Saidabror Umarov
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Sakkiz toifa kishi qiyomat kuni Alloh taolo maxluqlari ichida eng yomon hisoblanadi va azobga qoladi», deganlar.
Birinchisi toifa – yolg‘onchilar.
Bu toifadagi kishilar faqat jamiyatga, oilasiga zarar yetkazadi. Yolg‘onchi kimsa gunoh qilib, «Qilganim yo‘q», deydi. Oilasiga xiyonat qiladi, ishxonada boshlig‘iga yolg‘on gapiradi, xullas, suvdan quruq chiqish uchun bebaho imonini yolg‘onga sotadi. Shuning uchun Sarvari olam (alayhissalom): «Yolg‘onchi jannatga kirmaydi», deganlar. Yolg‘on so‘z imonga uradi va sohibining yuzidan nurni ketkazadi. Yolg‘onchilikning yomon oqibatlaridan yana biri — u jamiyatga fitna solib, odamlar orasini buzishidir. Codir bo‘lgan buzg‘unchilikning gunohi yolg‘on gapirganning bo‘ynida bo‘ladi. Faqat er-xotinni, qarindosh-urug‘larni, do‘stlarni bir-biriga yarashtirish maqsadida aytilgan yolg‘on so‘z uchun azob qilinmaydi. Chunki bunda niyat tamoman boshqachadir.
Ikkinchi toifa kishilar mutakabbirlardir.
Ya’ni, manmansiragan, ozgina amal uchun «Men faloniyman», deb o‘zini ko‘z-ko‘z qiladigan yoki ozgina boylik qo‘lga kirib qolsa, kechagi kunini unutib, katta gapiradiganlar. Har bir ishning o‘rtacha bo‘lgani yaxshi, har bir so‘zning tavoze, kamtarona aytilgani undan ham yaxshi. Mutakabbirlik farzandlar tarbiyasiga juda katta zarar yetkazadi. Borligida hamma narsa isrofi bilan sarflansa, bolalar bunday isrofga o‘rganib qolishadi. Ozgina qiyinchilikka chidayolmay «dod-voy» qiladi, qiz bo‘lsa, turmushidan ajrab, o‘g‘il bo‘lsa, jinoyat qilib, ota-ona boshiga turli kulfatlar keltirishi mumkin. Shuning uchun Payg‘ambarimiz (alayhissalom) doimo kamtarlikka, har ishda o‘rtacha yo‘l tutishga chaqirganlar.
Uchinchi toifa – qalblarida mo‘min birodarlariga nisbatan bug‘zu adovat saqlagan holda ularni ko‘rganlarida mulozamat qiluvchi kimsalar.
Bu toifadagi kishilar ko‘rganida yaxshi gapirib, sizni maqtab, yo‘g‘ingizda yomonlab, odamlar ko‘ziga sizni yomon ko‘rsatadi. Bundaylarni ikkiyuzlamachi, munofiq deb atash mumkin. Chunki sizga bir yuz, boshqaga bir yuz bilan qaraydi. Qalbi toza-pok emas, sizdagi ishchanlikni, tadbirkorlikni ko‘rolmaydi. G‘iybatingizni qilib, devor orqasidan tosh otadi. Sizni ko‘rib qolsa, toshni tashlab mulozamat qiladi. Ba’zilar odamlarning amaliga, mansabiga, boyligiga qarab muomala qilishadi. Kuni kelib, o‘sha odam mansabdan ketsa, teskari qarab ketaveradi. Bu ish islomiyatga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
To‘rtinchisi, Alloh va rasulining da’vatini sekin, shaytonning buyrug‘ini esa tez bajaruvchilardir.
Odam (a.s.)dan to Hazrati Muhammad (s.a.v.)gacha barcha payg‘ambarlar (alayhimussalom) insonlarni faqat hidoyatga chorlashgan. Zalolat, qon to‘kish, o‘g‘rilik, zinoni qattiq qoralashgan. Jumladan, Qur’on va hadis ta’limoti mo‘min-musulmonlarni tinchlikka, ahil bo‘lib yashashga, halol mehnat qilishga undab, birovning haqidan qo‘rqishga buyurib turadi. Shayton esa tamomila buning aksi, insoniyatni doimo yomonlikka chaqiradi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Mo‘min beshta kulfat orasida bo‘ladi. Bir mo‘min unga hasad qiladi. Munofiq uni yomon ko‘radi. Dushman u bilan urushadi. Shayton uni adashtiradi. Nafsi uni sargardon qiladi» (Anas ibn Molik rivoyati), deganlar. Aroq ichib, zino qilib yuradigan odamning ko‘ziga shayton gunohni jilvalantirib, ziynatlab ko‘rsatib qo‘ygan. Shuning uchun Alloh va rasulining da’vatini sekin, shayton da’vatini tez bajaradi.
Beshinchi toifa nohaq bo‘lsin qasam ichib, dunyodan tama qiladigan kishilar.
Bunday kishilar qasam ichib mol o‘tkazadi yoki ozgina foyda puli uchun yolg‘on guvohlik beradi. «Men bu narsaning tozaligiga kafolat beraman», deb qasam ichadida, foydani olib ketaveradi. Ertasi kuni uchratib: «Bergan molingda nuqson bor ekan», desangiz, qasam ichib, men seni birinchi bor ko‘rib turibman, deb yana o‘zini oqlab turaveradi.
