Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilib kelinayotgan "Eng ma’rifatli imom – 2018" ko‘rik tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi. Unda tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichida birinchi o‘rinni egallagan 14 nafar imom-xatib bellashdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbar xodimlari, ulamolar, imom-xatiblar va ommaviy axborot vositasi xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilgan ballar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.
1 o‘rin: Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahridagi «Xudoyorhoji» jome masjidi imom-noibi Abduvohid Ahmadaliyev. Unga O‘zbekiston musulmonlari idorasining birinchi darajali diplomi va "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan noutbuk va 3.000.000 so‘m pul mukofoti topshirildi.
2 o‘rin: Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi «Kulolqo‘rg‘on» jome masjidi imom-xatibi Yahyoxon Abdurahmonov. Unga O‘zbekiston musulmonlari idorasining ikkinchi darajali diplomi va "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan LCD 42 televizor va 2.500.000 so‘m pul mukofoti topshirildi.
3 o‘rin: Toshkent viloyati Qibray tumanidagi «Sa’dullo ota» jome masjidi imom-xatibi Obidjon Mirhamidov . Unga O‘zbekiston musulmonlari idorasining uchinchi darajali diplomi va "Vaqf" xayriya jamoat fondi tomonidan taqdim etilgan mikro to‘lqinli pech va 2.000.000 so‘m pul mukofoti topshirildi.
Bundan tashqari, bir qancha nominatsiyalar bo‘yicha ham g‘oliblar nomi e’lon qilindi.
"Eng ko‘p obuna uyushtirgan imom" nominatsiyasi bo‘yicha Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi "Nurul Islom" jome masjidi imomi Ozod Nazarov;
"Eng ko‘p maqola chop etgan imom" nominatsiyasi bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi "Fazli" jome masjidi imomi Azamat Usmonov;
"Eng obod masjid" nominatsiyasi bo‘yicha Urganch shahridagi "Oxun bobo" jome masjidi;
"Eng innovatsion yondashuv" nominatsiyasi bo‘yicha Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanidagi "Domlo Omonullo" G‘anijon Abiyev va Andijon viloyati Oltinko‘l tumanidagi "Dalvarzin" jome masjidi imomi Iskandar Ortiqov taqdirlandilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qur’oni karim va tajvidni o‘rgatish bo‘limi mudiri Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li hamda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Jasurbek domla Raupov Bekobod shahridagi Qur’on va tajvid markaziga tashrif buyurdilar.
Markaz ma’muriyati hamda u yerda ta’lim olayotgan tinglovchilar bilan bo‘lib o‘tgan suhbat har jihatdan samarali bo‘ldi. Xususan, uchrashuvda Shayx Alijon qori hafizahulloh Qur’oni karimni yodlash fazilatlari, bu borada yaratilgan shart-sharoitlarning qadriga yetish, shukrona keltirish, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda go‘zal mav’iza qilib berdilar.
Haqiqatan, Qur’oni karimni yodlash, oyatlar ma’no-mazmunlarini tafakkur va tadabbur qilish ibodat va chinakam saodatdir.
Usmon ibn Affon roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: "Sizlarning yaxshilaringiz Qur’oni karimni o‘rgangan va o‘rgatganlaringizdir", deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati