Saudiyalik mehmonlar e’tirofi
14 noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligidan bir guruh mehmonlar yurtimizga tashrif buyurishdi. Martabali mehmonlar Toshkent shahridagi “Minor” jome masjidida juma namozini mo‘min-musulmonlarimiz bilan birga-birga ado etdilar. Shundan so‘ng, Diniy idora Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi Rahmonov tomonidan saudiyalik mehmonlarga ushbu muhtasham jome masjidning faoliyati, namozxonlar kayfiyati, olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari va yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi ulkan o‘zgarishlar haqida so‘zlab berdi. Podshohlikdan kelgan mehmonlar, haqiqatan, O‘zbekiston zaminida so‘nggi yillarda katta yangilanishlar va ijrootlar bo‘layotganini e’tirof etishdi.
Otinoyilar uchun o‘quv-seminari tashkil etildi
11-14 dekabr kunlari Farg‘ona viloyatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi va viloyat hokimligi bilan hamkorlikda otinoyilar uchun o‘quv-seminar tashkil etildi. Seminarni O‘zbekiston Musulmonlari idorasi, Xalqaro Islom akademiyasi doktorantlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xodimlaridan iborat mutaxassislar ishtirok etib, belgilangan dastur asosida ma’ruzalar va davra suhbatlari o‘tkazdi. O‘quv-seminar dolzarb mavzularga boy savol-javoblar asosida bo‘lib o‘tdi.
Nukusdagi bilim yurtida tinglovchilarga sertifikat topshirildi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining buyrug‘iga muvofiq Nukus shahridagi Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurtida tashkil etilgan “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kursining ikkinchi davra o‘quv mashg‘ulotlari yakunlandi. Joriy yilning 10 dekbr kuni Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy o‘rta maxsus islom bilim yurtida mazkur o‘quv kurslarining ikkinchi davra tinglovchilariga bilim yurti tomonidan “Qur’oni Karim va tajvid kursi”ni yakunlaganini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.
Nurgoho Sukamdani: “Asosiy maqsad foyda olish emas, Alloh rizoligini topish”
18 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mamlakatimizga tashrif buyurgan Indoneziyaning “Sahid” nomli vaqf fondi rahbari Nurgoho Sukamdanini qabul qildilar. Mehmonga Indoneziyadagi “Istiqlol” muzeyi mas’ul xodimi janob Sayfuddin va diniy ta’lim muassasalari majmuasi rahbari Anda Xonim hamrohlik qildi. Samimiy muloqot chog‘ida Nurgoho Sukamdani janoblari Malayziya fondi tomonidan O‘zbekistonda qurilayotgan mehmonxonalar, ziyorat turizmini rivojlantirish, halol standartlash, diniy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qitish borasida hamkorlik qilish va “Istiqlol” muzeyida O‘zbekiston pavilionini tashkil etish takliflarini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi diniy ta’lim berish tizimiga alohida qiziqish bildirdi. Nurgoho Sukamdani janoblari mana shunday ishlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad foyda olish emas, Alloh rizoligini topish ekanini bildirdi.
Qashqadaryoda Turkiya agentligi ikkita tarixiy obidani ta’mirlaydi
Qashqadaryo viloyatida 2019 yilda Turkiya davlatining TIKA agentligi ko‘magida Kitob tumanidagi Xo‘ja Ilm Kon va Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy majmualarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish ishlari amalga oshiriladi. Qashqadaryo viloyatidagi tarixiy-madaniy obidalarni restavratsiya qilish va hududlarni obodonlashtirish dasturiga ko‘ra Qarshi tumanidagi Imom Abu Mu’in an-Nasafiy majmuasi va Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar majmuasini restavratsiya qilish ishlari joriy yilda boshlangan bo‘lib, 2019 yilda yakunlanishi ko‘zda tutilgan. Ma’lumot uchun, ayni paytda Qashqadaryo viloyatida 1 321 ta madaniy meros obyekti ro‘yxatga olingan bo‘lib, mavjud ziyoratgohlarni obodonlashtirish natijasida 2018 yilda sayyohlar oqimi o‘tgan yilga nisbatan 2 barobarga ortgan.
Qur’oni karimning 900 yillik nusxasi topildi
Eron Islom Respublikasining Tehron shahridagi muzeyda Qur’oni karimning 12 asrga tegishli nusxasi namoyish etildi. Joriy yilning 16 dekabr kuni Reza Abbosiy muzeyida tadqiqotchilar va qo‘lyozma mutaxassislari ishtirok etgan anjumanda qadimiy Mus'haf ko‘zdan kechirildi. Ushbu nusxa 1150 yilga tegishli bo‘lib, xattot Abul Fahr ibn Abilfazl al Zafaroniy tomonidan ko‘chirilgan va unga Zafaroniy nusxasi deb nom berilgan.
Madridda Islom madaniyati markazi ochildi
Ispaniya Qirolligining poytaxti bo‘lgan Madrid shahrida Islom madaniyati va diniy bag‘rikenglik markazi o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu marosimda Ispaniya oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va mamlakatda faoliyat olib borayotgan diplomatik vakolatxona rahbarlari ishtirok etgan. Birlashgan Arab Amirliklarining Diniy bag‘rikenglik vaziri Shayx Nahyan bin Muborak ham Markazning ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. vazir uz nutqida bu loyiha jahonda turli din vakillari o‘rtasida hamjihatlikni ta’minlashni maqsad qilganini qayd etdi.
AQSHda masjidlar "ochiq masjidlar kuni"ni tashkil etishdi
AQSHning Ogayo shtatidagi masjidlarda joriy yilning 16 dekabr kuni "Ochiq masjidlar kuni" tashkil etildi.Ogayodagi Markaziy Ogayo masjidida ham ushbu tadbir keng miqyosda tashkil etildi. Ushbu tadbir Ogayo shtatida tarixida ilk bor o‘tkazilayotgani qayd etilgan. Loyihadan ko‘zlangan maqsad musulmonlarga nisbatan jamoatchilikda shakllangan fikrni o‘zgartirish ekani ta’kidlangan. Shtat aholisi e’tiqodlararo hamkorlik masalasida qilingan ushbu g‘oyani qo‘llab-quvvatlashgan. Tashrif buyurganlar yengil taomlardan iste’mol qilishlari, musulmonlar hayoti bilan tanishishlari va Islom dini haqida ma’lumot olishlariga imkoniyat yaratilgan.
"Muruvvat karvoni" sirdaryoliklar ko‘nglini shod qildi
15 dekabr kuni «Vaqf» xayriya jamoat fondi tomonidan “Muruvvat karvoni”ning navbatdagi xayriya yuklari Sirdaryo viloyatiga yetkazildi. Ushbu viloyatda o‘tkazilgan xayriya tadbirlari davomida muxtojlarga 20 dona nogironlik aravachasi, 315 metr ayollar gazlamasi, 500 kg shakar, 500 litr yog‘, 74 dona Rosululloh ramazonda audio diski, 296 dona kitoblar (Hazrati Qusam ibn Abbos-Shohizinda, Tafsiri Irfon (19-22 juz), (22-25 juz), (26-28 juz)) kitoblari va pul mablag‘lari beg‘araz taqdim etildi. Eslatib o‘tamiz “Vaqf” fondi xayru ehsoningizni o‘z egalariga yetkazishda ochiqlik va xolislikni kafolatlaydi, mablag‘larni shaffoflik asosida haqdorlarga yetkazilayotganini vaqf.uz sayti orqali kuzatib boring.
O‘MI matbuot xizmati
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati