2019 yilda Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida Markaziy Osiyodagi eng yirik masjid namozxonlar uchun o‘z eshiklarini ochadi. Hozirgi vaqtda qurilish ishlarining 70 foizi bajarilgan. Ushbu masjidda qurilish yakunlangach bir vaqtning o‘zida 120 ming namozxon ibodatni amalga oshirishi mumkin.
Dushanbedagi Markaziy jome masjidining qurilish ishlari 2009 yilda boshlangan, uning qurilishi Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon tomonidan boshlab berilgan. Masjid qurilishi Qatar davlati mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilayotgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, majmua 4 ta har biri 75 metrlik minoraga ega bo‘ladi. Majmuada kutubxona, muzey, anjumanlar xonasi va yig‘ilish, ma’ruza va mehmonlarni qabul qilish uchun joy ajratiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Dunyoda shunday ishlar borki, Alloh taologa suyukli bo‘ladi. Ulardan biri ko‘ngilni shod etish hisoblanadi.
Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bunday marhamat qilganlar: “Alloh taologa farz ibodatlardan keyin eng maqbul ish – musulmon kishining ko‘ngliga surur (xursandchilik) yetkazishdir”.
Darhaqiqat, o‘zga kishining ko‘nglini olish, uni xursand qilish xayrli amallardandir. Hazrati Alisher Navoiy:
Kimki bir ko‘ngli buzug‘ning xotirin shod aylagay,
Oncha borkim, Ka’ba vayron bo‘lsa, obod aylagay, deya bejiz aytmagan.
Musulmonning ko‘ngliga ozor berish esa, xunuk ishlardandir. Bu haqda xalqimizda: “Dilozordan Xudo bezor”, degan naql bor.
Alloh taolo barchamizni o‘zgalarga ozor berishdan saqlab, Alloh taologa suyukli bo‘lgan ishlarni qilishga muvaffaq aylasin!
Ruhiddin Akbarov,
O‘MIning
Qashqadaryo viloyat vakilligi xodimi