BISMILLAHIR ROHMANIR ROHIYM
Mashhur ustozlardan biri Abdulaziz at-Taviyjiriyning uylarida mehmon bo‘lib, kunduzi bilan u kishining suhbatlarida bo‘ldim.
Asr namozi yaqinlashgan bir paytda ustoz meni qo‘limdan ushlab xonasiga olib kirdilarda: Seni ajoyib rohat bahsh etuvchi uch daqiqalik dam olishingi istayman dedilar. Go‘yoki bu Xitoyning tibbiyotiga o‘xshar edi.
Shundoq ham dam olish uchun bir necha daqiqalardan ortiq vaqt yo‘q edi. Men yotdim. Ustoz: ko‘zingni yum, og‘zingni yop va dunyoni unit, dedilar.
Men ikki ko‘zimni yumdim. Ko‘zni yumish deganda: dunyoni, muammolarni, g‘am-g‘ussa va xafagarchiliklarni eslatadigan manzaralarni ko‘rmaysiz. Og‘izni yumish deganda: suhbatlashmaysiz va gapirmaysiz. Dunyoni unitish deganda: o‘yingizni dunyo ishlarini tafakkur qilish bilan mashg‘ul qilmaysiz.
Haqiqatda kechasi bilan uxlab dam olamiz biroq, borliq o‘zgarmaydi. Chunki borliq Allohning himoyasidadir. Hayotda borligimiz yo‘qligimizga, tirigligimiz vafot etganimizga o‘xshaydi. Biz shunday bir basharmizki taom yeymiz, bozorlarda yuramiz, uxlaymiz va yana uyg‘onamiz. Biroq biz borliqga kelsakda va o‘tib ketsakda dunyoda biror-bir narsa o‘zgarmaydi.
Men ushub uch daqiqada unitishni boshladim. Hech narsani o‘ylamadim so‘ng o‘tirib oldim. Ishonig ajoyib bir rohatni his qildim.
Ustoz: bu mashqni katta tabiblardan o‘rgandim. Agar ishlaring va tashvishlaring ko‘payib ketgan bo‘lsa ko‘zingni yum va dunyoni unit. Chunki bu ish bilan dam olasan, qalbing va ruhing taskin topadi. Bu ish go‘yoki yo‘l yurgan odamni bekatda dam olishiga o‘xshaydi, dedilar. Men ushbu uch daqiqalik dam olish tajribasidan kelib chiqib aytamanki: siz dunyo muammolarini yuk qilib ko‘tarib yurmang chunki siz borliqga masul emassiz. Shuningdek oilangizni qazo qadariga ham ega emassiz.
Bolangiz kasal bo‘lib qolsa, shifo Allohdan, qizingiz biror-bir tashvish bilan sizga shikoyat qilsa, uning yechimi Allohdan, qarzdor bo‘lib qolsangiz, uning hal bo‘lishi ham Allohdan va agar sizga biror bir musibat yetsa, uning yechimi ham Allohdandir.
Shunday ekan barcha ishlarning kalitini Allohga topshiring va dunyoni uniting. Shuni bilinki, siz bu olamda bir zarrasiz. Tadbiringiz ham harakatingiz ham Allohning qo‘lidadir.
Sizga faqatgina Mavloingizga go‘zal bandalik qilishingiz darkordir. Shu bilan Allohning roziligiga erishasiz, ishlaringizni tadbiri go‘zal bo‘ladi va sizni Yaratgan zot eng yaxshi yo‘lga yo‘naltirib qo‘yadi.
Bugunli kunimiz shovqin, zaxmat, toliqish va qiyinchiliklar bilan to‘lib toshgan. G‘am-g‘ussalar va muammolar bilan mashg‘ul bo‘lib qolganmiz. Misol uchun: bolalarimizning o‘qishi, uy ishlari, hisob kitob, nihoyasiga yetmagan ishlarimiz, haqqini talab qilayotgan do‘stlarimiz, qarzlarini so‘rayotgan pul egalari va bir qancha hayot talab qiladigan uzundan-uzun ishlar.
Bularning barchasidan uzulib, hayotingizda hotirjamlik, sokinlik va osoyishtalikni paydo qilishingiz uchun ko‘zingizni yumib va dunyoni unitishingiz uchun bir qancha daqiqa zarur bo‘ladi. Bu vaqtda barcha ishingizni hatto qalblardagi narsalarni ham biluvchi Zotga topshiring!
Bu qanday ham rohat beruvchi bir lahzaki, men uni hech esimdan chiqarmayman. Qachon ushbu ishni qilsam rohat qilaman, xotirjam va tinch bo‘laman.
Bu o‘rgangan ishimni qilishimdan oldin juda tashvishli, qachon moshinamga o‘tirsam jismimni toliqganini va ruhimni bezovta bo‘lganligini sezaman.
Lekin ushbu uch daqiqalik ko‘zni yumib, dunyoni unitish menga doimo vazminlikni, rohat va xotirjamlikni qaytarib beradi.
