Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Yanvar, 2025   |   14 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:47
Peshin
12:37
Asr
15:36
Shom
17:21
Xufton
18:39
Bismillah
14 Yanvar, 2025, 14 Rajab, 1446

Badbaxt 8 toifaning biri bo‘lib qolmang

26.12.2018   2814   8 min.
Badbaxt 8 toifaning biri bo‘lib qolmang

Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Sakkiz toifa kishi qiyomat kuni Alloh taolo maxluqlari ichida eng yomon hisoblanadi va azobga qoladi», deganlar.
Birinchisi toifa – yolg‘onchilar.        

Bu toifadagi kishilar faqat jamiyatga, oilasiga zarar yetkazadi. Yolg‘onchi kimsa gunoh qilib, «Qilganim yo‘q», deydi. Oilasiga xiyonat qiladi, ishxonada boshlig‘iga yolg‘on gapiradi, xullas, suvdan quruq chiqish uchun bebaho imonini yolg‘onga sotadi. Shuning uchun Sarvari olam (alayhissalom): «Yolg‘onchi jannatga kirmaydi», deganlar. Yolg‘on so‘z imonga uradi va sohibining yuzidan nurni ketkazadi. Yolg‘onchilikning yomon oqibatlaridan yana biri — u jamiyatga fitna solib, odamlar orasini buzishidir. Codir bo‘lgan buzg‘unchilikning gunohi yolg‘on gapirganning bo‘ynida bo‘ladi. Faqat er-xotinni, qarindosh-urug‘larni, do‘stlarni bir-biriga yarashtirish maqsadida aytilgan yolg‘on so‘z uchun azob qilinmaydi. Chunki bunda niyat tamoman boshqachadir.

Ikkinchi toifa kishilar mutakabbirlardir. 

Ya’ni, manmansiragan, ozgina amal uchun «Men faloniyman», deb o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan yoki ozgina boylik qo‘lga kirib qolsa, kechagi kunini unutib, katta gapiradiganlar. Har bir ishning o‘rtacha bo‘lgani yaxshi, har bir so‘zning tavoze, kamtarona aytilgani undan ham yaxshi. Mutakabbirlik farzandlar tarbiyasiga juda katta zarar yetkazadi. Borligida hamma narsa isrofi bilan sarflansa, bolalar bunday isrofga o‘rganib qolishadi. Ozgina qiyinchilikka chidayolmay «dod-voy» qiladi, qiz bo‘lsa, turmushidan ajrab, o‘g‘il bo‘lsa, jinoyat qilib, ota-ona boshiga turli kulfatlar keltirishi mumkin. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (alayhissalom) doimo kamtarlikka, har ishda o‘rtacha yo‘l tutishga chaqirganlar.

Uchinchi toifaqalblarida mo‘min birodarlariga nisbatan bug‘zu adovat saqlagan holda ularni ko‘rganlarida mulozamat qiluvchi kimsalar.

Bu toifadagi kishilar ko‘rganida yaxshi gapirib, sizni maqtab, yo‘g‘ingizda yomonlab, odamlar ko‘ziga sizni yomon ko‘rsatadi. Bundaylarni ikkiyuzlamachi, munofiq deb atash mumkin. Chunki sizga bir yuz, boshqaga bir yuz bilan qaraydi. Qalbi toza-pok emas, sizdagi ishchanlikni, tadbirkorlikni ko‘rolmaydi. G‘iybatingizni qilib, devor orqasidan tosh otadi. Sizni ko‘rib qolsa, toshni tashlab mulozamat qiladi. Ba’zilar odamlarning amaliga, mansabiga, boyligiga qarab muomala qilishadi. Kuni kelib, o‘sha odam mansabdan ketsa, teskari qarab ketaveradi. Bu ish islomiyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

To‘rtinchisi, Alloh va rasulining da’vatini sekin, shaytonning buyrug‘ini esa tez bajaruvchilardir.

