Al-Kisoiy al-Kufiy 119/737 yil Kufada dunyoga kelgan.
To‘liq ismi: Ali ibn Hamza ibn Abdulloh ibn Bahman ibn Fayruzm al-Kisoiy al-Kufiy. Imom al-Kisoiy yoshligida ilm o‘rganishga juda intilardi, lekin boshlang‘ich davrda muvaffaqiyat qozona olmasdi. Bir safar Qur’onni yod olishda qiynalgach, ustoziga: “Men hech narsani yodlay olmayapman, charchadim”, dedi.
Ustoz unga sabr qilishni va Qur’onning barakasiga ishonishni tavsiya qildi. Shundan so‘ng, Imom al-Kisoiy sabr bilan harakat qilib, Qur’onni mukammal yod oldi va keyinchalik mashhur qiroat imomlaridan biri bo‘ldi. Bu voqea sabr va mehnatning samarasini eslatadi.
Hayoti: Al-Kisoiy Kufada tug‘ilgan va tilshunoslikda ham, qiroatda ham yuqori maqomga ega bo‘lgan. Undan nega «Kisoiy» deb nom olganligi haqida so‘rashganida u, – "chunki men hajda kisoda (kiyimda) ehrom bog‘laganman", deb javob bergan ekan. U asli fors bo‘lib, Bani Asad qabilasining qullaridan edi.
Ilmiy faoliyati: Uning asosiy ustozlari Hamza al-Kufiy va boshqa yirik qiroatchilar bo‘lgan. Bundan tashqari Kufa maktabini asoschisi hisoblanadi.
Muoz al-Harro va Abu Ja’far Ruasiylarda nahvdan tahsil oldi. Ular-dagi ilmlarni olib bo‘lib, ulardan qoniqmay qolgach, Basraga kelib Iso ibn Umar, Abu Amr ibn al-Alo va Al-Xalil ibn Ahmaddan ilm o‘rgangan. Qiroatni esa Sho‘ba ibn Hajjojdan ta’lim olgan.
U zot juda ko‘p asarlar ham yozgan: "Kitab muxtasar fi an-nahv" (Nahvga oid qisqa bo‘lgan kitob), "Kitab al-hudud fi an-nahv" (Nahvdagi hadlar oid kitob), "Kitob al-qiroat (Qiroatga doir kitob)", "Kitab al-adad (Sonlarga doir kitob)", "Kitab ixtilaf al-adad (Sonlarning ixtilofiga oid kitob)", "Kitab al-huruf (Harflarga oid kitob)", "Kitab maoniy al-Qur’an (Qur’on ma’nolari haqidagi kitob)" kabi ko‘plab kitoblar yozgan.
Nahvdan Farro uning xos shogirdlaridan hisoblanadi.
Kisoiy 189/805 yil Roy shahrida vafot etgan.
Matkarimov Nurmuhammad,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.