Shunday ekan ey aziz do‘stim! Hayotingiz davomida sizga rohat va hotirjamlik beruvchi bir bekat quring. Borliqni Egasiga, xalqni Yaratuvchisiga va ishingizni Allohga topshiring. Qurgan bekatingizda to‘xtab, dam olib, tinchlik, sakinat va hotirjamlikka ega bo‘lganingizdan so‘ng kuch-quvvatga ega bo‘lib, hayotingizni davom ettiring!
“Nihoyat bahtli bo‘lishni kashf qildim” asaridan. “Kulol-Qo‘rg‘on” jome’ masjidi imom xatibi Abduraxmanov Yahyo tarjimasi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Fitna – bu jamiyatda ixtilof, nizo va buzg‘unchilikka olib keladigan omillar majmuasidir. Tarix davomida fitna turli ko‘rinishlarda – siyosiy qarama-qarshilik, diniy ziddiyat yoki ijtimoiy beqarorlik sifatida namoyon bo‘lgan.
Fitna jamiyat rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, munosabatlarning buzilishiga sabab bo‘ladi. Ijtimoiy nizolar odamlar o‘rtasida ishonchni yo‘qotadi, bu esa hamkorlik va birdamlikka putur yetkazadi. Masalan, siyosiy fitnalar davlat institutiga bo‘lgan ishonchni kamaytirib, qonun ustuvorligiga xalaqit beradi. Iqtisodiy jihatdan, fitna savdo-sotiq, investitsiyalar va ishlab chiqarishning pasayishiga olib keladi. Tarixdagi ko‘plab misollar mavjud bo‘lib, fuqarolik urushlari, ommaviy tartibsizliklar fitnaning iqtisodiy va ijtimoiy zararlarini ko‘rsatadi.
Diniy yoki mafkuraviy fitnalar esa jamiyatdagi ma’naviy qadriyatlarga tahdid soladi. Bunday nizolar odamlarni guruhlarga bo‘lib, bir-biriga qarshi qo‘yadi, bu esa uzoq muddatli parokandalikka sabab bo‘ladi. Fitna ko‘pincha yoshlarning radikallashuvi, axloqiy buzilish va ma’naviy yo‘qotishlar bilan bog‘lanadi.
Baqara surasi 217-oyatida “Fitna qotillikdan ham og‘ir gunohdir”, 191-oyatda “Fitna qotillikdan ham yomondir” deyilgan.
“Tafsiri Irfon”da, zolim va qonxo‘r kimsalar hamisha insonlar, butun-butun qabilalar o‘rtasida fitna, nifoq solib, jamiyatning tinch hayotini parokanda qilishi, fitna esa odamlarni qatl qilishdan ham og‘ir jinoyat ekani aytilgan.
Fitna konstruktiv yo‘naltirilib, oldi olinmasa, buzg‘unchilik va beqarorlikka sabab bo‘ladi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda, “Yaqin orada fitnalar bo‘ladi. O‘sha chog‘da o‘tirib olgan odam tik turgandan yaxshiroqdir. O‘rnida jim tik turgan esa yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Yayov yurgan esa tez-tez yurayotgan odamdan yaxshiroqdir. Kim o‘sha fitnalarga e’tibor bersa uni fitna o‘ziga tortib ketadi. Kimki qutulishga joy topa olsa, o‘sha joyda fitnadan himoyalansin!”, deyilgan.
Bu hadisda Rasul alayhissalom fitnaga aralashib qolishdan qaytarib, undan chetda bo‘lish yo‘llarini bayon qilgan. Fitnaga qiziqmaslik, e’tibor qilmaslik, qo‘shilmaslik bilan himoyalanishni tavsiya qilganlar.
Fitnaning zararli ta’sirini kamaytirish uchun jamiyatda ma’rifat va muloqotni kuchaytirish zarur. Ta’lim va axborot vositalari orqali odamlarning tanqidiy fikrlash qobiliyatini oshirish, ularni fitna unsurlaridan himoya qiladi. Davlat va jamoat tashkilotlari esa adolatli qonunlar va ochiq muloqot orqali ishonch muhitini shakllantiradi.
Bundan tashqari, fitnaning oldini olishda ma’naviy-axloqiy tarbiya muhim o‘rin tutadi. Dini va milliy qadriyatlarga asoslangan tarbiya odamlarda birdamlik va o‘zaro hurmat tuyg‘usini mustahkamlaydi. Nihoyat, fitnaga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyatli va faol ishtiroki muhimdir.
Alloh taolo Hujurot surasi 6-oyatda “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bilmasdan bir qavmga musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chekib qolmanglar” deb fitnaga sabab bo‘luvchi gap-so‘zlarga ko‘r-ko‘rona ergashib ketmasdan tekshirib ko‘rish lozimligini ta’lim bergan.
Shunday ekan, fitnani oldini olish, fitna keltirib chiqaruvchi sabablarni bartaraf etish, unga qarshi kurashish jamiyatning barcha a’zolari uchun umumiy vazifadir.
Shermuhammad Boltayev,
Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo jome masjidi imom-xatibi.