frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

28.12.2018 y. Nafsni jilovlash – najot kaliti

21.12.2018   10365   16 min.
28.12.2018 y. Nafsni jilovlash – najot kaliti

بسم الله الرحمن الرحيم

Nafsni jilovlash – najot kaliti

اَلْحَمْدُ لِلَّهِ الَّذِي أَنَارَ النُّفُوسَ بِطَاعَتِهِ وَعَظَّمَهَا فَأَقْسَمَ بِهَا لِتَرْقِىَ فِي مَنَازِلِ جَنَّتِهِ ثُمَّ الصَّلَاةُ وَالسَّلَامُ عَلَى مَنْ أَرْسَلَهُ اللهُ مُعَلِّماً وَمُزَكِّياً لِلنُّفُوسِ وَمُبَشِّراً وَنَذِيراً وَعَلَى آلِهِ وَصَحْبِهِ وَمَنْ تَبِعَهُمْ بِإِحْسَانٍ إِلَى يَوْمِ الدِّيْنِ

Muhtaram jamoat! Dinimizda nafsni poklash, inson o‘zini-o‘zi tergab, ertangi kunga nima tayyorlaganiga nazar solib turishi o‘ta muhim ishlardan hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَلْتَنْظُرْ نَفْسٌ مَا قَدَّمَتْ لِغَدٍ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ خَبِيرٌ بِمَا تَعْمَلُونَ

(سورة الحشر الاية-18)

ya’ni:Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va (har bir) jon (egasi) ertangi kun (qiyomat) uchun nimani (qanday amalni) taqdim etganiga qarasin! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir(Hashr surasi, 18-oyat).

Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam o‘z nafsini tergab turgan kishini aqlli, hushyor inson deb ataganlar:

الكَيِّسُ مَنْ دَانَ نَفْسَهُ وَعَمِلَ لِمَا بَعْدَ الْمَوْتِ وَالْعَاجِزُ مَنْ أَتْبَعَ نَفْسَهُ هَواهَا وَتَمنَّى عَلَى اللهِ

(رواه الامام الترمذي)

ya’ni:Aqlli-hushyor kishi – o‘z nafsini tergagan va o‘limdan keyingi holat uchun amal qilgan insondir. Ojiz odam – nafsini havosiga ergashtirgan va Allohdan (ko‘p narsalarni) umid qilgan kishidir(Imom Termiziy rivoyati).

Umar ibn Xattob raziyallohu anhu shunday dedilar:

حَاسِبُوا أَنْفُسَكُمْ قَبْلَ أَنْ تُحَاسَبُوا، وَتَزَيَّنُوا لِلْعَرْضِ الْأَكْبَرِ وَإِنَّمَا يَخِفُّ الْحِسَابُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ

عَلَى مَنْ حَاسَبَ نَفْسَهُ فِي الدُّنْيَا

(رواه الامام الترمذي)

ya’ni: “Hisobga tortilishingizdan avval nafsingizni hisob-kitob qiling va buyuk ro‘para bo‘lish kuniga ziynatlaning (tayyorgarlik ko‘ring). Qiyomat kunidagi hisob faqat dunyoda o‘zini tergab turgan kishilargagina yengil bo‘ladi” (Imom Termiziy rivoyati).

Tazkiyatun nafs – nafsni yomon sifatlardan poklash, solih amallar bilan bezashdir. Muhosabatun nafs – inson o‘z nafsini tergab turishi, yomonliklardan qaytarib, yaxshilikka undab turishi bo‘lib, tazkiyatun nafsning bir qismidir.

Qur’oni karimda nafsini poklagan inson najotga erishishi o‘n bir o‘rinda qasam bilan zikr qilingan. Nafsni poklash haqida Qur’oni karimda takror-takror keladi:

(قَدْ أَفْلَحَ مَن زَكَّاهَا)

(سورة الشمس الاية-9)

ya’ni:haqiqatan, uni (nafsni) poklagan kishi najot topur(Shams surasi, 9-oyat). Bu oyat to‘g‘risida mufassir Ibn Kasir rahmatullohi alayh shunday deydi: “Bu oyatning ma’nosi: kim nafsini Alloh taoloning toati bilan poklasa, razil sifatlar va pastkashliklardan tozalasa, najot topadi, deganidir”.

Boshqa oyatda shunday deyiladi:

(وَأَمَّا مَنْ خَافَ مَقَامَ رَبِّهِ وَنَهَى النَّفْسَ عَنِ الْهَوَى فَإِنَّ الْجَنَّةَ هِيَ الْمَأْوَى)

(سورة النازعات الاية 40 – 41)

ya’ni: “Ammo, kimki Parvardigorining (huzurida) turishi (va hisobot berishi)dan qo‘rqqan va nafsini havolanishdan qaytargan bo‘lsa, bas, faqat jannatgina (unga) makon bo‘lur” (Naziat surasi, 40-41 oyatlar).

Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam hadisi shariflarida nafsini poklagan kishi imonning ta’mi (halovati)ni tatishini xabar berdilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Yana Payg‘ambarimiz alayhissalom Alloh taolodan nafsimizni poklashni so‘rab duo qilishni o‘rgatganlar:

اَللَّهُمَّ آتِ نَفْسِي تَقْوَاهَا، وَزَكِّهَا أَنْتَ خَيْرُ مَنْ زَكَّاهَا، أَنْتَ وَلِيُّهَا وَمَوْلَاهَا...

(رواه الامام مسلم)

ya’ni: “Ey, Alloh! Nafsimga taqvosini ato qilgin va uni poklagin. Zero sen eng yaxshi poklovchisan. Sen uning egasi va mavlosisan” (Imom Muslim rivoyati).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning risolat vazifalaridan biri ham Allohga mukammal ibodat qilishi uchun nafslarni poklash edi. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

لَقَدْ مَنَّ اللَّهُ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ إِذْ بَعَثَ فِيهِمْ رَسُولًا مِنْ أَنْفُسِهِمْ يَتْلُو عَلَيْهِمْ آَيَاتِهِ وَيُزَكِّيهِمْ وَيُعَلِّمُهُمُ الْكِتَابَ وَالْحِكْمَةَ وَإِنْ كَانُوا مِنْ قَبْلُ لَفِي ضَلَالٍ مُبِينٍ

(سورة آل عمران الاية-164)

ya’ni: “Alloh o‘z ichlaridan Allohning oyatlarini o‘qib beradigan, ularni (shirk va gunohlardan) musaffo qiladigan hamda ularga Kitob va Hikmatni ta’lim beradigan Payg‘ambarni yuborish bilan, mo‘minlarga in’om etdi. Ular esa bundan oldin aniq gumrohlikda edilar” (Oli Imron surasi, 164-oyat). Bu oyatdagi “Payg‘ambar”dan murod Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdir. Shuni yodda tutishimiz kerakki, inson nafsini poklashi Alloh taoloning tavfiqi va yordami bilan bo‘ladi.

Qur’oni karimda nafs uch xil sifat bilan kelgan:

  1. Xotirjam nafs – Rabbisining toati va amrlariga sokin, uning muhabbati va bandaligiga xotirjam bo‘lgan nafsdir.
  2. Malomatchi nafs – qo‘ldan boy berilgan yaxshilik va savoblar uchun egasini malomat qiluvchi nafs.
  3. Yomonlikka buyuruvchi nafs – egasini shahvatlar va botil narsalarga undovchi nafs. Aslida nafs johil bo‘lib, tarbiya va poklash natijasida Alloh taoloning inoyati bilan xotirjam nafsga aylanadi.

Jumhur ulamolar nafsni poklash, qalb kasalliklarini o‘rganish ummat uchun farzi kifoya ekanligi, lekin kimda biror qalb kasalligi bo‘lsa, uni ketkazish yo‘llarini o‘rganishi farzi aynga aylanishini bayon qilishgan.

Nafsimizni poklash uchun quyidagilarga amal qilishimiz kerak ekan:

  1. nafsni riyo, ujb (o‘zidan faxrlanish), baxillik, ochko‘zlik, ta’ma, oxirat hisob-kitobidan xotirjam bo‘lib qolish kabi yomon xislatlardan poklash;
  2. nafsni ixlos, inobat (Alloh taologa qaytish), Allohdan qo‘rqish, shukr va kamtarlik kabi chiroyli xislatlar bilan go‘zal qilish;
  3. farz ibodatlarni doimiy ado etib yurish, chunki Alloh taologa farzlardan ko‘ra sevimli amal yo‘q;
  4. nafl ibodatlarni ko‘p qilish, chunki banda nafl ibodatlar bilan Alloh taologa yaqinlik hosil qilib boraveradi, hatto Alloh taolo bandasini yaxshi ko‘rib qoladi;
  5. Qur’oni karimni tadabbur bilan qiroat qilish. Zero, Qur’on tilovati qalbni poklaydi, qalb poklansa, nafs ham poklanadi. Payg‘ambarimiz sallalohu alayhi vasallam:

إِنَّ هَذِهِ الْقُلُوبَ تَصْدَأَ كَمَا يَصْدَأَ الْحَدِيدُ إِذَا أَصَابَهُ الْمَاءُ قِيلَ يَا رَسُولَ اللهِ وَمَا جَلَاؤُهَا قَالَ:" كَثْرَةُ ذِكْرِ الْمَوْتِ

 وَتِلَاوَةِ الْقُرْآنِ"

(رَوَى الْاِمَامُ الْبَيْهَقِيُّ)

ya’ni: “Bu qalblar ham xuddi temir suv tekkanda zanglagani kabi zanglaydi”, – dedilar. Shunda: “Ey, Allohning rasuli, qalbni sayqallash (zangini ketkazish) qanday bo‘ladi? ” – deyildi. “O‘limni ko‘p eslash va Qur’on tilovat qilish”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati);

  1. ilm o‘rganish;
  2. nafsni tergab turish va nafsning shariatga zid xohishlariga qarshi kurashish. Bu orqali inson havoi nafs, shayton va dunyo lazzatlari ustidan g‘olib keladi. O‘tgan solihlardan biri Ibn Mehron rahmatullohi alayh: “Kishi o‘z nafsini do‘stini tergagandan ham qattiqroq tergab turmaguncha, yeyish-ichishi va kiyimi (haloldan yo haromdan ekani)ni bilmagunicha, taqvodorlardan bo‘la olmaydi”, – deganlar (Imom Termiziy rivoyati). Hasanul Basriy rahmatullohi alayh: “Bandaga o‘z nafsidan nasihatchi bo‘lsa va nafsni tergash e’tiborida tursa, u doim yaxshilikda bo‘ladi”, – deganlar;
  3. Solih insonlar bilan suhbatlashish va xulqi buzuq odamlarning suhbatidan chetda bo‘lish.

Nafsni poklash natijasida inson ikki dunyo saodati, qalb xotirjamligi hamda din va toat-ibodatda sobitlikka erishadi.

Alloh taolo barchamizga nafsimizni sayqallash va qalb kasalligidan poklanishimiz uchun tavfiq va inoyat bersin! Omin!

 

Muhtaram imom domla! Ushbu “nafsni jilovlash – najot kaliti” nomli juma mav’izasi tezisiga “2018 yil davomida erishilgan yutuqlar” haqidagi ilova yaqin kunlarda taqdim etilishini ma’lum qilamiz.

Shuningdek, masjidlarda namoz vaqtiga qat’iy rioya etib, xususan, juma namozini belgilangan vaqtdan o‘tkazmagan holda ado etishingiz va juma ish kuni bo‘lganligi uchun namozxonlarni ko‘p ushlanib qolishlariga yo‘l qo‘ymasligingiz tavsiya etiladi!

 

 

2018 yil 28 dekabrdagi “nafsni jilovlash –

 najot kalitinomli juma tezisiga ILOVA

 

Muhtaram jamoat! 2018 yili yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi, diniy sohada ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Quyida ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:

  • Yurtboshimiz tashabbuslari bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Respublika miqyosida 5 mingdan ortiq qorilar ishtirokida Qur’on musobaqasi tashkil etildi;
  • Xalqaro Islom sivilizatsiya markazi tashkil etilib, faoliyat yo‘nalishlari belgilab olindi va hozirda uning binosini qurilishi izchil davom etmoqda;
  • Halqaro islom akademiyasi tashkil etilib, hozirda o‘z tarkibidagi o‘rta ta’lim (litsey), oliy ta’lim (bakalavr, magistr) va tayanch doktoranturaga talabalar qabul qilib, faoliyatini davom ettirmoqda;
  • “Vaqf” xayriya jamoat fondi tashkil qilindi. Hozirgi kunda “Vaqf” tomonidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, imkoniyati cheklangan shaxslarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, Respublikamizdagi oliy va diniy ta’lim muassasalari talabalarining shartnoma pullariga ko‘maklashish, masjid va ziyoratgohlarni obod qilish va hokazo xayrli ishlar amalga oshirilmoqda;
  • Xalqimizning boshlang‘ich diniy ta’limga ehtiyoji borligini inobatga olib, diniy ta’lim muassasalarida uch oylik Qur’on va tajvid o‘qitish kurslari tashkil etildi;
  • Haj qiluvchilar soni oshirildi va yil davomida Umra qilish imkoniyati yo‘lga qo‘yildi;
  • Yil davomida 100 dan ortiq masjidlar kapital ta’mirdan chiqarildi va yana 10 dan ortiq yangi jome masjidlar ochildi;
  • O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Respublikamizdagi barcha imom-xatiblar o‘rtasida  "Eng ma’rifatli imom – 2018" ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi;
  • Har yili Yurtboshimiz tashabbuslari bilan mahkumlarga nisbatan qo‘llanilayotgan umumavf – amnistiya akti bo‘lgani kabi, bu yil ham Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 26 yilligi munosabati bilan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonlaridan afv e’lon qilindi. Unga ko‘ra, afv 136 kishiga daxl qiladi, shundan 98 kishi qamoqdan ozod etiladi. Zero, avf etmoq azaliy milliy va diniy qadriyatlarimizga to‘la hamohangdir. Inson o‘zi bilib-bilmay sodir etgan qilmishi, gunohini o‘z vaqtida tan olsa, vaqt o‘tkazmay, tavba qilib, bu ishlarni qayta takrorlamasligiga kafolat bersa, tavbasini nafaqat so‘zi, balki amallari bilan isbotlay olsa, o‘ziga nisbatan ko‘rsatilgan avfga munosib javob bergan bo‘ladi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

"كُلُّ بَنِي آدَمَ خَطَّاءٌ وَخَيْرُ الْخَطَّائِينَ التَّوَّابُونَ"

(رواه الإمام الترمذي والإمام ابن ماجه) ‏)

ya’ni: “Odam bolasining har biri gunoh qiladi, ammo ularning ichida eng yaxshilari – gunohlariga tavba qilganlaridir” (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyati);

  • Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan tarixiy nutqida quyidagi dolzarb masalalarga alohida to‘xtalib: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat’iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi”, – deya ta’kidlagan edi.

Bunday haqqoniy yondashuv xalqaro doiralarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. BMT Xavfsizlik Kengashining 2017 yil 21 dekabrdagi 2396-sonli Rezolyutsiyasida: “Terrorizm, zo‘ravon  ekstremizm hech bir irq, din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emas va bog‘liq holda talqin qilinmasligi kerak”, – deya qayd etildi.

2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. Bu O‘zbekiston rahbariyati tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarning yana bir hayotiy ifodasiga aylandi.

Xullas, bu islohotlar yurtimiz mo‘min-musulmonlari hayotiga xursandchilik olib keldi, ularga o‘ziga xos g‘ayrat, o‘zgacha shijoat baxsh etdi. Shu sevimli Vatan farzandlari sifatida hech ham noshukrlikka yo‘l qo‘ymay, ko‘pdan-ko‘p shukrona qilish burchimizdir. Chunki noshukrlik ne’matlarni qo‘ldan ketishiga sabab bo‘ladi. Alloh taolo ne’matlarga shukr qilsak, ziyoda qilish va’dasini bergan.

... لَئِنْ شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ ...

  (سورة إبراهيم الآية-7)

ya’ni: “...agar (bergan ne’matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman...” (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Muhtaram azizlar! Mana, 2018 yilning ham tugashiga sanoqli kunlar qolib, yangi 2019 yil kirib kelishi arafasida turibmiz. Bu degani umrimizning yana bir yili tugab, yangi sahifasi ochilmoqda. Shuning uchun barchamiz o‘tgan umrimizdagi yaxshi-yomon ishlarimizdan xulosa qilib, yangi 2019 yilni faqat yaxshi amallar, savobli ishlar, dunyo va oxiratimiz uchun zaxira bo‘ladigan amali solihlar bilan o‘tkazishni maqsad qilmog‘imiz lozimdir. O‘tgan solih zotlar kishining ertangi kuni bugunidan yaxshi va foydali bo‘lishi haqida shunday deganlar:

مَنْ اسْتَوَى يَوْمَاهُ فَهُوَ مَغْبُونٌ

ya’ni: “Kimni ikki kuni bir xil bo‘lsa, u kunini qadriga yetmabdi”.  

Demak, mo‘min-musulmon kishi har yangi kelayotgan kunini qadriga yetib, uni o‘tgan kunidan ko‘ra ko‘proq va yaxshiroq savobli amallar bilan o‘tkazishga harakat qilmog‘i lozim. O‘tgan kundagi ishlariga mag‘rurlanib, o‘sha bilan kifoyalanib qolib, yanada ko‘proq harakat qilishga oshiqmaslik – oqil mo‘minning ishi emasdir. Shu nuqtayi nazardan biz kelayotgan yangi yilga yaxshi amallarimiz uchun zaxira bo‘ladigan umrimizning bir qismi degan e’tibor bilan qarashimiz lozim.

Ba’zilarning “yangi yil kutish mutlaq joiz emas, u faqat xristianlarning bayrami” deb qarashlari to‘g‘ri emas. Chunki, biz uni xristianlarning bayrami sifatida va ularga o‘xshab nishonlamaymiz, balki yilning yangilanishi, umrimizga umr qo‘shilishi, eski yilda qilib ulgurmagan xayrli ishlarimizni yangi yilda qilish uchun yaxshi niyatlar bilan kutib olamiz.

Qolaversa, har bir kunni qarshi olishda “Mana shu yorug‘ kunga salomat yetkazganingga shukr”, – deb Alloh taologa hamdu sanolar aytishimiz yaxshi odatlarimizdandir.

Alloh taolo 2019 yilda qilinadigan barcha sohadagi islohotlarimizni fayzli va barakali qilib, bundanda ziyoda aylasin! Omin!

 

 

 

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

28.08.2026   47096   18 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)

 

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.

Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.

Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.

Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.

Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!

 

Qadrli do‘stlar!

Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.

Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.

Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.

Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.

Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.

E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.

Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?

Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.

Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.

Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.

Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.

Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.

Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.

 

Aziz vatandoshlar!

Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.

O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz

o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.

Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

 

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.

Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.

Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.

Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!

Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!

Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.

Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.

Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.

Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

 

Aziz do‘stlar!

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.

 

Qadrli yurtdoshlar!

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Aziz vatandoshlar!

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.

Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.

O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.

O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.

Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.

Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!

Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.

Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!

Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!

Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!

Yashasin O‘zbekiston xalqi!

O'zbekiston yangiliklari