, ko‘rishmabmiz, shu yerda shunday olim kishi bor ekan bilmabmiz, deb yuraveradi”.
Xullas, ulamolarni g‘animat bilaylik. Ular xalqimizga katta ne’mat, ne’matni qadrlamasak undan ajralish bilan sinalamiz. Keyingi pushaymon esa aslo foyda bermaydi.
Muhammad Zarif Muhammad Olim o‘g‘li