Bunday kimsalar jamiyat boshiga tushgan qurtning o‘zi, asta o‘rmalab asabingizga tegib, rohat qilishadi. Sarvari olam bir hadislarida bunday deganlar: «Qasam molni o‘tkazadi, ammo barakasini ketkazadi».
Bozorlarda savdo-sotiq qilayotgan ayrimlar tosh-tarozidan urib qoladi, xaridor haqiga xiyonat qiladi, nazoratchilarning qo‘liga tushsa, qasam ichib, to‘rtta bolam yetim, shularni boqaman deb, yana yolg‘on gapiradi. Abdulloh Tustariy degan zot bunday deydilar: «Harom yeydigan odamning tana a’zolari xohlasa-xohlamasa gunohga, halol yeydigan odamniki toatga boraveradi. Demak, jamiyatning sog‘lom bo‘lishida, farzandlar yetuk inson bo‘lib kamolga yetishida halol luqmaga e’tibor berish juda muhimdir».
Oltinchi toifadagi kimsalar chaqimchilardir.
Chaqimchilik eng yomon illatlardan hisoblanadi. «Chaqimchi jannatga kirmaydi», degan hadis bor. Demak, odamlarning o‘rtasini buzuvchi fitnagar odamdan jannat hazar qiladi. Chaqimchi sehr- gardan yomon, degan ibora ham bejiz aytilmagan. Sehrgar sehri bilan odamlarning ko‘zini bo‘yasa, chaqimchi gapi bilan odamlar qalbini tirnaydi. Sehrgar ko‘rsatgan sehr tomoshagohda qoladi, chaqimchilik bilan uzilgan do‘stlik, qarindoshlik rishtalarini ulashga ko‘p vaqt va harakat kerak. Demak, chaqimchi jannatga kirmasligining sababi odamlar va jamiyatni buzishidir. Ammo, biror kimsa adashib gunoh qilayotgan bo‘lsa yoki jinoyatga qo‘l urayotgan bo‘lsa, buning oldini olish va tarbiya berish uchun uning yaqinlarini ogoh etish chaqimchilikka kirmaydi. Chunki bu yerda niyat tomoman boshqacha.
Yettinchi toifadagi kimsalar do‘st-birodar kishilarni bir-biridan ayirishga harakat qilib yuruvchilardir.
Bunday holat yuz bersa, qarindosh-urug‘, birodarlar o‘rtasida noxushlik paydo bo‘ladi. Bu ish bilan faqat qalbida hasad kasalligi bor odamlargina shug‘ullanadi. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, chaqimchilar shunday hol yuz bersa, rohatlanadi.
Payg‘ambarimiz (alayhissalom) aytadilar: Allohning nusrati ahil bo‘lgan jamoat ustidadir». Bir mahalla bir jamoat hisoblanadi, mahallaning odamlari ittifoq bo‘lsa, har bir ishni maslahat bilan, to‘y va dafn marosimlarini ixcham o‘tkazishga harakat qilsa, bunday jamoa Allohning rahmatiga loyiq bo‘ladi. Shunday inoq-ahil odamlarning orasini faqat dindan xabari yo‘q kimsalargina buzishga harakat qilishadi.
Sakkizinchi toifa gunohsiz odamlarga nohaq bo‘hton qiluvchilar.
Biror voqeani ko‘zi bilan ko‘rmasdan birovdan gumon qilib gapirish jamiyat yoki oila ichiga rahna soladi. Tuhmat qilish eng og‘ir gunohlardan hisoblanadi. Chunki tuhmat orqasida juda katta fojea turadi. Arzimagan bir gap uchun odamning taqdiri yomon tarafga o‘zgarishi mumkin. Bu borada juda ko‘p hadislar, ko‘rsatmalar bor. Tuhmatchilik axloqqa, e’tiqodga zid amal ekani isbotlangan. Payg‘ambarimiz (alayhissalom) sahobalardan: «Ummatning muflisini bilasizlarmi?» deb so‘radilar. Ular: «Muflis dinori ham, moli ham bo‘lmagan kishidir», deyishdi. U zot: «Ummatimning muflisi qiyomat kuni namoz, ro‘za, zakot bilan keladi. Ammo u birovni so‘kkan, birovning molini yegan, birovni zinokor deb ayblagan, birovning qonini to‘kkan, birovni urganlar. Shu ishlari uchun uning yaxshiliklaridan olinadi. Agar yaxshiliklari to‘lovlariga yetmasa, ularning xatolari olinib, muflisga beriladi, so‘ng do‘zaxga uloqtiriladi».
Mazkur muborak pandlarni hayotga tatbiq qilib, iloji boricha yaxshi ishlar qilishga, yaxshi nom qoldirishga, pokiza zurriyot tarbiyalashga harakat qilsak, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) nasihatlariga, ko‘rsatmalariga muvofiq ish tutsak xaqiqiy mo‘min sifatiga erishamiz.
Yuqorida bayon etilgan badbaxt sakkiz toifa kishilar guruhiga kirib qolishdan Alloh taolodan panoh tilaymiz.
Saidabror Umarov
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi