Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Dekabr, 2024   |   21 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:20
Quyosh
07:46
Peshin
12:27
Asr
15:17
Shom
17:01
Xufton
18:21
Bismillah
22 Dekabr, 2024, 21 Jumadul soni, 1446

Muharram oyining qanday fazilatlari bor?

22.07.2023   1331   5 min.
Muharram oyining qanday fazilatlari bor?

Alloh taolo o'ta mehribon va karami keng, fazli ulug' va hikmati benazir Zotdir. Zotan, buyuk Alloh yaratgan mavjudotlarining ba'zisini ba'zisidan o'zining hikmati o'laroq fazilatli qilib qo'ygan.

Ana shunday fazilatga muharram oyini misol qilishimiz mumkin. Bu oy muborak, fazli ulug' oy bo'lib, hijriy sananing birinchi oyidir. Shu bilan birgalikda, muharram oyi urush harom qilingan muqaddas oylarning biri hisoblanadi. Alloh taolo Qur'oni karimda:

 إِنَّ عِدَّةَ الشُّهُورِ عِنْدَ اللَّهِ اثْنَا عَشَرَ شَهْرًا فِي كِتَابِ اللَّهِ يَوْمَ خَلَقَ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضَ مِنْهَا أَرْبَعَةٌ حُرُمٌ ذَلِكَ الدِّينُ الْقَيِّمُ فَلَا تَظْلِمُوا فِيهِنَّ أَنْفُسَكُمْ 

Albatta, Allohning nazdida oylarning adadi – Allohning osmonlar va Yerni yaratgan kunidagi bitigiga muvofiq – o'n ikki oydir. Ulardan to'rttasi (urush) taqiqlangan oylardir. Ana shu to'g'ri dindir. Bas, o'sha (oy)larda (jang qilib) o'zingizga zulm qilmangiz!… (Tavba surasi, 36-oyat).

Dinimizda urush taqiqlangan to'rt oy bor. Ular – Zulqa'da, Zilhijja, Muharram va Rajab oylaridir.

Abu Bakra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Bir yil o'n ikki oydan iborat. Shulardan to'rttasi harom (urish taqiqlangan) oylardir. Uchtasi ketma-ket keladi. Zul-qa'da, Zul-hijja va Muharram oylari va to'rtinchisi Jumod va Sha'bon orasidagi Muzor qabilasining Rajab oyidir” (Buxoriy rivoyati).

Demak, bu oy Alloh subahanahu va taoloning nazdida juda maqomi ulug' oylardan ekan. Bu oyni qadrlab ko'proq yaxshi ezgu amallarga intilmog'imiz darkordir. Shariatimizda ham ko'proq nafl ibodatlarni qilishga targ'ib etilgan. Payg'ambarimiz alayhissalom: “Afzallikda Ramazon oyining ro'zasidan keyin Allohning oyi Muharram ro'zasi turadi”-deb marhamat qilganlar (Muslim rivoyati). Hadisi sharifda muharram oyini “Allohning oyi” deb aytilmoqda. Bu shu oyning ulug'ligidan hamda fazilatlarining ko'pligiga dalolat  qiladi.

Muharram oyining eng afzal kuni o'ninchi kunidir. Bu kunni dinimizda “yavmu ashuro” ashuro kuni deb yuritiladi. “Ashuro” so'zi lug'atda “o'ninchi kun” degan ma'noni bildiradi. Muharram oyining o'ninchi kuni Ashuro nomi bilan mashhur bo'lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunda ro'za tutishga qiziqtirganlar. Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro ro'zasini o'ninchi kuni tutishga amr qilgandilar” (Termiziy rivoyati). Hanafiy mazhabimiz ulamolari ashuro kuni ya'ni muharram oyining to'qqizinchi va o'ninchi kunlari ro'za tutishni sunnat deyishgan.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu kun – Ashuro kuni ro'zasini boshqasidan afzal ko'rib, sog'inib va ushbu oy – Ramazon oyi ro'zasini istab sog'ingandek, boshqa kun va oy ro'zasini istaganlarini ko'rmadim, deganlar” (Buxoriy rivoyati).