Odam (a.s.)dan to Hazrati Muhammad (s.a.v.)gacha barcha payg‘ambarlar (alayhimussalom) insonlarni faqat hidoyatga chorlashgan. Zalolat, qon to‘kish, o‘g‘rilik, zinoni qattiq qoralashgan. Jumladan, Qur’on va hadis ta’limoti mo‘min-musulmonlarni tinchlikka, ahil bo‘lib yashashga, halol mehnat qilishga undab, birovning haqidan qo‘rqishga buyurib turadi. Shayton esa tamomila buning aksi, insoniyatni doimo yomonlikka chaqiradi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Mo‘min beshta kulfat orasida bo‘ladi. Bir mo‘min unga hasad qiladi. Munofiq uni yomon ko‘radi. Dushman u bilan urushadi. Shayton uni adashtiradi. Nafsi uni sargardon qiladi» (Anas ibn Molik rivoyati), deganlar. Aroq ichib, zino qilib yuradigan odamning ko‘ziga shayton gunohni jilvalantirib, ziynatlab ko‘rsatib qo‘ygan. Shuning uchun Alloh va rasulining da’vatini sekin, shayton da’vatini tez bajaradi.

Beshinchi toifa nohaq bo‘lsin qasam ichib, dunyodan tama qiladigan kishilar. 

Bunday kishilar qasam ichib mol o‘tkazadi yoki ozgina foyda puli uchun yolg‘on guvohlik beradi. «Men bu narsaning tozaligiga kafolat beraman», deb qasam ichadida, foydani olib ketaveradi. Ertasi kuni uchratib: «Bergan molingda nuqson bor ekan», desangiz, qasam ichib, men seni birinchi bor ko‘rib turibman, deb yana o‘zini oqlab turaveradi.
Bunday kimsalar jamiyat boshiga tushgan qurtning o‘zi, asta o‘rmalab asabingizga tegib, rohat qilishadi. Sarvari olam bir hadislarida bunday deganlar: «Qasam molni o‘tkazadi, ammo barakasini ketkazadi».
Bozorlarda savdo-sotiq qilayotgan ayrimlar tosh-tarozidan urib qoladi, xaridor haqiga xiyonat qiladi, nazoratchilarning qo‘liga tushsa, qasam ichib, to‘rtta bolam yetim, shularni boqaman deb, yana yolg‘on gapiradi. Abdulloh Tustariy degan zot bunday deydilar: «Harom yeydigan odamning tana a’zolari xohlasa-xohlamasa gunohga, halol yeydigan odamniki toatga boraveradi. Demak, jamiyatning sog‘lom bo‘lishida, farzandlar yetuk inson bo‘lib kamolga yetishida halol luqmaga e’tibor berish juda muhimdir».

Oltinchi toifadagi kimsalar chaqimchilardir.

Chaqimchilik eng yomon illatlardan hisoblanadi. «Chaqimchi jannatga kirmaydi», degan hadis bor. Demak, odamlarning o‘rtasini buzuvchi fitnagar odamdan jannat hazar qiladi. Chaqimchi sehr- gardan yomon, degan ibora ham bejiz aytilmagan. Sehrgar sehri bilan odamlarning ko‘zini bo‘yasa, chaqimchi gapi bilan odamlar qalbini tirnaydi. Sehrgar ko‘rsatgan sehr tomoshagohda qoladi, chaqimchilik bilan uzilgan do‘stlik, qarindoshlik rishtalarini ulashga ko‘p vaqt va harakat kerak. Demak, chaqimchi jannatga kirmasligining sababi odamlar va jamiyatni buzishidir.      Ammo, biror kimsa adashib gunoh qilayotgan bo‘lsa yoki jinoyatga qo‘l urayotgan bo‘lsa, buning oldini olish va tarbiya berish uchun uning yaqinlarini ogoh etish chaqimchilikka kirmaydi. Chunki bu yerda niyat tomoman boshqacha.

Yettinchi toifadagi kimsalar do‘st-birodar kishilarni bir-biridan ayirishga harakat qilib yuruvchilardir. 

Bunday holat yuz bersa, qarindosh-urug‘, birodarlar o‘rtasida noxushlik paydo bo‘ladi. Bu ish bilan faqat qalbida hasad kasalligi bor odamlargina shug‘ullanadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, chaqimchilar shunday hol yuz bersa, rohatlanadi.        

Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytadilar: Allohning nusrati ahil bo‘lgan jamoat ustidadir». Bir mahalla bir jamoat hisoblanadi, mahallaning odamlari ittifoq bo‘lsa, har bir ishni maslahat bilan, to‘y va dafn marosimlarini ixcham o‘tkazishga harakat qilsa, bunday jamoa Allohning rahmatiga loyiq bo‘ladi. Shunday inoq-ahil odamlarning orasini faqat dindan xabari yo‘q kimsalargina buzishga harakat qilishadi.

Sakkizinchi toifa gunohsiz odamlarga nohaq bo‘hton qiluvchilar.

Biror voqeani ko‘zi bilan ko‘rmasdan birovdan gumon qilib gapirish jamiyat yoki oila ichiga rahna soladi. Tuhmat qilish eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi. Chunki tuhmat orqasida juda katta fojea turadi. Arzimagan bir gap uchun odamning taqdiri yomon tarafga o‘zgarishi mumkin. Bu borada juda ko‘p hadislar, ko‘rsatmalar bor. Tuhmatchilik axloqqa, e’tiqodga zid amal ekani isbotlangan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) sahobalardan: «Ummatning muflisini bilasizlarmi?» deb so‘radilar. Ular: «Muflis dinori ham, moli ham bo‘lmagan kishidir», deyishdi. U zot: «Ummatimning muflisi qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan keladi. Ammo u birovni so‘kkan, birovning molini yegan, birovni zinokor deb ayblagan, birovning qonini to‘kkan, birovni urganlar. Shu ishlari uchun uning yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshiliklari to‘lovlariga yetmasa, ularning xatolari olinib, muflisga beriladi, so‘ng do‘zaxga uloqtiriladi».

Mazkur muborak pandlarni hayotga tatbiq qilib, iloji boricha yaxshi ishlar qilishga, yaxshi nom qoldirishga, pokiza zurriyot tarbiyalashga harakat qilsak, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nasihatlariga, ko‘rsatmalariga muvofiq ish tutsak xaqiqiy mo‘min sifatiga erishamiz.

Yuqorida bayon etilgan badbaxt sakkiz toifa kishilar guruhiga kirib qolishdan Alloh taolodan panoh tilaymiz.

 

Saidabror Umarov

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

13.01.2025   1880   5 min.
Rasululloh ﷺ boshlaridan kechirgan eng katta qayg‘u

Muhtarama singlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir, u zotga eng ko‘p qayg‘u keltirgan musibat haqida o‘qishdan oldin fikringizni bir joyga jamlab, yaxshilab o‘ylab, quyidagi savollarga javob berib ko‘ring:

Hayotingizda qanday holatlar sizni qayg‘uga solgan?
Ularning sababi haqida o‘ylab ko‘rganmisiz?
O‘sha holatlarda o‘zingizni qanday tutgansiz?
Ularning qaysi birini eng og‘ir musibat deb bilgansiz?

Bu savollar haqida kengroq fikr yuritib javob bergan bo‘lsangiz, keling, endi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayotlarida yuz bergan eng og‘ir musibat bilan tanishamiz.

Nabiy sollallohu alayhi vasallamning jufti halollari Oisha roziyallohu anho bunday deganlar:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallamga «Boshingizga Uhud kunidan ham og‘irroq kun kelganmi?» dedim. U zot shunday dedilar: «Ha, bu qavm menga ko‘p ozorlar yetkazdi. Ammo ularning eng og‘iri Aqaba kuni bo‘lgan. O‘shanda Ibn Abdu Yalil ibn Abdukulolga meni himoyaga olishni taklif qilgan edim. Lekin u men istagan narsani qabul qilmadi. Men tashvishlanib, boshim oqqan tomonga qarab yurib ketdim. Bir joyga kelganda o‘zimga kelib, boshimni ko‘tardim. Qarasam, tepamda bir bulut menga soya solib turibdi. Razm solsam, uning ustida Jabroil bor ekan. U menga shunday nido qildi: «Alloh qavmingning senga aytgan gapini, senga nima javob qaytarganini eshitdi. U Zot huzuringga tog‘ farishtasini yubordi, ularni nima qilishni istasang, buyurishing mumkin», dedi. Shu payt tog‘ farishtasi menga salom berib, «Ey Muhammad! Nima desangiz, shuni qilaman. Istasangiz, ularning ustiga Makkadagi ikkita katta tog‘ni to‘ntarib tashlayman», dedi».

Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q! Alloh ularning avlodida yolg‘iz Allohga ibodat qiladigan, U Zotga hech narsani sherik qilmaydigan zotlarni chiqarishini umid qilaman», dedilar (Imom Buxoriy, imom Muslim rivoyati).

Oisha roziyallohu anho Uhud jangida Rasulullohning qanchalar mahzun bo‘lganlarini ko‘rgan edilar. Bu jangda yetmishta eng zabardast sahoba shahid bo‘lgan. O‘sha jangda mushriklardan biri Rasulullohning yuzlariga qilich bilan urganida yuzlari qonab ketgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzlaridagi qonni arta turib, «Allohga da’vat qilayotgan payg‘ambarining yuziga jarohat yetkazib, tishini sindirgan qavm qanday najot topadi?» deb, kuyingan edilar. Jang tugagach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shahid bo‘lganlarni birma-bir ko‘zdan kechira boshladilar. Amakilari Hamza ibn Abdulmuttalibning jasadi qarshisida to‘xtab qoldilar. Hamza u zot uchun eng suyukli, qarindoshlari ichida eng qadrli inson edi. Mushriklar Hamzaning qornini yorib, ichki a’zolarini chiqarib tashlashibdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam buni ko‘rib, qattiq iztirob chekdilar, «Endi menga sizning firoqingizdan og‘ir musibat yo‘q», dedilar.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Hamza ibn Abdulmuttalibga yig‘laganlaridek qattiq yig‘laganlarini ko‘rmaganmiz. U zot amakilarini qibla tarafga qo‘yib, janozasini o‘qishga turganlarida yig‘idan o‘zlariga sig‘may ketdilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlariga, sahobalariga yetgan musibatlarni duo bilan, sabr bilan yengar edilar.

Ubayd ibn Rifo’a Zuroqiy otasidan rivoyat qiladi:

«Uhud kuni mushriklar chekingach, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Saflarni to‘g‘rilanglar, Robbim azza va jallaga sano aytayin!» dedilar. Sahobalar u zotning ortlaridan saflangach, shunday dedilar: «Allohim! Senga hamdu sanolar bo‘lsin! Allohim, Sen bergan narsani tutib qoluvchi yo‘q. Allohim, Sen uzoq qilgan narsani yaqin qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen yaqin qilgan narsani uzoq qiluvchi yo‘q. Allohim, Sen bermagan narsani beruvchi yo‘q, Sen bergan narsani to‘suvchi yo‘q. Allohim, bizga barakotingni, rahmatingni, fazlingni, rizqingni keng qilgin! Allohim, hech qachon tugamaydigan, yo‘q bo‘lmaydigan doimiy ne’mat bergin. Allohim, muhtojlik kunida ne’mat, urush kunida omonlik bergin. Allohim, bizga bergan narsalaringning yomonligidan, bizdan to‘sgan narsalaringning yomonligidan O‘zing asragin. Allohim, bizga iymonni sevdirgin, uni qalbimizda ziynatlagin, qalbimizni kufr, fosiqlik va osiylikdan burgin. Bizni to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi bandalaringdan qilgin. Allohim, bizni musulmon holimizda vafot ettirgin, musulmon holimizda tiriltirgin. Bizni xor bo‘lmagan, fitnaga uchramagan holimizda solihlarga qo‘shgin. Allohim, Sening yo‘lingdan to‘sayotgan, rasullaringni yolg‘onchiga chiqarayotgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, ularga azobingni yuborgin! Allohim, Kitob berilgan kofirlarga qarshi O‘zing urush ochgin, Haq iloh O‘zingsan» (Imom Ahmad rivoyati).

Uhud jangi kuni ko‘z yoshlari qonlariga aralashib, nihoyatda og‘ir musibat yetib turgan lahzalarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tutgan yo‘llari eng to‘g‘ri yo‘l edi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarining oldida turib, Alloh taologa duo qilib, ularning qalbidagi iymonni yanada mustahkamladilar. Darhaqiqat, Alloh taolo bergan narsani to‘suvchi yo‘q, U Zot to‘sganini esa beruvchi yo‘q.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.