Hazrati Maymunaning (roziyallohu anho) Islomni qabul qilishi din uchun ham musulmonlar uchun ham xayr va barokat vasilasi bo‘ldi. Chunki uning musulmon bo‘lishi uzoq yillardan beri Islomga qarshi urush e’lon qilgan ba’zi kishilardan jaholat pardasini ko‘tardi, kin va kibr bilan to‘la qalblarni tozaladi. Hazrati Maymuna (roziyallohu anho) Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) uylangan eng so‘nggi ayoldir. U payg‘ambar xonadonida yashagan qisqa davrda ko‘ngilga og‘ir botuvchi hech qanday voqea ro‘y bermadi. Hazrati Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ning vafotlaridan keyin uning butun hayoti Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning xotiralariga hurmat va taqvo bilan yashashning go‘zal bir ramzi bo‘ldi. Maymuna onamiz musulmon bo‘lgan, ammo imonini yashirin tutardi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam va as'hoblari bir quyoshdek Makka ufqlaridan ko‘tarilgach, u jasoratlanib, Allohga imon keltirganini hammaga bildirdi. Bu xayrli voqeadan so‘ng, Maymuna (roziyallohu anho) Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga zavja bo‘lish istagida Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhuni elchi qilib yubordi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) uning istagini qabul etdilar va unga mahr sifatida 400 dirham berdilar. Hudaybiya sulhida ko‘rsatilgan uch kunlik muhlat bitdi. Qurayshliklar Nabiy sollallohu alayhi va sallamga elchi yuborib: “Makkada qolish payting tugadi, endi chiqib ket”, dedilar. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) kulimsiradilar va: “Meni o‘z holimga qo‘ying. Undan ko‘ra bir to‘y qilib, siz uchun taom hozirlatsam va to‘yimga siz ham kelsangiz bo‘lmaydimi?“ dedilar. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) Maymuna roziyallohu anhoga uylanishlari sababli Makkada qolish muddatini uzaytirmoqchi va qurayshliklar bilan qayta bitim tuzishni mo‘ljallagan edilar.To‘y uchun dasturxon tuzaldi. Kurayshning ulug‘lari taklif etildi. Ular taklifni qabul etmadilar.
— Sening amalingga bizning ehtiyojimiz yo‘q. Tezroq chiqib ket, — dedilar.
Ular bu gaplarni Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning Makkada uch kundan ortiq qolishlaridan qo‘rqishlarini yashirish uchun aytdilar. Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning ziyoratlari ba’zi kishilarning aqli va ruhiga ta’sir qilgani ko‘rina boshlagan edi. Masalan, Maymuna (roziyallohu anho) hammadan yashirib kelgan iymonini musulmonlar Makkaga kirishlari bilanoq ochiq e’lon etdi. Ustiga-ustak, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga zavja bo‘ldi. Bu hol mushriklarni g‘azablantirgan edi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) ushbu majlisda Maymuna roziyallohu anhoga uylanganlarini e’lon qildilar. Ammo Hudaybiya sulhiga amal qilib, jarchini chaqirib, darhol Madinaga qaytishni e’lon qilishni buyurdilar. Makkadan o‘n mil uzoqlikdagi Saraf degan joyga kelganlarida Maymuna (roziyallohu anho) bilan go‘shangaga kirdilar. Makkadan chiqayotganlarida Maymuna onamiz hayqirib qurayshiylarni musulmon bo‘lishga chaqirdi. Uning ovozi qurayshiylarga kuchli ta’sir qildi. Xolid ibn Valid shunday dedi: “Endi har bir aqli joyida bo‘lgan odamga ochiq ayon bo‘ldiki, Muhammad aslo sehrgar yo shoir emas! U olamlar Robbisining kalomi bilan gapiradi”. Ikrima ibn Abu Jahl uning bu gaplariga qo‘shilmadi, Badrda o‘ldirilgan yaqinlarini eslab, unga qarshi chiqdi. Xolid ibn Valid unga shunday javob berdi: “Bu so‘zlaring johiliyat ishi va g‘ururidandir. Lekin men, vallohi, haq menga ayon bo‘lgan zamon musulmon bo‘ldim...”
Xolid ibn Valid Amr ibn Os bilan birga Madinaga borib, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) bay’at qildilar. Ularning musulmon bo‘lishi bilan Islom yanada quvvatlandi. Shubha yo‘qki, Maymuna onamizning ochiq murojaat etishi qurayshdan bir qancha kishilarning Islomga kirishlariga katta ta’sir ko‘rsatgan edi. Maymuna (roziyallohu anho) Madinaga kelganidan so‘ng Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning pokiza xonadonlarida qadrli zavja bo‘lib yashadi. Musulmonlar uchun fazilatli ona bo‘ldi. Itoatli, samimiy, vafodor ayol sifatida zavjalik vazifalarini ado etdi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) unga Hamza ibn Abdulmuttalibdan beva qolgan opasi Salma bilan birga yashashga izn berdilar. Keyinchalik uning turmush qurmagan singlisi Umara ham shu xonadonda qoldi.
Nabiy sollallohu alayhi va sallamning katta qizlari Zaynab vafot etgan yili Maymuna hali yigirma besh yoshda edi. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga tasalli berib, imkoni boricha dardlariga malham bo‘lish harakat qildi.
Saidabror Umarov
Savol: Hozirgi kunda ayrim odamlar qabristonlardan o‘zlari, oilasi uchun yer sotib olib, sag‘ana qildirib qo‘yishmoqda. Bu ishlari to‘g‘rimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Qabristonlar omma foydalanishi uchun hukumat tarafidan berilgan umumiy joy hisoblanadi, hech kimning shaxsiy mulki emas.
Shunga ko‘ra unga kimdir egalik qilishi, u joydan yer sotishi yoki sotib olishi mumkin emas. Bizdan avvalgi avlodlar, ota-bobolarimiz qabristondan biror narsani olishga, hatto qurigan giyoh olishdan ham cho‘chiganlar.
Hozirda ham ayrim odamlar qabristondagi meva va o‘t-o‘lanlardan foydalanish haqida ko‘p savol berishlari bejizga emas, ana shu hadikdan paydo bo‘lgan. Ammo ming afsuski, ayrim odamlar tomonidan kimlar bilandir til biriktirib, yer sotib olish holati oz bo‘lsa-da, paydo bo‘lmoqda. Bundan ehtiyot bo‘lish lozim. Chunki bu nohaqdan yer olish hisoblanadi. Bu haqda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam qattiq ogohlantirib, bunday deganlar: “Kim bir qarich yerni nohaqdan olsa, qiyomat kuni uni yetti qavat yer yutadi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati).
Sa’id ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim bir qarich yerni zulm ila olsa, qiyomat kuni uning bo‘yniga yetti qavat yer osib qo‘yiladi”, deganlar (Muttafaqun alayh).
Bu ishning qanchalik og‘ir ekanini tushunmagan odamlar turli vositalar bilan bir qarich bo‘lsa ham birovning yerini o‘ziga qo‘shib olishga harakat qiladilar. Islomda bu ish zulm hisoblanadi va katta gunoh sifatida qoralanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.