Abu Qatoda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan umid qilamanki, Ashuro kunining ro'zasini o'zidan oldingi sana (gunohlari)ning kafforoti bo'lsa”, dedilar” (Termiziy rivoyati). Bir kun nafl ro'za tutgan bandaga Yaratganning marhamatini qarang? To'liq bir yillik gunohlarni kechirilishi bo'lsa?! Bunday fazl Buyuk Allohning marhamatidandir.

Abu Sa'id roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo'yi kenglik yaratadi”, dedilar”. Ushbu rivoyatdagi kenglik yaratishdan maqsad emoq, ichmoq, xursandchilik ma'nosidagi bemalollikdir.

Ulamolarimiz: “Kim Zul-hijja va Muharram oylarini ro'zasini tutsa, go'yo yilni toat-ibodat bilan tugatib, toat-ibodat bilan boshlabdi. Umid qilamiz-ki, yil davomida shu fazilat ega bo'linsa”-deb ta'kidlaganlar.

Demak, muharram oyini xususan, ashuro kunining fazilatidan umid qilib, yaxshi amallarga bel bog'lasak, Allohning ulug' fazlu barakotiga ega bo'lib, ham dunyomiz ham oxiratimiz, ham tiriklarimiz ham vafotlarimiz, ham xonadonimiz ham yurtimizga rahmat va mag'firatlar yog'ilsa deb umid qilamiz. Yaratgan barchamizni ulug' kunlar fazlidan nasib etsin!

Jaloliddin Hamroqulov,

O'zbekiston musulmonlari idorasi raisi o'rinbosari

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

20.12.2024   5224   5 min.
Jannatga kirish Allohning rahmati bilan bo‘lishi bayoni

 

 - 54دُخُولُ النَّاسِ فِي الْجَنَّاتِ فَضْلٌ مِنَ الرَّحْمَنِ يَا أَهْلَ الأَمَالِ
 

Ma’nolar tarjimasi: Ey umidvor bandalar, insonlarning jannatlarga kirishlari Ar-Rohmanning fazlidir.

Nazmiy bayoni:

Jannatga erishmoq Ar-Rohman fazli,
Bu muhim e’tiqod, ey umid ahli.

Lug‘atlar izohi:

دُخُولُ – mubtado.

النَّاسِ – muzofun ilayh.

فِي – jor harfi اِلَى ma’nosida kelgan.

الْجَنَّاتِ – lug‘atda “darxtzor bog‘” ma’nosini anglatadi. Jor majrur دُخُولُ ga mutaalliq.

فَضْلٌ – xabar. Lug‘atda “marhamat” va “muruvvat” kabi ma’nolarni anglatadi.

مِنَ – “tabyiniya” (uqtirish) ma’nosida kelgan jor harfi.

الرَّحْمَنِ – jor majrur فَضْلٌ ga mutaalliq.

يَا – yaqinga ham, uzoqqa ham ishlatiladigan nido harfi.

أَهْلَ الأَمَالِ – muzof munodo. Lug‘atda “umidvorlar” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

 

Matn sharhi:

Qaysi bir inson jannatga kiradigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning lutfu marhamati bilan kirgan bo‘ladi. Shuning uchun U mehribon zotning fazlu marhamatidan umidvor bo‘lib harakat qilish lozim.

Jannatdagi darajalar qilingan amallar e’tiboriga ko‘ra egallansa-da, unga kirish faqat va faqat Alloh taoloning fazlu marhamatiga bog‘liq bo‘ladi. Bu haqiqatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari alohida ta’kidlaganlar:

عَنْ عَائِشَةَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ سَدِّدُوا وَقَارِبُوا وَاعْلَمُوا أَنْ لَنْ يُدْخِلَ أَحَدَكُمْ عَمَلُهُ الْجَنَّةَ وَأَنَّ أَحَبَّ الْأَعْمَالِ إِلَى اللَّهِ أَدْوَمُهَا وَإِنْ قَلَّ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “To‘g‘ri bo‘linglar, g‘uluga ketmanglar, bilinglarki sizlardan birortangizni amali jannatga kiritmaydi, albatta amallarning Allohga sevimlirog‘i oz bo‘lsa-da, davomlirog‘idir”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Ya’ni biror inson ham yaxshi amallari ko‘pligi sababli o‘zining jannatga kirishini naqd qilib qo‘ya olmaydi, balki jannat faqatgina Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lgan baxtli insonlargagina nasib etadi.

Shuning uchun har bir banda Alloh taoloning rahmatidan umidvor bo‘lib yashashi lozim. Qur’oni karimda taqvodor bandalarning jonlari olinayotganda farishtalar ularga salom berib, jannat bashoratini berishlari bayon qilingan:

“Qilib o‘tgan amallaringiz bilan jannatga kiringiz!” – derlar”[1].

Ushbu oyati karimadagi ب harfi “sababiya” ma’nosida bo‘lsa ham, “badaliya” ma’nosida bo‘lsa ham, hadisda bayon qilingan ma’noga zid bo‘lib qolmaydi. Agar “sababiya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz sababli Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” degan ma’no tushuniladi. Agar “badaliya” ma’nosi beriladigan bo‘lsa, “qilib yurgan yaxshi ishlaringiz badaliga Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘ldingiz, jannatga kiring” bo‘ladi.

Modomiki, barcha Alloh taoloning rahmatiga sazovor bo‘lish bilangina jannatga kirar ekan, doimo U zotning rahmatidan umid uzmay amal qilib borish lozim. Ammo umidvor bo‘lish bilan xom xayol surishning orasini ajratib olish kerak. Xom xayol surish – biron ish qilmasdan faqatgina “shirin xayol” surishning o‘zi bo‘lsa, umidvor bo‘lishning o‘ziga yarasha bir qancha shartlari bor.

 

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar

Umidvor bo‘lish va xom xayol surish orasidagi farqlar haqida “Talxisu sharhi aqidatit Tahoviya” kitobida quyidagilar aytilgan:

“Kimki bir narsadan umidvor bo‘lsa, uning umidvorligi bir qancha ishlarning bo‘lishi zarurligini keltirib chiqaradi:

1. Umid qilgan narsasiga muhabbatli bo‘lishi;

2. Umid qilgan narsasiga erisholmay qolishdan qo‘rqishi;

3. Umid qilgan narsasiga erishish uchun imkoni boricha harakat qilishi.

Ushbularning birortasiga ham bog‘lanmasdan, umid qilish xom xayol surish bo‘ladi. Umidvorlik va xom xayol surish boshqa-boshqa narsalardir”[2].

Demak, kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga muhabbatli bo‘lishi, uni doimo yodida saqlashi va unga olib boradigan yo‘llardan yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erisholmay qolishidan qo‘rqishi, undan ajratib qo‘yadigan narsalardan saqlanib yurishi lozim.

Kimki Alloh taolodan o‘zini jannatga tushirishini umid qilayotgan bo‘lsa, o‘sha umid qilgani jannatga erishishi uchun unga erishtiradigan barcha omillarni ishga solib imkoni boricha harakat qilishi lozim. Alloh muvaffaq qilsin.

 

Keyingi mavzular:
Ulug‘ hisob-kitob bo‘lishi bayoni.

 


[1] Nahl surasi, 32-oyat

[2] Muhammad Anvar Badaxshoniy. Talxiysu sharhi aqidatit-Tahoviy. – Karachi: “Zamzam babilsharz”, 1415h. – B. 130.