Alloh taologa shukrki, yurtimizda yangi masjidlarni bunyod etish, mavjudlarini zamonaviy shaklda qayta barpo qilish ishlari davom etmokda. Toshkent shahri Uch tepa tumani “Mirbobo ota” jome masjidining yangi binosi zamonaviylik va milliylikni inobatga olgan holda yangi loyiha asosida qaytadan qurish ishlari boshlab yuborildi.
Kecha bo‘lib o‘tgan xayrli tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ishtirok etib, masjid binosining birinchi g‘ishtini yaxshi tilak va xayrli duolari ila qo‘yib berdilar.
Marosimda ulamolar, masjid qavmi, mahalla faollari va mo‘ysafid otaxonlar ishtirok etdilar. Shuningdek, nuroniylar va ezgu niyatda yig‘ilgan qalbi pok insonlar ham birin-ketin poydevorga g‘isht quydilar.
Bunday ezgu ishga hissa qo‘shish istagidagi quruvchilar o‘z mahoratlarini ko‘rsatib, bor kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Zero, masjid qurishning savobi ulug‘ ekani Islom manbalarida bayon qilingan. Bu haqda Anas ibn Molik (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qilingan: “Kim masjidda bitta chiroq yoqsa, o‘sha chiroqning nuri o‘chgunicha farishtalar u kishining haqqiga istig‘for aytib turadilar”. Mana shunday savobli ishlarga muxlis xalqimiz masjid binosi qurilishida faol ishtirok etmoqdalar.
Haq taolo ushbu jome masjidning qad rostlayotgan yangi binosini fayzu barakotli aylasin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
"Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasi orqali xalqimizga ma’rifat ulashilmoqda. Ushbu nashrlarga eng ko‘p obuna tashkil qilgan xodimlar esa har yili taqdirlanadilar.
Bugun 12 may kuni Toshkent shahridagi "Shayx Zayniddin" jome masjidi majlislar zalida Toshkent shahar imom-xatiblari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov boshchiligida tashkil etilgan ushbu tadbir "Hidoyat" va "Mo‘minalar" jurnallari hamda "Islom nuri" gazetasiga faol obuna tashkil etgan imom-xatiblar taqdirlandilar va ularga esdalik sovg‘alari ulashildi.
Abu Mas’ud Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Kim bir yaxshilikka dalolat qilsa, unga o‘sha yaxshilikni qilganning ajridek ajr beriladi", deya marhamat qilganlar. Darhaqiqat, yaqinlarga, do‘stlarga yaxshilik ulashish, ma’rifat tarqatishga dalolat qilish tahsinga sazovor ishdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati