Bugun, 28 dekabr kuni Toshkent shahri Shayxontahur tumani Ko‘kcha dahasidagi “Shayx Zayniddin” jome masjidiga Abdurahmonov Yahyo Ubaydullo o‘g‘li imom-xatib etib tayinlandi.
Abdurahmonov Yahyo 1999-2003 yillarda Buxoro shahridagi “Mir Arab” madrasasini tamomlagan. 2004-2008 yillarda Toshkent islom institutida ta’lim olgan. Misr davlatidagi “al-Azhar” universitetida malaka oshirgan. 2009-2011 yillarda O‘zbekiston milliy universitetining Oliy jurnalistika fakultetida o‘qigan. 2004-2018 yillarda Toshkent shahri Yunusobod tumani “Kulol qo‘rg‘on” jome masjidida imom noibi, imom-xatibi vazifalarida ishlagan. Ayni vaqtda Toshkent islom institutida “Tajvid” fani o‘qituvchisi va Xalqaro islom akademiyasining mustaqil tadqiqotchisi hisoblanadi.
2018 yilda Toshkent shahridagi tumanlararo qorilar musobaqasining mutlaq g‘olibi, shahar bo‘yicha 2-o‘rin sohibi bo‘lgan. 2018 yilda “Eng ma’rifatli imom” ko‘rik tanlovi Toshkent shahridagi bosqichi g‘olibi, Respublika bosqichida esa 2-o‘rinni egalladi.
Abdurahmonov Yahyoga ushbu markaziy jome masjiddagi sharafli vazifada xalqimizning diniy-ma’rifiy ehtiyojini ta’minlash yo‘lida Alloh taolodan kuch-quvvat so‘raymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida navbatdagi ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov tomonidan muassasa o‘qituvchilari, xodimlari hamda talabalariga "Fuqarolarning vijdon erkinligini ta’milash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi"ning mazmun-mohiyatini ifoda etuvchi maxsus kurs mashg‘uloti o‘tib berildi.
Tadbir davomida Konsepsiyada mustahkamlangan vijdon erkinligi tamoyillari, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslari va fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari keng yoritildi. Diniy-ma’rifiy sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari, amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Manba: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Axborot xizmati