Sahobalarning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlari hamma narsadan ustun bo‘lib, u zotni hammadan ko‘proq yaxshi ko‘rishar edi. Buning belgisi Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning buyruqlariga itoat qilish va qaytariqlaridan qaytishda ko‘rinardi.
Rivoyat qilinishicha, bir kuni Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga “Sen menga o‘zimdan boshqa hamma narsadan mahbubroqsiz” dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlardan biringiz, to men unga o‘zidan ham sevikliroq bo‘lmagunimcha (komil) mo‘min bo‘lmaydi” dedilar. Bu gapni eshitgan hazrati Umar roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, endi sizni o‘zimdan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman” dedilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Ana endi mukammal bo‘ldi, ey Umar” dedilar.
Sahobai kiromlarning Nabiy sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatlarini bir necha misollarda ko‘rib chiqamiz.
U zot alayhissalomni mudofaa qilishlari
Islom tarixidan ma’lumki, musulmonlar bilan mushriklar o‘rtasida bir qancha janglar bo‘lib o‘tgan. Qolaversa, Islom dini ilk yoyila boshlagan paytda dushmanlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga doim ozor berish payidan bo‘lardilar. Sahobai kiromlar mana shunday kezlarda sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni jon-jahdlari bilan himoya qilardilar.
Bir kuni mushriklarning kattasi Uqba ibn Abu Muayt Nabiy sollallohu alayhi vasallam tarafga yurib kela boshladi. Masjidul Haromning bir chetida turgan Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu uni kuzatib turgan edilar. Dushman kelib, kiyimini yechdi-da, u bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasalalmning bo‘ynilaridan bo‘g‘a boshladi. Abu Bakr roziyallohu anhu o‘qdek uchib kelib, dushmanning yelkasidan tortib, chetga itarib yubordilar. Shunday qilib sevikli Habibimiz sollallohu alayhi vasallam uning ozoridan qutildilar. Keyin Abu Bakr roziyallohu anhu Alloh taoloning “Bir odamni, Alloh Robbimdir, degani uchun o‘ldirasizlarmi?! Holbuki, u sizga Robbingizdan ochiq-oydin hujjatlar ila kelmishdir” oyatini o‘qidilar.
Ba’zi sahobalar urush asnosida sevikli Nabiyimiz alayhissalomni o‘z tanalarini bilan himoya qilardilar, keladigan o‘q va nayzalarga o‘z tanalarini tutib berib, shu yo‘l bilan ikki olam sarvarini jarohatlanishdan saqlanishlariga sabab bo‘lishar edi.
U zot sollallohu alayhi vasallamni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqishlari
Sahobai kiromlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamni yo‘qotib qo‘yishdan qattiq qo‘rqar, biroz vaqt ko‘rmay qolsalar bezovta bo‘lishar edi. Qanday ham shu ahvolga tushishmasin?! Axir u zot ularni johiliyat zulmatidan iymon, ma’rifat nuriga chiqishlariga sabab bo‘ldilar-ku!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har bir inson bilan uning yoshiga, tabiatiga qarab muomala qilar edilar. Bolalar, go‘daklar uchun mehribon otadek, har bir musulmon uchun jondan aziz birodar, har bir muhtoj uchun yordamchi, har bir yetim uchun suyanch, g‘amxo‘r edilar.
Imom Ahmad rahimahulloh Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini Yamanga jo‘natayotganlarida, Muoz roziyallohu anhu otning ustida, Nabiy sollallohu alayhi vasallam esa yonlarida yurib vasiyat qilganlar. Nasihat qilib bo‘lganlaridan so‘ng: “Ey Muoz, ehtimol bu yildan keyin men bilan boshqa ko‘rishmassan. Ehtimol mana bu masjidim va qabrim yonidan o‘tarsan” deganlarida, bu gaplarni eshitgan Muoz roziyallohu anhu yig‘laganlar.
