Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Quyosh kema kabi harakatlanishini bilarmidingiz?

20.12.2018   3484   3 min.
Quyosh kema kabi harakatlanishini bilarmidingiz?

Oldinlari “Quyosh harakat qilmaydi” deb o‘ylanar edi. Bu gap Qur’oni Karim oyatiga ziddir.

Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:

وَالشَّمْسُ تَجْرِي لِمُسْتَقَرٍّ لَّهَا ذَلِكَ تَقْدِيرُ الْعَزِيزِ الْعَلِيمِ

“Quyosh o‘z istiqrori uchun jarayon etar. Bu azizu o‘ta bilguvchi zotning taqdir qilganidir”. (Oyatda quyoshning o‘z istiqrori uchun ajratilgan makonda va zamonda jarayon etishi–harakatlanishi haqidagina gap ketmoqda.) (Yosin surasi, 38-oyat).

Darhaqiqat, Quyosh o‘zining barcha sayyoralari bilan birga juda katta tezlikda Somon yo‘li galaktikasining markazi atrofida aylanadi. U galaktika markazi atrofini 225 million yildan ko‘proq vaqtda bir marta to‘la aylanib chiqadi. Agar biz farazan Quyoshning harakatiga tashqaridan nazar solsak, uning harakati xuddi mavjli dengizdagi kemaning harakatiga o‘xshab, pastlab-ko‘tarilishdan iborat ekan. Qur’onning ushbu harakat haqidagi xabarida  وَالشَّمْسُ تَجْرِي (“Vashshamsu tajriy”) deyilgan. E’tibor bering “tajriy” fe’li ishlatilgan.

Biz yuqorida Quyoshning galaktika markazi atrofidagi harakati kemaning mavjli dengizdagi harakatiga o‘xshaydi dedik. Qur’oni Karimda kemaning harakati borasida ham bir necha oyatlar bor. Shulardan birini keltirsak:

أَلَمْ تَرَ أَنَّ الْفُلْكَ تَجْرِي فِي الْبَحْرِ بِنِعْمَتِ اللَّهِ لِيُرِيَكُم مِّنْ آيَاتِهِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِّكُلِّ صَبَّارٍ شَكُورٍ

“Kemalar Allohning ne’mati ila sizga Uning oyat-belgilarini ko‘rsatish uchun dengizda yurganini ko‘rmadingmi?! Albatta, bunda har bir o‘ta sabrli va o‘ta shukrlilar uchun oyat-belgilar bordir” (Luqmon surasi, 31-oyat).

Bu oyatdagi kemaning dengizda yurishini ifoda etgan so‘z ham تَجْرِي (“tajriy”) bo‘lib kelgan.

Yuqoridagi oyatda Quyoshning harakatini ifoda etuvchi so‘z تَتَحَرَّكُ  (tataharraku – harakat qiladi), تَدُورُ (taduuru – aylanadi), تَسِيْرُ (tasiyru – sayr qiladi) tarzida emas, balki aynan تَجْرِي (tajriy) tarzida kelgan. Bu esa Quyoshning bir tekis emas, balki kemaning mavjli dengizdagi harakatiga o‘xshash harakat qilishiga ishoradir.

Shunday qilib, Alloh taolo Luqmon surasidagi oyatda kemaning harakatini “tajriy” so‘zi bilan bayon etdi. Yosin surasidagi oyatda Quyoshning harakatini ham “tajriy” so‘zi bilan bayon qildi. Bu esa yuqorida aytganimizdek, Quyoshning galaktika markazi atrofidagi harakati bir ko‘tarilib, bir tushish tarzidagi harakat ekaniga ishoradir.  

Endi bundan o‘n to‘rt asr oldin biror kishi Quyoshning harakat qilishi haqida, qilganda ham dengizda ketayotgan kemanikiga o‘xshash harakat qilishi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q! Chunki o‘tgan asrda ham olimlar “Quyosh harakatlanmaydi” deb yurishardi. Quyoshning ham harakat qilishini insoniyat yaqin yillar ichida bildi.

Bundan bir ming to‘rt yuz yil oldin Qur’oni Karimda bu ilmiy haqiqatning o‘ta nozik iboralar bilan aytib qo‘yilgani Qur’on Allohning haq Kalomi ekaniga, u nozil qilingan inson – Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning haq Rasuli ekanliklariga ochiq-oydin dalildir!

Subhanalloh!

 

  

Abduddoim Kahelning maqolasidan

Nozimjon Iminjonov tarjimasi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

10.01.2025   890   5 min.
Dunyoning yo‘qdan bor qilingani bayoni

 - 59وَدُنْيَانَا حَدِيثٌ وَالْهَيُولَى عَدِيمُ الْكَوْنِ فَاسْمَعْ بِاجْتِذَالِ


Ma’nolar tarjimasi: Dunyomiz yo‘qdan bor qilingandir va “hayulo” esa bo‘lmagan narsadir (buni sen) shodlik bilan eshitgin.


Nazmiy bayoni:

Dunyomiz yaratilgan, “hayulo” esa,
Shodlik-la eshitgin bo‘lmagan narsa.

Lug‘atlar izohi:

وَدُنْيَانَا – mubtado, muzof muzofun ilayh. Bu kalimadan Aloh taolodan boshqa mavjudotlar ko‘zda tutilgan.

