Nafsni tergash, uni solih bo‘lishi uchun doimo intilish banda qilishi lozim bo‘lgan eng muhim ishlardandir. Inson doim xato qiladi. Nafsni tekshirish orqali mana shunday xatolar taftish qilinadi va nafsga bu borada tanbeh berib, nasihat qilib, jannat ne’matlari eslatiladi, oxirat azobidan qo‘rqitiladi. Bu masalada ummatning salaflari bizga eng go‘zal namunadirlar. Chunki, ularning qalblari doim Allohga bog‘liq edi. O‘zlari yer yuzida yursalarda, qalblari samoda edi. Ulardan birlari birorta xatoni sodir etsa yoki bir amalda kamchilikka yo‘l qo‘ysa, darhol uni tuzatishga kirishar, nafsini bu ishdan qaytarib, koyir edi. Natijada uning qalbi faqat yaxshi narsanigina buyuradigan bo‘lib qolgan edi.
Inson borki, ojizligi sabab nafsining so‘ziga kirib gunohga qo‘l uradi. Tirik ekanmiz qilgan gunohlarimizga tavba qilib, kechirilish payidan bo‘lishimiz kerak. Buning uchun biz ham o‘tgan ulug‘larimizdan o‘rnak olib, o‘zimizni taftish qilishimiz lozim. Buni muhosabatun nafs, ya’ni nafsni hisob-kitob qilish deyiladi.
Nafs insonni doim yomonlikka boshlaydi. Biz esa nafsimizni to‘g‘ri yo‘lga chorlab, jilovini o‘sha tarafga burib turishimiz lozim.
Nafsni muhosaba qilish – uni tergab, xatolarini eslatib, o‘sha xatolarga tavba qilib, yutuqlari bo‘lsa, buning uchun Allohga hamd aytish va yanada yaxshiroq bo‘lishga urinishdir.
Dunyo ishlariga bir nazar solaylik.
Bir necha do‘konlari bor oddiy savdogar odam ertalab shogirdlarini “Sen bu do‘konda savdo qilasan, sen esa mana bunda” deb, do‘konlarga birma-bir taqsimlab chiqadi.
Kechgacha ulardan xabar olib, “Tinchmisizlar? Savdo yaxshi ketyaptimi? Qiyinchilik yo‘qmi? Biror narsani arzon sotib qo‘ymadinglarmi?” deb turadi.
Kech tushgach, hamma shogirdlarini bir joyga to‘planishlarini tayinlaydi. Ular kelishgach, “Xo‘sh, sen bugun qancha savdo qilding? Nimalarni sotding? Nasiya savdo bo‘lmadimi ishqilib?” deb so‘raydi. Boshqasiga yuzlanib: “Senda nima gap? Falonchi qarzini olib keldimi?” deydi.
Oxirida hisob-kitoblar natijasi, ko‘rilgan foyda va zararlar ma’lum bo‘lgandan keyin savdosi ko‘p bo‘lgan shogirdiga “Baraka top! Shunday davom et!” deydi. Kamroq pul topgan yoki nasiyaga savdo qilgan shogirdiga esa “Nega nasiyaga sotding? O‘zi dastmoyamiz kam bo‘lsa! Nega yaxshi savdo qilmading? Nega falon mahsulotni arzonga sotib qo‘yding?” deb tanbeh beradi. Shu tarzda hisob-kitob qilib bo‘lgach, ertangi kun uchun yana topshiriqlar beradi.
Dunyoimiz, tijoratimiz uchun jon kuydirgandek, nafsimiz islohi uchun ham jon kuydirib, uni ham shunday taftish qilyapmizmi?
Har kuni erta tongdan yaxshi ishlar bajarishni niyat qilib, kunni boshlayapmizmi? Kech tushgach, qilgan niyatimizning qanchasini amalga oshirdik, qanchasini oshirolmadik, o‘ylab ko‘ryapmizmi? Erishgan yutuqlarimiz, qilgan solih amallarimiz uchun Robbimizga hamd aytib, yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklarimiz, sodir etgan gunohlarimiz uchun istig‘for aytib, tavba qilyapmizmi?
