Kecha O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi bilan tanishishga kelgan Prezidentimiz:
– Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur”, – dedilar.
Muhtaram Prezidentimiz tilga olgan boy tariximiz va buyuk allomalarimizni ayrimlarini yodga olib ko‘ramiz:
Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihi Buxoriy”si necha asrlardirki, butun dunyo musulmonlariga dasturulamal bo‘lib kelmoqda;
Imom Abu Iso Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn Zahhok as-Sulmiy az-Zaririy al-Bug‘iy at-Termiziyning «Sunani Termiziy» asari «Sahih Buxoriy» va «Sahih Muslim» kitoblaridan keyingi o‘rinda turadi;
Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariy arab grammatikasi, lug‘atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, geografiya, tafsir, hadis va fiqhga oid ellikdan ortiq asarlar yaratgan. Arab tili grammatikasiga oid «Al-Mufassal» (1121 yil) asarini u Makkada yashagan paytidayozgan. «Al-Mufassal» arab tili nahvu sarfini o‘rganishda yirik qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. O‘sha davrning o‘zidayoq arablar orasida bu asar katta e’tibor qozongan va arab tilini o‘rganishda asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan;
Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud al-Hanafiy al-Moturidiy as-Samarqandiy rahimahulloh musulmonlar e’tiqodiga turli xil yot g‘oyalar kirib kelishining oldini olgan va ilmni johillarning ta’vilidan himoya qilgan rabboniy olimlardan edi;
Imom Abu Muin Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Muhammad Makhul an-Nasafiy “Imom fozil sayf ul-haq” (haqiqat qilichi ) kabi taxallus bilan ulug‘langan;
Buyuk faqih Ali ibn Abu Bakr ibn Abduljalil Farg‘oniy Rishtoniy Marg‘inoniy fiqhda behad katta ilmga ega bo‘lgani va bu sohada beqiyos asarlar yaratgani tufayli Burhonuddin (Islom dinining dalili) nomi bilan dong taratgan.
Uning “Hidoya” asari butun musulmon olamida mashhur bo‘lib ketdi, musulmon huquqi – fiqh bo‘yicha eng aniq, izchil, mukammal asar sifatida tan olingan;
Bulardan boshqa yana ne-ne buyuklarimiz borki, ularning faqat nomining o‘zini sanab chiqishning o‘ziyoq kishidan katta ilm va mas’uliyat talab qiladi.
Muhtaram Prezidentimiz O‘zbekistonda islom sivilizatsiyani ochishdan maqsad ana sharafli ajdodlarimiz qoldirgan bebaho merosni puxta o‘rganib, ushbu ilmlardan el-yurt manfaat olsin degan ezgu g‘oyani nazarda tutganini turli munosabatlar bilan bir necha bor ta’kidlab o‘tdilar. U kishi aytganidek, Markazga kelgan odam bu yerdan quruq taassurotlar bilan emas, ma’naviyatini boyitadigan ilmu irfon olib, ruhi yuksalib qaytmog‘i kerak.
Mana O‘zbekiston tashabbusi bilan 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasi qabul qilindi. Chinakam ma’rifat va diniy bag‘rikenglik ildizlari esa ajdodlarimizdan meros bo‘lib qolgan ilmiy-ijodiy ishlarda o‘z ifodasini topgan. O‘zbekistonda islom sivilizatsiyasi markazi ana shunday bebaho meros bilan dunyo xalqini tanishtirishga, butun olam ahlini bag‘rikenglikda, ilmu ma’rifat ustuvorligida yashashga da’vat etadi, inshoalloh!
Damin JUMAQUL
Tarixchilar Usmonli sultonlarining haj ziyoratiga bormaganiga ikki sababni ko‘rsatadilar:
1. Xavfsizlik muammolari:
Sultonlar haj safariga borishda xavfsizlik muammolariga duch kelgan bo‘lishlari mumkin. Ular uchun hajga borish oddiy odamlarnikidan farqli ravishda murakkab bo‘lgan, chunki sultonning yo‘lda hujumga uchrash xavfi katta edi. Bu holat katta qo‘shin bilan safar qilishni talab qilardi. Haj niyatida yo‘lga chiqib qon to‘kishga sabab bo‘lmasligini afzal bilganlar.
2. Davlat boshqaruvidagi mas’uliyat:
Sultonlar mamlakatni muddatsiz tark etish xavfli deb hisoblashgan. Haj safarlari bir necha oy davom etgani sababli, davlatni hukmdorsiz qoldirish anarxiya va siyosiy beqarorlikka olib kelishi mumkin edi. Shuning uchun sultonlar haj o‘rniga davlat boshqaruvi va xarbiy yurishlarga ustunlik berganlar.
Vaqt o‘tishi bilan Usmonlilar sulolasiga bu an’anaga aylandi. Sultonlar “hajji badal” qilishni tayinlagan bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, Usmoniy sultonlari Makka va Madinaga doim e’tibor qaratgan. Ular har yili xayriya karvonlarini jo‘natib, muqaddas shaharlarning aholisiga moliyaviy yordam ko‘rsatganlar va Haramayn masjidlarini ta’mirlab, kengaytirib turganlar.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va Islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.