Sayt test holatida ishlamoqda!
23 May, 2025   |   25 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:19
Quyosh
04:58
Peshin
12:25
Asr
17:29
Shom
19:45
Xufton
21:18
Bismillah
23 May, 2025, 25 Zulqa`da, 1446

Munosabat va murojaat

23.12.2018   2543   5 min.
Munosabat va murojaat

Abror Muxtor Aliy bilan sodir bo‘lgan voqeaga munosabatimdan keyin “Nega Fazliddin Parpiyev masalasida sukut qilgan holda, bunda munosabat bildiryapsiz?“ degan malomatlar ko‘payib ketdi. O‘zi shaxsiyda ham bunday so‘rovlar ko‘p edi.

Aslida u voqeani bunisiga qiyos qilish noto‘g‘ri. Chunki bunda o‘zaro haqoratning mantiqiy yakunini ko‘rgan va aralashuvimizda foyda ko‘proq ekanini bilgan bo‘lsak, unda masala nozik, mening munosabatim hech narsani hal qilmasligi va mening uchun sukut qilish har tomonlama foyda ekani ma’lum edi.

Endi Fazliddinning chet elga chiqib ketish masalasiga kelsam, prokuraturadagi suhbat qay darajada yengil yo og‘ir bo‘lganini qo‘limdagi ma’lumotlar orqali bila olmadim. Hatto Sur’at Ikromov yozganlarida ham endi jim yurish, ijtimoiy tarmoqlarda yozmaslik haqidagi ogohlantiruvdan boshqa ma’no ko‘rmadim. Keyingi bayonotlarda Fazliddinga nisbatan jinoiy ta’qib yo‘qligi aytildi. Shundan kelib chiqib aytishim mumkinki, mamlakatdan chiqib ketishi (hijrat demadim!) masalasida ham qaror uning hukmiga havola. Faqat chiqib ketishdagi shov-shuvlar hiyla oshib ketmadimikan? Voqea talqinida his-hayajonlarga ortiqcha yo‘l qo‘yilmadimikan? Hatto o‘zi ishlatmagan (hijrat kabi) iboralarni qo‘llash, chaqirilishga navbati kelganlarning nomini zikr qilib jamiyatda vahima qo‘zg‘ash kabi nojo‘ya holatlar yuzaga chiqmadimikan?

Endi eng asosiy aytmoqchi bo‘lganim. Keyingi yillarda diniy sohada ham davlatimiz tomonidan yaxshi ishlar amalga oshirilmoqda. Ko‘plari hammaga ayon. Men diniy ayblovlar bilan qamalgan ko‘pchilik mahkumlar ozod qilingani, man etilgan tashkilotlarga adashib kirib qolgan fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasi tuzilgani va yaqinda mamlakatimizda “qora ro‘yxat“ bekor qilinganini alohida ta’kidlamoqchiman. Shu ishlarning samarasi o‘laroq O‘zbekistonning din erkinligi borasidagi reytingi yaxshilanmoqda. Oldingidan ko‘ra ahvol o‘nglanmoqda. Bu sohadagi muammolarga birinchilardan duch keladigan va tanasida ilk his qiladigan kishi sifatida ayta olamanki, vaziyat yaxshi tomonga o‘zgargan va yanada o‘zgarishiga umid qilaman. Va bu yaxshi yo‘nalish o‘zgarishini xohlamayman va uni o‘zgartirishga sabab bo‘ladigan ishlardan uzoq yuraman. Binobarin boshqalarni ham shunga chaqiraman. Ochiqroq aytadigan bo‘lsam, davlat musulmonlar huquqini e’tirof etishni boshlab turgan bir paytda, aql, fahm-farosatni ishlatib harakat qilinishini yoqlayman, ammo ehtiyotsizlik, johillik qilib din va davlat o‘rtasidagi nozik rishtalarni uzishlariga mutlaqo qarshiman!

Endi men ham savol bersam: hukumat bu borada yaxshi qadam tashlayotgan bir paytda Fazliddinning yurtdan chiqqanini “hijrat muborak!“ deya qutlashdan kim va nima manfaat ko‘radi?! Davlatning musulmonlarga, musulmonlarning davlatga paydo bo‘layotgan o‘zaro ishonchini va yaqinlashuvini buzishdan kim foyda oladi?! Yoki masalani shovqin-suron ko‘tarib, o‘zini qahramon ko‘rsatib, la’natlash va so‘kish bilan hal qilaman deyish qaysi aql me’yorlariga to‘g‘ri keladi?!

Xo‘p, “men Fazliddin qahramon, unga hijrat muborak, davlat yomon, sizlar yaxshi“, desam masala hal bo‘ladimi? Shu bilan sizning xohish-irodangiz qonib, hamma muammolar yechilib ketadimi? Sizning bunday shaxsiy fikrlaringizga ergashishga mening qanday majburiyatim bor? Yoki sizning so‘zingiz vahiy va amalingiz islom-u, qachon men aytganingizni qilsam ma’sum va haqiqiy musulmon bo‘lamanmi? Sizda o‘zingizning to‘g‘ri fikrda mutlaq tanho ekaningiz haqidagi jur’at qayerdan paydo bo‘ldi? Bu savollarni yo‘naltirayotgan kishilarga hali ancha savollarim bor.

Bu davlat bizniki, biz esa shu davlat raiyatimiz. U rivojlansa, obro‘ topsa, farovon bo‘lsa hammamizga foyda. Bir musulmon sifatida men vatanim ravnaqi va dinim izzati uchun xizmat va harakat qilaman. Agar davlatim mening bu ishlarimni tushunsa amalimga g‘ururlanmayman, U Allohning fazli, O‘ziga hamd aytaman, tushunmasdan qarshi bo‘lsa, niyatim xolis bo‘lgani uchun aslo xafa bo‘lmayman. Agar bu yo‘lda undan aziyat yetsa sabr qilaman, tavakkulda bo‘laman. Ertaga kimning boshiga nima tushishini yakka Alloh biladi. Alloh ikki dunyoda ham ofiyat berishini o‘zim va hamma uchun so‘rayman.

Dinga hikmat bilan da’vat qilinadi. Buni yuqorida aytdim. Shuning uchun o‘zim hikmat deb bilgan yo‘l bilan unga xizmat qilish ilinjidaman. Hikmatni mo‘tadillikda, vasatiylikda, ilmda, sokinlik va uzluksizlikda deb bilaman. Bu mening qanoatim. Boshqasi bo‘lsa u sizning qanoatingiz. Men siznikiga aralashmadim, siz ham menikiga aralashmang!

Bular diniy tushunchalarimdan kelib chiqqan shaxsiy fikrlarim edi. Ular din emas, xatolari bo‘lishi mumkin. Siz ham fikringizni ayting. Ammo uni hamma ergashishi shart bo‘lgan din deya taqdim qilmang!

Salomat bo‘ling!

Mubashshir Ahmad xafizulloh

Manba: https://azon.uz

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi

22.05.2025   3342   1 min.
Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, haj delegatsiyasi a’zolari va Ishchi guruhi vakillari Makka shahrida joylashgan Mino va Arafot vodiylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
 

Mino vodiysida ziyoratchilar uchun keng va tekis hududdagi alohida chodirlar ajratilgan. Ular gilamlar, yumshoq o‘rinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovutkichlar bilan jihozlangan, kommunal xizmatlar bilan ta’minlangan va sanitariya-gigiyena talablari ham inobatga olingan.


Joriy yildagi qulaylik shuki, delegatsiya talablariga muvofiq Arafot hududidagi har bir chodir issiq o‘tkazmaydigan zamonaviy sendvich panellar bilan to‘liq o‘ralgan va yorug‘lik uchun oynalar o‘rnatildi. Mazkurlarda “Sofa bed” (yostiq va to‘shak), “Martaba” (to‘shak), sovutkich singari qulayliklar ibodatlarni  xotirjam ado etishga xizmat qiladi.


Shuningdek, uch mahal issiq ovqat, muntazam choy va salqin ichimliklar bilan ta’minlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun ham barcha sharoitlar hozirlangan.
Ayniqsa, hojilar chodirlarda vaqtlarini g‘animat bilib ko‘proq toat-ibodatda bo‘lishlari uchun taniqli ulamolarning suhbatlari, mashhur qorilarning qiroatlarini yetkazish maqsadida mikrofon va ovoz kuchaytirgichlar bilan yetarli darajada ta’minlandi.  


Ta’kidlash joizki, mo‘min-musulmonlarga yanada qulay  shart-sharoit hozirlanib, bu yilgi haj mavsumi sifat, mazmun va xizmatlar jihatidan eng yuqori darajada bo‘lishiga harakat qilinmoqda. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi Mino va Arafotdagi sharoitlar shinam bo‘lishiga e’tibor qaratildi
O'zbekiston yangiliklari