Savdo ishida kasodga uchrasak, pulni, dastmoyani yo‘qotamiz. Ammo o‘lib qolmaymiz, och qolmaymiz. Yo‘qotilgan pullarning o‘rnini to‘ldirsa bo‘ladi. Pul yo‘qoldi, o‘g‘ri olib ketdi, suvga cho‘kib ketdi, yonib ketdi, musodara bo‘lib ketdi degani hayot tugadi degani emas!
Ammo qilingan gunohlar, xatolar, qoldirilgan farz, vojib, sunnat va boshqa solih amallar oxiratning boy berilishiga olib kelishi mumkin.
Nega dunyo ishiga katta e’tibor berib, pulni yo‘qotmaslik uchun katta-katta hisoblarni amalga oshirib, kerak bo‘lsa, iqtisodchi, yirik tadbirkorlardan maslahat so‘raymiz-u, ammo bizning ikki dunyoimizda baxt-saodatga erishishimiz kafolati bo‘lgan solih amallar, oxirat g‘amiga bunchalik e’tibor bermaymiz?! Bilmagan narsalarimizni ilm ahllaridan so‘ramaymiz?!
Axir dunyo hayoti vaqtinchalik, oxirat hayoti esa abadiy-ku!
Qilayotgan gunohlarimizga, insonlarga beradigan ozor va zulmlarimizga, birovning haqqini yeyishimizga, o‘g‘rilik qilishimizga, g‘iybat, yolg‘on, hasad va boshqa ma’siyatlarga oxiratda nima deb javob berishimizni o‘ylaylik!
Og‘ir hisobga duchor bo‘lmaslik uchun gunohlarimizga chin tavba qilib, ixlos bilan istig‘for aytaylik!
Hazrati Umar roziyallohu anhu “(Oxiratda) hisob-kitob qilinishingizdan oldin (bu dunyoda) o‘zlaringizni hisob-kitob qilinglar!” deganlar.
So‘zimizni bir rivoyat bilan yakunlaymiz:
Ibn Simmadan naql qilinadi: “Bir kuni u kishi o‘z nafslarini taftish qilib o‘tirgan edilar. Umrlarini hisobladilar. Qarasalar, 60 yil umr ko‘ribdilar. Bu yillarni kunlarga bo‘lib chiqdilar. 21500 (yigirma bir ming besh yuz) kun chiqdi. Natijani ko‘rib qichqirib yubordilar va: “Holimga voy! Falokat! Allohga 21000 (yigirma bir ming)ta gunoh bilan ro‘baro‘ bo‘lamanmi?! Agar har kuni o‘n mingtadan gunoh qilgan bo‘lsam, unda holim nima kechadi?!” dedilar-da, xushlaridan ketib yiqildilar. Keyin qarashsa, o‘lib qolgan ekanlar. Shunda bir kishining: “Eh, siz oliy firdavs jannatiga qanchalar tez yugurib o‘tib ketdingiz-a!” deganini hamma eshitdi”.
Imom G‘azzoliy ushbu rivoyatga qo‘shimcha tarzda shunday deydilar: “Banda o‘z nafsini mana shunday muhosaba qilishi kerak. Qilgan gunohlarini har soatda qalbi va a’zolari bilan o‘ylab nadomat qilishi kerak. Agar banda har bir gunoh qilgan paytda uyiga bittadan tosh tashlab qo‘ysa, tez kunda uyi umriga teng miqdordagi toshlarga to‘lib ketadi. Lekin banda qilgan gunohlarini hech eslamaydi. Esidan chiqarib yuboradi. Ikki farishta esa hammasini yozib, yodlab boradi. Alloh taolo bu haqida shunday degan: “U (amallar)ni Alloh hisoblab qo‘ygan. Ular esa unutib yuborganlar” (Mujodala, 6)”.
Internet ma’lumotlaridan foydalanib
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati