Madinai munavvaradagi Masjidun Nabaviyda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida aytgan ravza degan joy bor, ziyoratga borgan kishilar o‘sha ravzada namoz o‘qishga intiladilar.
Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Uyim bilan minbarim orasida jannat ravzalaridan bir ravza bor” dedilar. Imom Ahmad, Buxoriy, Muslim, Nasoiy va boshqalar rivoyat qilishgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan va muttafaqun alayh darajasiga ko‘tarilgan xuddi shunday matn Abu Hurayra roziyallohu anhudan ham rivoyat qilingan.
Imom Ahmadning “Musnad”larida hadisdagi “Uyim” so‘zining o‘rniga “Qabrim” so‘zi kelgan ekan.
Ravza — bog‘ degan ma’noni bildiradi.
Ulamolar hadisdagi “ravza” so‘zi haqida turli fikrlarni aytganlar.
Birinchi fikrga ko‘ra, bu joy rahmatning tushishi, zikr, ibodat va tilovat sababli baxt-saodatning hosil bo‘lishida xuddi jannat ravzasiga o‘xshaydi.
Ikkinchi fikrga ko‘ra, bu yerda qilingan ibodat kishini jannatga olib boradi.
Uchinchi fikrga ko‘ra, hadisning zohiriga qarab tushuniladi, demak, bu joy jannatga tegishli haqiqiy ravzadir. Oxiratda shu joy yana jannatga qaytariladi. Buni Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhlarida aytganlar.
Yuqoridagi suratda — Ravzai muborakni ko‘rib turibsiz! Bu joy insonlar orasida “Yashil gilam” nomi bilan mashhur. E’tibor berilsa, ushbu muborak masjiddagi aksari gilamlar qizil rangda, ammo bu joyga ravzani ifoda qilishi uchun yashil gilam solib qo‘yilgan.
Haj va Umraga borgan musulmonlar Masjidun Nabaviyga kelganlarida, aynan shu joyda namoz o‘qishga astoydil urinadilar.
Biz ham umraga borganimizda, dindoshlarimiz bu yashil gilam ustida namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish, zikr va duolar qilish uchun soatlab navbatda turganlarini ko‘rdik.
Ushbu muborak masjidga kelish nasib qilgan har bir musulmon shu ravzada ko‘proq namoz o‘qish, Qur’on tilovati qilish, zikr va salovotlarda bardavom bo‘lib, sunnatda kelgan duolarni ko‘proq qilish payidan bo‘lish kerak.
Alloh taolo barchamizga ushbu muborak ravzada, sahih hadisda e’lon qilingan mana shu jannat bog‘ida namoz, Qur’on o‘qib, zikru duoda bo‘lishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
"Makka bo‘lmaganida seni tashlab ketmas edim!!!"
Madina! Senga yillar talpingandik, sog‘ingandik, seni hajringdan ko‘z yoshlarimizni to‘kkandik. Seni sevmagan mo‘min bormi dunyoda, senga intilmagan muslim bormi dunyoda.
Seni goho tushlarimizda ko‘rardik, bu tushlardan hech-hech uyg‘ongimiz kelmasdi, seni nega yaxshi ko‘ramiz, seni nega yurakdan sevamiz!?
Chunki senda eng yaxshi ko‘rganimiz, suyukligimiz, sog‘inganimiz, seni sharaflantirgan Rasululloh alayhissalom borlar!
Chunki senda biz dunyoga kelmasimizdan turib bizni sog‘ingan, bizni yaxshi ko‘rgan Zot bordir.
Chunki senda, oxirga nafaslarida ham "ummatim, ummatim" deya g‘arib ummatlarini holidan tashvishlangan Zot bordir.
Yana senda, agar Rasululloh alayhissalom aytgan bo‘lsalar men hammasiga ishondim deya Siddiq maqomini topgan Zot bordir, Rasululloh alayhissalomni amakisi iymonga kelishini yaxshi ko‘rgan, Rasululloh sut ichganlarida chanqog‘i bosilgan Abu Bakr roziyallohu anhu bordir.
Yana senda, yurgan ko‘chasidan shayton qochgan, so‘zlarini Qur’on tasdiqlagan, "Umar xato gapirdi" deya olgan Amirul mo‘miniyn bordir.
Yana senda farishtalar hayo qilgan Zunnurayn Hazrati Usmon, vafoti Rasulullohni ko‘zlarini yoshlatgan o‘g‘li Ibrohim, qizlari Ummu Kulsum, Ruqayya, Fotima, Azvoju mutohharot onalarimizni va yana o‘n minga yaqin sahobani bag‘riga olgan Jannatul Baqe’ bordir.
Bizni yaxshi ko‘radigan, biz uni yaxshi ko‘radigan, Sayyidi shuhada Hazrati Hamzani bag‘riga olgan Uhud tog‘i bordir.
Yana senda, taqvo asosida barpo qilingan, unda o‘qilgan ikki rakaat namozga umrani savobi beriladigan Masjidil Qubo bordir.
Sendagi fazilatlarni sanasam tugamaydi. Senda sahobalarni izlari bordir, Rasulimizni hidlari bordir.
Allohga hamd bo‘lsinki, oshiq mahbubiga yetganidek seni visolingga yetdik, suyukligimiz jivoriga keldik, yaxshi ko‘rganlarimiz bo‘ylariga to‘ydik.
Sendan hech ketgim kelmaydi, Madina!
Chunki, “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki Madinada vafot eta olsa, unda vafot etsin. Chunki, unda vafot etgan kishini shafoat qilaman” dedilar” (Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan Imom Termiziy rivoyati).
Madina! Makka bo‘lmaganida seni tashlab ketmas edim!!!
TII “Qur’on ilmlari” kafedrasi o‘qituvchisi Adham Yusupov