Ba'zi odamlar sizni taqvodor deb o'ylashi mumkin…
Yana ba'zilar notavon, yomon odam deb hisoblashi mumkin…
Hullas, siz haqingizda hamma har xil gap gapiradi, lekin siz o'zingiz qandayligingizni o'zingiz bilasiz. Sizdan boshqa birov bilmaydigan yagona sir bu Robbingiz bilan aloqangiz siridir!
Shunday ekan, maddohlarning maqtovi sizni aldab qo'ymasin va ayblovchilarning ta'na-dashnomlari zarar bermasin! “Ha, inson o'z nafsiga qarshi o'zi shohiddir. Garchi uzr-ma'zurlarini to'kib soladir”(Qiyomat surasi, 14-15-oyatlar).
Abul Utohiya o'lim yoqasida turib yozgan she'ri so'nggida Allohga istig'for aytib bunday satrlar bitgan:
Meni qattiq azobga tutmagin, Robbim,
Hato ekan iqrorman, men yurgan yo'lak.
Huzuringda yo'qdir mutlaqo choram,
Afvu marhamatingga umiddan bo'lak!
Qancha qoqilsam ham rahm aylading,
Meni azobga duchor etmading darhol.
Eng yomon odamman afv etmasang,
Odamlar-chi o'ylar: “Bu eng yaxshi hol”.
Robbingiz sizdan xohlaganidek bo'ling, siz xohlagan narsalar ro'yobga chiqadi. Alloh taoloning quyidagi oyatini tafakkur qiling: “Va u Allohning nazdida obro'li edi”(Ahzob surasi, 69-oyat).
Oyatda “Allohning nazdida” deyildi, “odamlar nazdida” deyilmadi.
Zero, haqiqiy obro' odamlar nazdidagi obro' emas!
Shundoq ekan, faqat tashqi ko'rinishingizga e'tibor qaratib, qalbingiz va ruhiyatingizni isloh qilishni unutib qo'ymang!
Haqiqiy obro' – Allohning nazdida obro'li bo'lishdir. Bu esa Allohga yaqin, Unga itoatli bo'lishingiz, qalbingiz va amallaringizni isloh qilishga e'tibor berishingiz orqali bo'ladi. Odamlar sizni tanishi ham shart emas.
Muhimi Allohning huzurida toatingiz, odamlarga qilgan yaxshiliklaringiz bilan taniqli bo'lishingizdir.
Odamlar qadringizni bilishmasa xafa bo'lmang, Allohning nazdidagi qiymatingizga boqing, odamlarning gap-so'zini qo'ying!
Doktor Hasson Shamsi Poshoning "Metin qoyalar" kitobidan
G'iyosiddin Habibulloh, Ne'matulloh Isomov tarjimasi.