Oldinlari “Quyosh harakat qilmaydi” deb o‘ylanar edi. Bu gap Qur’oni Karim oyatiga ziddir.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shunday degan:
وَالشَّمْسُ تَجْرِي لِمُسْتَقَرٍّ لَّهَا ذَلِكَ تَقْدِيرُ الْعَزِيزِ الْعَلِيمِ
“Quyosh o‘z istiqrori uchun jarayon etar. Bu azizu o‘ta bilguvchi zotning taqdir qilganidir”. (Oyatda quyoshning o‘z istiqrori uchun ajratilgan makonda va zamonda jarayon etishi–harakatlanishi haqidagina gap ketmoqda.) (Yosin surasi, 38-oyat).
Darhaqiqat, Quyosh o‘zining barcha sayyoralari bilan birga juda katta tezlikda Somon yo‘li galaktikasining markazi atrofida aylanadi. U galaktika markazi atrofini 225 million yildan ko‘proq vaqtda bir marta to‘la aylanib chiqadi. Agar biz farazan Quyoshning harakatiga tashqaridan nazar solsak, uning harakati xuddi mavjli dengizdagi kemaning harakatiga o‘xshab, pastlab-ko‘tarilishdan iborat ekan. Qur’onning ushbu harakat haqidagi xabarida وَالشَّمْسُ تَجْرِي (“Vashshamsu tajriy”) deyilgan. E’tibor bering “tajriy” fe’li ishlatilgan.
Biz yuqorida Quyoshning galaktika markazi atrofidagi harakati kemaning mavjli dengizdagi harakatiga o‘xshaydi dedik. Qur’oni Karimda kemaning harakati borasida ham bir necha oyatlar bor. Shulardan birini keltirsak:
أَلَمْ تَرَ أَنَّ الْفُلْكَ تَجْرِي فِي الْبَحْرِ بِنِعْمَتِ اللَّهِ لِيُرِيَكُم مِّنْ آيَاتِهِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآيَاتٍ لِّكُلِّ صَبَّارٍ شَكُورٍ
“Kemalar Allohning ne’mati ila sizga Uning oyat-belgilarini ko‘rsatish uchun dengizda yurganini ko‘rmadingmi?! Albatta, bunda har bir o‘ta sabrli va o‘ta shukrlilar uchun oyat-belgilar bordir” (Luqmon surasi, 31-oyat).
Bu oyatdagi kemaning dengizda yurishini ifoda etgan so‘z ham تَجْرِي (“tajriy”) bo‘lib kelgan.
Yuqoridagi oyatda Quyoshning harakatini ifoda etuvchi so‘z تَتَحَرَّكُ (tataharraku – harakat qiladi), تَدُورُ (taduuru – aylanadi), تَسِيْرُ (tasiyru – sayr qiladi) tarzida emas, balki aynan تَجْرِي (tajriy) tarzida kelgan. Bu esa Quyoshning bir tekis emas, balki kemaning mavjli dengizdagi harakatiga o‘xshash harakat qilishiga ishoradir.
Shunday qilib, Alloh taolo Luqmon surasidagi oyatda kemaning harakatini “tajriy” so‘zi bilan bayon etdi. Yosin surasidagi oyatda Quyoshning harakatini ham “tajriy” so‘zi bilan bayon qildi. Bu esa yuqorida aytganimizdek, Quyoshning galaktika markazi atrofidagi harakati bir ko‘tarilib, bir tushish tarzidagi harakat ekaniga ishoradir.
Endi bundan o‘n to‘rt asr oldin biror kishi Quyoshning harakat qilishi haqida, qilganda ham dengizda ketayotgan kemanikiga o‘xshash harakat qilishi haqida ma’lumotga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkinmi? Albatta, yo‘q! Chunki o‘tgan asrda ham olimlar “Quyosh harakatlanmaydi” deb yurishardi. Quyoshning ham harakat qilishini insoniyat yaqin yillar ichida bildi.
Bundan bir ming to‘rt yuz yil oldin Qur’oni Karimda bu ilmiy haqiqatning o‘ta nozik iboralar bilan aytib qo‘yilgani Qur’on Allohning haq Kalomi ekaniga, u nozil qilingan inson – Muhammad sollallohu alayhi vasallam Allohning haq Rasuli ekanliklariga ochiq-oydin dalildir!
Subhanalloh!
Abduddoim Kahelning maqolasidan
Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Alloh taolo aytadi: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va’daga xilof qilmas» (Ra’d surasi, 31 - oyat).
Sharh: «Kufr keltirganlarga, to Allohning va’dasi kelgunicha, qilmishlari sababli mudom larzaga soluvchi musibatlar yetar...».
Ya’ni, Allohning va’dasi - qiyomat kelguncha ularning es-hushini joyiga keltiruvchi musibatlar boshlariga tushib turadi. Bu musibatlar ularning qilgan ishlari tufayli tushadi.
«...yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar».
Yoki o‘sha mazkur es-hushni joyiga keltiruvchi musibatlar dunyoning boshqa joylariga tushadi. O‘sha kofir va osiy bandalar yashayotgan diyorlarga yaqin joylarga tushadi. Toki ular o‘sha musibatlarni ko‘rib, va’z-nasihat olib, o‘zlariga kelsinlar va iymon keltirsinlar.
«Tafsiri Hilol» kitobidan