Mo‘mina onalarimiz orasida Ummu Salama (roziyallohu anho) voqealarni g‘oyatda chuqur o‘ylab, juda to‘g‘ri qarorlar beradigan aqlli ayol edi. Mo‘minlar onasi Ummu Salama (roziyallohu anho) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan so‘ng sodir bo‘lgan voqealarni diqqat bilan kuzatib bordi. Insonlar, xususan, ularni idora etuvchi xalifa va voliylarning to‘g‘ri yo‘ldan adashmasligi uchun harakat qildi. Tarixchilarning yozishicha, bir kuni Ummu Salama (roziyallohu anho) xalifalikni olgan Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu) huzuriga kirdi va ul zotga nasihat qilib, shunday dedi: “Ey o‘g‘lim, menga nima bo‘lyaptiki, odamlarning sendan uzoqlashib, himoyangdan chiqayotganini ko‘ryapman. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) sevgan yo‘lidan boshqa bir yo‘lda xayr qidirma. U o‘chirgan o‘tni yoqma. Do‘stlaring Abu Bakr (roziyallohu anhu) va Umar (roziyallohu anhu) ning yo‘llaridan yur. Ular ishni mahkam ushladilar va aslo zulm qilmadilar. Bir ona sifatida nasihat qilyapman. Bu mening haqqim, vazifam. Sen ham itoat etishing lozim”. Usmon ibn Affon (roziyallohu anhu): “Albatta, siz aytdingiz, men tingladim. Siz tavsiya ettingiz, men ham qabul ettim”, dedilar.
Saidabror Umarov
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.