Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyul, 2025   |   1 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:36
Quyosh
05:13
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:50
Xufton
21:19
Bismillah
26 Iyul, 2025, 1 Safar, 1447

«Muhammad alayhissalomning tarannumi» yoxud Gyote musulmon bo‘lganmi?

26.12.2018   3602   4 min.
«Muhammad alayhissalomning tarannumi» yoxud Gyote musulmon bo‘lganmi?

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.

G‘arb dunyosining eng buyuk adiblaridan Volfgang fon Gyote: «Insoniyat har jihatdan Hazrati Muhammad sollallohu alayhi vasallam oldida qarzdordir», deb ham zamondoshlarini, ham XX asr Ovro‘pasini hayratda qoldirgan edi. Gyote Islom va uning buyuk Payg‘ambariga nisbatan favqulodda bir yaqinlik ko‘rsatgan va bu hissiyotini 23 yoshlaridan boshlab so‘nggi kunlarigacha, hatto so‘nggi nafasiga qadar ochiq-oydin izhor qilgan edi.

Dunyoda Islomga eng yaqin va odilona o‘lchovlar bilan yondoshgan millat olmon millatidir. Bu aloqa, shubhasiz Gyotedan boshlangan. Undan ancha oldin Laybnis, Lessing, Herbel kabi faylasuf va adiblar ham ilmiy va xolis o‘lchovlar ila Islomni tadqiq qilganlar. Biroq Gyotening o‘rni butkul o‘zgacha edi. Uning islom haqida ilgari surgan tushunchalarini tashqaridagi islomga uyg‘un bir kishining emas, balki bu dinga mansub kishining fikrlari sifatida qabul qilish kerak. Gyotening Islomga nisbatan samimiy hurmati uning «Hazrati Muhammadning tarannumi» nomli asari bilan boshlanadi. U «Faust»dan keyin eng buyuk asar deb tanilgan «Sharqu G‘arb devoni»da yaqqol namoyon bo‘ldi. Zotan, yozuvchi Qur’on nozil bo‘lgan muborak Qadr kechasini alohida nishonlaganini ham tap tortmay e’tirof etgan. Gyote Islom bilan ilk bor 23 yoshida – Qur’oni karimning yangi tarjimasini o‘qish bilan tanishdi.

Qur’onning ilk lotincha tarjimasi 1422 yilda Bazelda, Teodor Bibliander tomonidan amalga oshirilgan va Martin Lyuterning so‘zboshisi bilan nashr etilgan edi, Bu tarjima Qur’onning asl matnidan juda uzoqligiga va ifodada juda ko‘p xatolar borligiga qaramay, Gyoteni hayratda qoldirgan va u shunday degan edi:

«Qur’on kitoblarning kitobi ekanligiga islomiy vajiba (burch) tufayli ishonaman».

Gyote o‘quvchilari va tinglovchilariga Islom insonning fitratiga eng uyg‘un din ekanligini hamisha aytib yurardi. Uning quyidagi so‘zlari diqqatga sazovor:

«Alloh birdir. U nuqsonsiz, somaddir: U tugmadi, tug‘ilmadi».

Ma’lumki, bu ifodalar Qur’ondagi Ixlos surasiga oid tarjimaning aynisidir.

Gyote 1820 yilda kelinining kasalligi tufayli tortgan iztirobini bir do‘stiga yozgan xatida bunday ifodalagan edi:

«Bu o‘rinda ham o‘zimni Islomda tutishdan boshqa choram qolmayapti».

Gyotening taqdir haqidagi tushunchalari ham islomiydir. «Ustiga nomim yozilmagan o‘q menga tegmaydi», deydi uning qahramonlaridan biri.

«Allohning izni bo‘lmasdan tomdan bir chumchuq ham tushmaydi», degan so‘zlar ham Gyote qalamiga mansubdir.

Gyote o‘limidan bir yil oldin Ekkermanga bunday degan:

«Suyukli o‘g‘lim, uluhiyyat fikridan bizning nechog‘lik ham xabarimiz bor?! Bizning tor tasavvurlarimiz u ulug‘ borliqdan nimalarni ham anglata olardi? Bir turk kabi Allohni yuz ismi bilan ta’bir etsam ham, baribir u so‘ngsiz qudrat oldida hech narsa so‘zlamagan bo‘laman».

Gyote 1832 yilning 22 martida hayotdan ko‘z yumdi. Vafotidan oldin qo‘li bilan ko‘ksiga tinmay «W» harfini «chizar» edi. Leo Ketter bu holatni izohlab, «W» Gyotening ilk ismi bo‘lgan Volfgangta ishora, deb tushuntiradi. Ammo shu narsa ma’lumki, Gyote Qur’on harflarini o‘rganish uchun uzoq muddat mashq qilgan va «Alloh» lafzini arabiyda juda yaxshi yoza olgan.

O‘lim oldidan ko‘p nasorolar ko‘ksilariga qo‘llari bilan xoch rasmini «chizishadi», Gyote esa buning o‘rniga «Alloh» lafzini yozgan, deb o‘ylaymiz. (Ma’lumingizki, «Alloh» lafzining boshidagi alif bo‘lmasa ham, ma’no o‘zgarmaydi va «lillah» yozuvi paydo bo‘ladi, uning yozilishi esa, «W» harfiga aynan o‘xshashdir).

Manba: islom.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

23.07.2025   5910   3 min.
Tunda tosh ostidagi chumolini ko‘rgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi

Hasan Basriy rahimahulloh Robbiga osiylik qilayotgan bir jamoani ko‘rdilar va ularga qarata bunday dedilar: “Alloh taoloning nazdida xor bo‘lishdi va U Zotga osiy bo‘lishdi. Bordi-yu, ular Alloh uchun qadrli bo‘lganlarida, Alloh ularni gunohdan saqlagan bo‘lur edi”.

Demak, Alloh taolo qaysi bandasini yaxshi ko‘rsa, uni gunohlardan saqlab qo‘yar ekan. Birortamiz gunoh qilib, Allohni unutib, Robbining nazdida haqir banda bo‘lishni istaymizmi?! Albatta, yo‘q! 

Nafsingiz sizni gunohga chorlagan paytda qilayotgan ishingizning oqibati haqida o‘ylang hamda Alloh taolo sizni ko‘rib turganini his eting. O‘zingizga o‘zingiz shu savolni bering: “Seni hurmatlab e’zozlovchi biror kim shu holingda ko‘rib qolsa, undan uyalgan bo‘larmiding?! Qanday qilib Robbing bo‘lmish Alloh taolodan uyalmaysan?!”.

Nafsingizga: “Sen ertaga boshingga bu gunohlarning balosi urishi va sharmanda bo‘lishdan omondamisan?” deng. Bir narsani yodingizdan chiqarmangki, siz qanday gunoh qilishingizdan qat’i nazar, Allohning ato etgan ne’matlaridan foydalangan holingizda gunohga qo‘l urgan bo‘lasiz. Alloh taolo sizga bergan, siz u bilan haromga nazar tashlayotgan ko‘zingizning o‘zi qancha ne’mat?! Haromga cho‘zayotgan qo‘lingizning o‘zi aslida qancha ne’mat?! Qanchadan-qancha talaffuzi halol bo‘lmagan narsalarni tilingizda aylantirasiz. Ato etilgan ne’matlar ila gunoh qilishingiz ne’mat ato etguvchi Zotga nisbatan minnatdorchilikmi, shukrmi?!

Zimiston tunda tosh ostidagi chumolini ko‘ra olgan Zot sizni ham ko‘rib turibdi, buni yodingizdan chiqarmang!

Hikoyat. Bir kuni bir erkakka begona ayol bilan birga xilvatda qolishni shayton ziynatli qilib ko‘rsatibdi. Ayolning yoniga kirganida ko‘zlari olayganicha unga qarab: “Bizni hech kim ko‘rmayaptimi?” – debdi. Ayol: “Yo‘q, Allohdan boshqasi ko‘rmayapti”, debdi. Shu payt erkakning ko‘zlari yoshlanib: “Xudo haqqi, ko‘rayotganlar ichida Robbim buyukdir! Mabodo meni biror kichikroq bola ko‘rib turgan bo‘lsa-da, uning oldida bunaqangi ish qilishga jur’atim yetmaydi-yu, qanday qilib olamlar Rabbi bo‘lgan Zot ko‘rib turgan bo‘lsa, men bu kabi gunoh ishni qila olaman?!” – debdi va ayolning uyidan chiqgani holda Alloh taoloning: «(Alloh) ko‘zlarning xiyonatini (ya’ni, qarash man etilgan narsaga o‘g‘rincha ko‘z tashlashni) ham, dillar yashiradigan narsalarni (yomon niyatlarni) ham bilur»[1], degan kalomini eslabdi.

Shoir aytadi:

Xilvat bir go‘shada qolsang-da yuz yil,
Holing ko‘rib turgan Xudo bor, bilgil. 

Oshkoru yashirin – baridan voqif,
Alloh hech ishingdan emasdir g‘ofil.

Gunohkorga qilayotgan ishi qanchalik kichik, arzimasdek ko‘rinsa-da, Allohning nazdida qilgan gunohi kattalashib boraveradi.

Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh aytadilar: “Bandaning gunohni kichik deb hisoblashi – bu uning Allohga bo‘lgan jur’atidan. Boisi, banda ma’siyatni kichik deb hisoblasa, gunohga bepisand qaraydi, qalbida uni yengil qabul qiladi va gunohlarining ko‘payishidan parvosi falak ham bo‘lmaydi”.

Ibn Mas’ud roziyallohu anhu ham bu borada shunday dey­dilar: “Musulmon odam bir tog‘ning ostida turibman-u, mana shu tog‘ boshimga qulab ketay deyapti, deya gunohlarini tasavvur qilgan odamdir. Fojir esa gunohlarni burniga qo‘nib, keyin tezda uchib ketgan pashsha deya hisoblaydi”. 


Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  G‘ofir surasi, 19-oyat.