حَدِيثٌ – xabar. “Hodis” lug‘atda “yangi”, “yaqinda bor bo‘lgan” ma’nolariga to‘g‘ri keladi. Dunyo yo‘qdan bor qilingani uchun unga nisbatan shu kalima ishlatiladi. فُعْلَى vazni muzakkar va muannislikda teng ishlatilgani uchun xabar muzakkar shaklda keltirilgan.

وَ – “ibtidoiya” ma’nosida kelgan.

الْهَيُولَى – ushbu kalima tashdidli qilib هَيُّولَى deb ham o‘qiladi. Bu kalima, aslida, yunoncha so‘z bo‘lib, “asl”, “asos” va “modda” kabi ma’nolarni anglatadi. Jumhur faylasuflar hayuloni “qadim javhar” yoki “birlashish va ajralishni qabul qiluvchi qadim narsa”, deb hisoblashgan.

عَدِيمُ – xabar, muzof. Lug‘atda “nomavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

الْكَوْنِ – muzofun ilayh. Lug‘atda “mavjud” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

اسْمَعْ – amr fe’li. Foili zohir keltirilmasligi vojib bo‘lgan zamirdir.

بِ – “musohaba” (birga bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

اجْتِذَالِ – “shodlanish”, “xursand bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Jor majrur اسْمَعْ ga mutaalliq.


Matn sharhi:

Ba’zi johil faylasuflar hayulo har bir narsaning aslidir, ya’ni butun olam hayulo deb ataladigan birlamchi moddadan vujudga kelgan, uni birov yaratmagan, degan fikrni ilgari surishgan. Ushbu bayt o‘sha johillarning da’volariga raddiya sifatida yozilgan. Ularning “ilmiy” da’volari musulmonlar tomonidan keskin rad etilgan. Chunki bu gapni aytayotgan kishi olamni qadim, ya’ni u o‘z-o‘zidan bor bo‘lgan deyayotgan va Alloh taoloning butun borliqni O‘zi yaratgani to‘g‘risidagi xabarlarini inkor etayotgan bo‘ladi. Bunday inkor etish esa ochiq-oydin kufr hisoblanadi. Haqiqiy mo‘min kishi esa barcha narsalarni Alloh taolo yo‘qdan bor qilgan, degan tushunchada bo‘ladi.

O‘shiy rahmatullohi alayh ushbu “birlamchi modda” to‘g‘risida qanday e’tiqodda bo‘lish lozimligini qisqagina qilib “hayulo – bo‘lmagan narsa” deya bayon qilgan. Qur’oni karimda osmonlaru yerdagilarning hammasi istasa ham, istamasa ham, Alloh taoloning belgilab qo‘ygan qonunlariga bo‘ysunib yashashlarini, borliqdagi biror narsa o‘z-o‘zidan bor bo‘lib qolmaganini, balki barcha narsalarning yaratuvchisi Alloh ekanligi bayon qilingan:

“Osmonlar va Yerdagi barcha jonzot va ularning soyalari xoh ixtiyoriy, xoh majburan, ertayu kech sajdani Allohga qiladilar. (Ey Muhammad!) Ayting: “Osmonlar va Yerning Parvardigori kim?” (yana o‘zingiz) “Alloh”, – deb javob qiling! “Bas, Uni qo‘yib, o‘zlariga na foyda va na zarar yetkazishga qodir bo‘lmaydigan (but va sanam)larni do‘st tutdingizmi?” – deng! Yana ayting: “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi? Yoki zulmatlar bilan nur barobar bo‘lurmi?” Yo ular Allohga Uning yaratishi kabi yarata oladigan butlarni sherik qilib olishgan va ular ham yaratganlar-u, so‘ngra ularga (ikki) yaratish o‘xshash bo‘lib qoldimi?! Ayting: “Alloh barcha narsaning yaratuvchisidir va U Tanho va G‘olibdir”[1].

Ya’ni osmon va yer ahllarining barchalari istasalar ham, istamasalar ham yolg‘iz Alloh taologa bo‘ysunishdan o‘zga choralari yo‘q. Hasan rahmatullohi alayh ushbu oyat haqida: “Mo‘min kishi Alloh taologa o‘z ixtiyori bilan bo‘ysungan holda sajda qiladi, kofir esa dahshatga tushgan va chorasiz qolganida majburan sajda qiladi”, – degan.
Shuningdek, ularning soyalari ham kunning avvalida va oxirida sajda qiladi. Ushbu oyatda koinotdagi barcha mavjudotni, hatto odamlarning soyalarini ham O‘ziga sajda qilishga bo‘ysundirib qo‘ygan Zotning buyukligi xabari berilgan. Oyati karimaning davomida “Ko‘r (gumroh) bilan ko‘ruvchi (hidoyat topgan kishi) barobar bo‘lurmi?”, – deyilgan. Bu yerda ko‘zi ko‘rdan kofir kishi, ko‘ruvchidan esa mo‘min kishi iroda qilingan. Zulmatlardan zalolat yo‘llari, nurdan esa hidoyat iroda qilingan. Umumiy ma’nosi shuki, ko‘zi ko‘r bilan ko‘ruvchi, zulmatlar bilan nur barobar bo‘lmagani kabi, haqiqat ziyosini ko‘radigan mo‘min kishi bilan, bu ziyoni ko‘ra olmaydigan kofir ham hech qachon barobar bo‘la olmaydi. Shunga ko‘ra shariatda berilgan xabarlarni tasdiqlash haqiqat ziyosini ko‘rish, bu xabarlarni inkor qilish esa ushbu ziyoni ko‘ra olmaslikdir.

Keyingi mavzu:
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

 


[1] Ra’d surasi, 15, 16-oyatlar.