Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Iyun, 2025   |   1 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
26 Iyun, 2025, 1 Muharram, 1447

Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi

21.12.2018   2749   3 min.
Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi
Mamlakatimizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, ma’rifatli islom qadriyatlarini asrash va targ‘ib etish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Abu Iso Muhammad Termiziy kabi buyuk allomalarimiz nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari barpo etilayotgani, diniy ta’lim olish imkoniyatlari kengayayotgani, e’tiqod qiluvchilarning huquqlari himoya qilinib, ularga sharoitlar yaratilayotgani jahonda e’tirof etilmoqda. 
 
Joriy yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining yalpi sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani O‘zbekistonning diniy bag‘rikenglik borasidagi tashabbusining yorqin ifodasi bo‘ldi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan tashabbusi asosida qabul qilingan ushbu hujjat jahon xalqlari o‘rtasida mavjud dinlarga mansub ma’rifiy bag‘rikenglik madaniyatini kuchaytirishga xizmat qiladi.
 
Bu tarixiy voqea O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jahonda tan olinayotganidan, yurtimizning aynan ushbu masalalarda boy tarix va tajribaga ega ekanidan dalolat beradi. 
Poytaxtimizda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi davlatimiz rahbarining ayni sohasidagi ezgu tashabbuslaridan biridir. 
 
Shavkat Mirziyoyev joriy yil 15 iyun kuni ushbu markaz qurilishiga tashrif buyurib, inshoot poydevoriga ramziy tamal toshi qo‘ygan edi. 
 
Ayni paytda markaz qurilishi jadal olib borilmoqda. Bosh pudratchisi “12-trest” aksiyadorlik jamiyati bo‘lgan inshoot poydevori quyilib, devor ko‘tarilmoqda. Qurilish ishlari 3 smenada tashkil etilgan, ishchi-muhandislarga zarur sharoitlar yaratilgan.
 
Markaz loyihasi sharqona uslubda bo‘lib, birinchi qavatdan marosimlar zali, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni ta’mirlash, mavsumiy ko‘rgazma bo‘limlari, do‘konlar, muzey omborlari, 200 o‘rinli avtoturargoh o‘rin oladi. 
 
Ikkinchi qavatda kutubxona, anjumanlar zali, ajdodlarimizning islom dini, ilm-fan rivojiga qo‘shgan hissasi, san’at, ta’lim, shaharsozlik va me’morlik an’analariga bag‘ishlangan ko‘rgazma zallari, o‘rtada Usmon Qur’oni joylashadi. Uchinchi qavat axborot-resurs markazi, ilmiy kafedralar, xalqaro anjumanlar zali va boshqa xonalarni o‘z ichiga oladi.
 
Prezidentimiz qurilish jarayoni bilan tanishdi. Ko‘rgazmalar zalida O‘zbekiston tarixi davrlar bo‘yicha, har bir asr, har bir allomaga oid manbalar va ashyolar asosida namoyish etilishi zarurligini ta’kidladi.
 
– Hamma o‘z tarixini ulug‘laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo‘q. Bu merosni chuqur o‘rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak. Bu markazga kelgan odam tariximiz haqida to‘la tasavvurga ega bo‘lishi, katta ma’naviyat olib ketishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Davlatimiz rahbari markazni pardozlash va jihozlashni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
 
Umar Asrorov, O‘zA
 
 
 
O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda

25.06.2025   3871   2 min.
Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda

Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.

Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.

Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan  Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.

O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.

Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.

Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi. 

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda Indoneziya haj va umra asossiatsiyalari delegatsiyasi yurtimizda
Yangiliklar