Sahobai kiromlarning qo‘rquvlari Nabiy alayhissalomdan faqat dunyoda emas, balki oxiratda ham ajralib qolmasmikinmiz degan ma’noda bo‘lardi.
Imom Tabaroniy rahimahulloh rivoyat qilgan hadisda Oisha onamiz roziyallohu anho shunday deganlar: “Bir odam Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirdi va “Ey Allohning Rasuli, albatta, siz menga o‘zimdan ham sevikliroqsiz. Albatta, siz menga bolamdan ham sevikliroqsiz. Uyda o‘tirganimda sizni esladim. Keyin sabr qila olmay sizni ko‘rgani keldim. O‘zimning vafotim bilan sizning vafot etishingizni eslaganimda, bildimki, siz jannatga kirganingizda Payg‘ambarlar bilan birga yuksak maqomda bo‘lsangiz, men jannatga kirganimda sizni ko‘rolmay qolishimdan qo‘rqdim” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasalalm unga hali javob berishga ulgurmaslaridan turib Jabroil alayhissalom mana bu oyatni olib keldi: “Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o‘shalar Alloh ne’mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ularning rafiqlari qanday ham yaxshi!” (Niso surasi, 69-oyat).
U zot alayhissalomni hamma odamlardan ustun ko‘rishlari
U zot sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rishlarining alomati – u kishini o‘zlaridan ham, oila a’zolaridan ham, molu dunyodan ham ustun ko‘rishlaridir.
Uhud kuni “Muhammad o‘ldirildi” degan gap tarqaladi. Bu gap hatto Madinaga ham yetib boradi. Shunda madinalik bir ayol urush maydoniga borib, ko‘rgan odamidan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ahvollarini so‘raydi. Odamlar u zot tirik ekanliklarini, falon joyda o‘tirganlarini aytishganda, ayol o‘sha tarafga borib, o‘z ko‘zi bilan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgach: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, ey Rasululloh. Siz salomat ekansiz, endi men boshqa musibatga parvo qilmayman” deydi.
U zot alayhissalomning muhabbatlarida musobaqalashishlari
Sahobai kiromlar sevikli Habibimizning muhabbatlarini qozonish, u zotga yaqinroq bo‘lishga haris edilar.
Ali roziyallohu anhudan “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga bo‘lgan muhabbatingiz qanday?” deb so‘ralganida, u kishi “Allohga qasamki, u Zot bizga mollarimizdan, bola-chaqalarimizdan, ota-onalarimizdan hamda tashna odamning muzdek suvga bo‘lgan muhabbatidan ham sevimliroqdirlar”, deb javob berganlar.
U zot alayhissalomning pok jasadlarini o‘pishga intilishlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Badr kuni musulmonlar safini tekislayotganlarida, qo‘llaridagi xurmo shoxi bilan Savod ibn G‘oziyyaning qorniga urdilar. Savod bu fursatni g‘animat bilishga urinib, “Ey Rasululloh, meni og‘ritdingiz” dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darhol muborak qornilarini ochdilar va “Mendan o‘ch ol, ey Savod!” dedilar. Savod roziyallohu anhu shoshilib Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni quchoqlab oldi va u zotning biqinlaridan o‘pdi. Keyin “Ey Allohning Rasuli, hozirgi turishim siz bilan oxirgi ko‘rishishim deb o‘yladim. Shuning uchun do‘zax o‘ti menga tegmasligini istab, terimni teringizga tekkizishni istadim” dedi.
O‘zlarini u zot alayhissalomga fido qilishlari
Sahobai kiromlarning barchalari (munofiqlardan tashqari) Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchun mollarini ham, jonlarini ham fido qilishga tayyor edilar.
Sahobai kiromlar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni qutqarish, ehtiyotlash yo‘lidagi har qanday aziyat va og‘riqdan lazzatlanar edilar. O‘zlari rohatda bo‘la turib, u zot alayhissalom ozor ichida bo‘lishlarini aslo tasavvur qilolmasdilar.
Makkaliklar qo‘lida asir bo‘lib turgan Zayd ibn Dasina roziyallohu anhuni Makka ahli o‘ldirish uchun Haramdan tashqariga chiqarayotganlarida Abu Sufyon ibn Harb hali mushrik edi. U Zayd roziyallohu anhuga dedi: “Ey Zayd, agar Muhammad hozir sening o‘rningda asir bo‘lsa-yu, biz uning bo‘yniga qilich ursak, sen esa oilang bag‘rida bo‘lishni istaysanmi?” dedi. Zayd roziyallohu anhu: “Allohga qasamki, Muhammad alayhissalomga hozirgi turgan joyida bir tikan kirib aziyat berishini, men esa oilam bag‘rida bo‘lishimni aslo istamayman”. Shunda Abu Sufyon: “Men Muhammadning sahobalari uni yaxshi ko‘rishganidek boshqa hech kim birovni yaxshi ko‘rganini ko‘rmadim”, dedi.
U zot alayhissalomning buyruqlariga itoat qilishlari
Abdurrohman ibn Abu Laylodan rivoyat qilinadi, bir kuni Abdulloh ibn Ravoha roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelayotgan edi. U zot alayhissalom xutba qilayotgandilar. Shu payt u Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “O‘tiringlar!” degan gaplarini eshitib qolib, masjid tashqarisidagi yetib kelgan joyiga o‘tirib, u zot alayhissalom xutbalarini tugatgunlaricha o‘sha yerda o‘tirdi. Keyinchalik bu voqea Nabiy sollallohu alayhi vasallamga yetganda, u zot unga “Alloh sening O‘ziga bo‘lgan itoatingni va Rasuliga bo‘lgan itoatingni ziyoda qilsin!” dedilar.
Sa’iyd ibn Mansur Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhudan rivoyat qiladi, Mug‘iyra ibn Shu’ba roziyallohu anhu dedilar: “Ansorlardan bo‘lgan bir joriyaga sovchi qo‘ydim. Buni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga aytganimda, ul zot mendan: “Uni ko‘rdingmi?” deb so‘radilar. Men: “Yo‘q” dedim. U zot: “Unga nazar sol, bu o‘rtangizda iliqlik, ulfatlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi” dedilar. Keyin borib, bu gapni o‘sha joriyaning ota-onasiga aytdim. Ular bir-birlariga qarashdi. Men turib, tashqariga chiqdim. Ortimdan joriya meni chaqirib, “Bu yoqqa kel” dedi. Men uning pardasi yoniga kelib turdim. U: “Agar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga qarashingni buyurgan bo‘lsalar, qara! Aks holda “Menga qarashingni qiyinlashtirgan (ya’ni menga qarashingga aslo izn bermagan) bo‘lardim” dedi. Bas, men unga nazar soldim va unga uylandim. Undan ko‘ra menga mahbubroq bo‘lgan, undan ko‘ra menga hurmatliroq bo‘lgan birorta ayolga uylanmadim.
Insoniyat tarixida birorta askarlar va xalq o‘z rahbarlarini, qo‘mondonlarini sahobai kiromlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rib, itoat qilgandek yaxshi ko‘rib, itoat qilmagan.
“Sahihayn”da Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Sahobalarimdan hech birini so‘kmanglar. Chunki agar birortangiz Uhud tog‘idek tillani infoq qilsa ham, ulardan birining bir mud yoki uning yarmi miqdoridagi infoqining darajasini topa olmaydi”.
Shuning uchun ham ulamolar “Mabodo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning mo‘jizalari bo‘lmaganda edi, sahobalarning muhabbati va itoati mo‘jiza bo‘lardi” deyishgan.
Alloh taolo bizni o‘sha sahobalarga ergashishimizni, Nabiy sollallohu alayhi vasallamni sevishda ulardan o‘rnak olishimizni nasib etsin!
Abdulkarim Muhammad Namlaning maqolasi asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi