Amerikaga ilk bor musulmonlar borishgan
Xashxosh ibn Sa’iyd arab dengizchisi edi. Andaluslik erkaklardan bir guruhini to‘pladi, ularni oziq-ovqat va yo‘l uchun kerak bo‘ladigan narsalar bilan ta’minladi. Keyin barchalari Atlantik ummonini kemada suzib o‘tib, “noma’lum yer”ga borishdi. Bu Amerika qit’asi edi. U yerdan bir qancha qimmatbaho toshlar va oltin olib qaytishdi. Bu voqea milodiy 889 yilda, ya’ni Kolumbdan 570 yil oldin sodir bo‘lgan edi.
Demak, Amerika qit’asiga ilk bor musulmonlar tashrif buyurishgan.
Buyuk sarkarda
Xolid ibn Valid roziyallohu anhu ulug‘ sahobalardan bo‘lib, Quraysh qabilasining Banu Maxzum urug‘idan edilar. Hijratdan taxminan 30-34 yil oldin, milodiy 592 yilda Makkai Mukarramada tavallud topdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga “Sayfulloh” (Allohning qilichi) deb laqab berdilar. U zot Islomdagi eng buyuk qo‘mondon, sarkarda hisoblanadilar. U kishi 100 dan ortiq harbiy yurishlarda qo‘mondonlik qilib, shu urushlardan birortasida yengilmagan ekanlar. Ammo u kishining vafotlari hijriy 21 yilda, milodiy 642 yilda urush maydonida emas, uylarida, to‘shaklarida bo‘ldi.
“Sihohi sitta”
“Oltita sahih” (“Sihohi sitta”) hadis kitoblarini yozganlarning tug‘ilib-o‘sgan joylari:
Imom Buxoriy rahimahulloh “Sahihul Buxoriy” kitobini yozganlar. Tug‘ilgan joylari O‘zbekiston.
Imom Muslim rahimahulloh “Sahihu Muslim” kitobini yozganlar. Tug‘ilgan joylari Eron.
Imom Abu Dovud rahimahulloh “Sunani Abu Dovud” kitobini yozganlar. Tug‘ilgan joylari Eron.
Imom Termiziy rahimahulloh “Sunani Termiziy” kitobini yozganlar. Tug‘ilgan joylari O‘zbekiston.
Imom Nasoiy rahimahulloh “Sunani Nasoiy” kitobini yozganlar. Tug‘ilgan joylari Turkmaniston.
Imom Ibn Moja rahimahulloh “Sunani Ibn Moja” kitobini yozganlar. Tug‘ilgan joylari Eron.
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
- 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ
Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.
Nazmiy bayoni:
Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.
Lug‘atlar izohi:
وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.
حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.
وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.
الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.
عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.
اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.
بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.
اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.
Matn sharhi:
Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.
O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:
“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].
Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.
Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni