Madinai munavvaradagi Masjidun Nabaviyda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarida aytgan ravza degan joy bor, ziyoratga borgan kishilar o‘sha ravzada namoz o‘qishga intiladilar.
Abdulloh ibn Zayd roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Uyim bilan minbarim orasida jannat ravzalaridan bir ravza bor” dedilar. Imom Ahmad, Buxoriy, Muslim, Nasoiy va boshqalar rivoyat qilishgan.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan va muttafaqun alayh darajasiga ko‘tarilgan xuddi shunday matn Abu Hurayra roziyallohu anhudan ham rivoyat qilingan.
Imom Ahmadning “Musnad”larida hadisdagi “Uyim” so‘zining o‘rniga “Qabrim” so‘zi kelgan ekan.
Ravza — bog‘ degan ma’noni bildiradi.
Ulamolar hadisdagi “ravza” so‘zi haqida turli fikrlarni aytganlar.
Birinchi fikrga ko‘ra, bu joy rahmatning tushishi, zikr, ibodat va tilovat sababli baxt-saodatning hosil bo‘lishida xuddi jannat ravzasiga o‘xshaydi.
Ikkinchi fikrga ko‘ra, bu yerda qilingan ibodat kishini jannatga olib boradi.
Uchinchi fikrga ko‘ra, hadisning zohiriga qarab tushuniladi, demak, bu joy jannatga tegishli haqiqiy ravzadir. Oxiratda shu joy yana jannatga qaytariladi. Buni Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh “Sahihul Buxoriy”ga yozgan sharhlarida aytganlar.
Yuqoridagi suratda — Ravzai muborakni ko‘rib turibsiz! Bu joy insonlar orasida “Yashil gilam” nomi bilan mashhur. E’tibor berilsa, ushbu muborak masjiddagi aksari gilamlar qizil rangda, ammo bu joyga ravzani ifoda qilishi uchun yashil gilam solib qo‘yilgan.
Haj va Umraga borgan musulmonlar Masjidun Nabaviyga kelganlarida, aynan shu joyda namoz o‘qishga astoydil urinadilar.
Biz ham umraga borganimizda, dindoshlarimiz bu yashil gilam ustida namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish, zikr va duolar qilish uchun soatlab navbatda turganlarini ko‘rdik.
Ushbu muborak masjidga kelish nasib qilgan har bir musulmon shu ravzada ko‘proq namoz o‘qish, Qur’on tilovati qilish, zikr va salovotlarda bardavom bo‘lib, sunnatda kelgan duolarni ko‘proq qilish payidan bo‘lish kerak.
Alloh taolo barchamizga ushbu muborak ravzada, sahih hadisda e’lon qilingan mana shu jannat bog‘ida namoz, Qur’on o‘qib, zikru duoda bo‘lishimizni nasib etsin, omin!
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Shunga ko‘ra muhaddis ulamolar o‘z asarlariga “Tafsir kitobi” va “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayh “Sahihi Buxoriy” asarida “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” degan alohida bo‘lim qilib, unda tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, u kishi bilan bir davrda yashagan Imom Muslim rahmatullohi alayhning “Sahihi Muslim” asarida ham “Kitab at-Tafsir”, ya’ni “Tafsir kitobi” nomli sakkizta bobdan iborat kichik bo‘lim ajratilgan. Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining “Jome’ at-Termiziy” asarida “Kitabu tafsir al-Qur’an” ya’ni, “Qur’on tafsiri kitobi” degan nom ostida Qur’oni karimning ba’zi oyatlari tafsiri haqidagi hadislarni keltirgan.
Imom Nasoiy rahmatullohi alayh “Sunan al-Kubro” asarida “Kitabut tafsir” nomi bilan tafsirga oid hadislarni keltirgan. Shuningdek, hadis asarlarida “Qur’on fazilatlari kitobi” nomi ostida shu mavzuga oid hadislarni keltirishgan. Jumladan, Imom Buxoriy rahmatullohi alayh Sahihul Buxriy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini va Imom Termiziy rahmatullohi alayh ham o‘zining Jome’ at-Termiziy asarida “Kitabu fazoilil Qur’an”, “Qur’on fazilatlari kitobi” bo‘limini keltirishib, unda Qur’oni karim suralarining fazilatiga oid hadislarni bayon qilishgan. Jumladan, Falaq va Nas suralari haqida ham ko‘p hadisi shariflar vorid bo‘lgan bo‘lib, ularni qisqacha bayon qilamiz.
Suralarning nomlanish sababi
Nas surasining birinchi oyati “Qul a’uzu birobbin naas” (Odamlar Robbisidan panoh so‘rayman) oyati bilan boshlangan. “Nas” so‘zi bu oyatda besh marta zikr qilingan. Shu e’tibordan bu sura “Nas” deb nomlangan. “Nas” so‘zi “odamlar”, degan ma’noni anglatadi.
Falaq surasiga o‘zining birinchi oyatidagi “falaq” so‘zi nom bo‘lib qolgan. “Falaq” so‘zi lug‘atda “yorish ma’nosini bildiradi. Bu surada “Falaq” so‘zi subh-tong ma’nosida kelgan. Tong kechani yorib boshlagani uchun shu nom bilan ham ataladi.[1]
Bu ikki sura birgalikda “Mu’avvizatayn”, “Ikki panoh so‘rovchi” deb nomlanadi. Chunki, ikki sura ham “a’uzu” (panoh so‘rayman) so‘zi bilan boshlanadi.
Suralarning fazilati
Hadisi shariflarda ushbu suralarning fazilati bayon qilingan bo‘lib, ular quyidagilardir:
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam betob bo‘lib qolsalar, o‘zlariga mu’avvizotni o‘qib, dam solar edilar. (Vafotlaridan oldingi) og‘riqlari kuchayganda esa men o‘zim u zotga o‘qib, barakotidan umid qilib, o‘z qo‘llari bilan silar edim” (Imom Buxoriy rivoyati).
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam har kecha joylariga yotganlarida ikki kaftlarini jamlab, ularga “Qul huvallohu ahad”, Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbinnas” larni o‘qib, dam solib, badanlarining (qo‘llari) yetgan joyigacha silar edilar. Avval boshlari va yuzlaridan boshlardilar. Keyin badanlarining old tarafiga (o‘tardilar). Buni uch marta qilar edilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Uqba ibn Omir Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashdim, vaholanki u zot ulovda edilar. Ikki qo‘limni u zotning ikki oyoqlariga qo‘yib: “Menga Yusuf surasini o‘qiting”, dedim. Shunda u zot: “Sen Allohning huzurida “Qul a’uzu birobbil falaq” dan ko‘ra yetukroq biror narsani hargiz o‘qiy olmaysan”, dedilar (Imom Ahmad rivoyati).
Abdulloh ibn Xubayb roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Menga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kechga kirishingda ham, tongga kirishingda ham “Qul huvallohu ahad” va “mu’avvizatayn” ni uch marta o‘qi, (shunda) u senga har bir narsadan kifoya qiladi”, dedilar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U kishi aytdi: “Men Juhfa va Abvo orasida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga yurib borardim. Bizni yomg‘ir va shiddatli zulmat qoplab oldi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, bilan panoh so‘ray boshladilarda: “Ey Uqba, ikkovi bilan panoh tila, hech bir panoh tilovchi ikkovichalik narsa bilan panoh tilamagan”, dedilar.So‘ngra u zotdan bizga imom bo‘lib, namozda ham ikkovini qiroat qilganlarini eshitdim” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Menga ushbu kecha nozil qilingan oyatlarni bildingmi? Ularning misli hech ko‘rilmagan. “Qul a’uzu birobbil falaq” va “Qul a’uzu birobbin nas”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Xulosa qilib aytganda, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam o‘z hadisi shariflarida Qur’oni karim oyatlarining tafsirlari va fazilatlarini bayon qilib berganlar. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam Qur’onning ma’nolarini mufassal va mukammal tushunganlar. U Zotga Qur’onni yodlatish va ma’nolarini tushuntirish kafolatini Alloh taolo o‘z zimmasiga olgan. Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Zero, uni (Sizning dilingizda) jamlash ham, (tilingizdagi) qiroati ham Bizning zimmamizdadir. Bas, qachon Biz (Jabroil tilida) uni o‘qisak, Siz ham uni o‘qishga ergashing! So‘ngra uni (Qur’onni) bayon qilib berish ham, albatta, Bizning zimmamizdadir” (Qiyomat surasi, 17-19-oyatlar).
Sahobai kiromlar Qur’oni karimni tafsir qilishda biror muammoga duch kelsalar, darhol Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga murojaat qilar edilar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam oyatlarning maxfiy, nozik joylarini tushuntirib berardilar. Chunki u Zotning asosiy vazifalari shu edi. Alloh taolo oyati karimasida shunday degan:
“Va sizga odamlarga nozil qilingan narsani o‘zlariga bayon qilib berishingiz uchun zikrni nozil qildik. Shoyadki tafakkur qilsalar” (Nahl surasi, 44-oyat).
Shunga ko‘ra u zot Qur’oni karim ma’nolarini o‘z hadislarida bayon qilib berganlar.
Shokirjon MADAMINOV
[1] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Oltinchi juz. “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh tahririyati. Toshkent-2008. – B.565.