Kuni kecha, 18 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari mamlakatimizga tashrif buyurgan Indoneziyaning “Sahid” nomli vaqf fondi rahbari Nurgoho Sukamdanini qabul qildilar. Mehmonga Indoneziyadagi “Istiqlol” muzeyi mas’ul xodimi janob Sayfuddin va diniy ta’lim muassasalari majmuasi rahbari Anda Xonim hamrohlik qildi.
Muftiy hazratlari O‘zbekistonda din sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan O‘zbekistonda Islom sivilizatsiyasi markazi, Xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tashkil etilayotgani, ixtisoslashgan ilmiy maktablar o‘z faoliyatini boshlagani haqida so‘zlab berdi. Yaqinda tashkil etilgan Hadis ilmi maktabi haqida batafsil bayon qildilar. Shuningdek, muftiy hazrat o‘z so‘zlarida ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha qilinayotgan sa’y-harakatlar to‘g‘risida alohida to‘xtalib, indoneziyaliklarni ruhiy ozuqa oladigan va inson qalbi orom topib, ma’naviy yuksalishiga xizmat qiladigan tabarruk qadamjolarimizni ziyorat qilishga taklif etdi.
Muloqotda muftiy hazratlari so‘z olib, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi hamkorlik ko‘p yillardan davom etib kelayotganini bildirdilar. Indoneziya davlatining sobiq prezidenti janob Suxarto 1989-1996 yillar oralig‘ida bir necha bor yurtimizga tashrif buyurgani, xususan, Samarqand viloyatiga safarini Imom Buxoriy hoki poki qo‘nim topgan maskanga yuksak ehtirom ko‘rsatish bilan boshlaganini muftiy hazratlari alohida ehtimom bilan esga oldilar.
Nurgoho Sukamdani janoblari fondi tomonidan O‘zbekistonda qurilayotgan mehmonxonalar, ziyorat turizmini rivojlantirish, halol standartlash, diniy ta’lim muassasalari talabalarini o‘qitish borasida hamkorlik qilish va “Istiqlol” muzeyida O‘zbekiston pavilionini tashkil etish takliflarini bildirdi. Shuningdek, O‘zbekistondagi diniy ta’lim berish tizimiga alohida qiziqish bildirdi. Nurgoho Sukamdani janoblari mana shunday ishlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad foyda olish emas, Alloh rizoligini topish ekanini bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
G‘aflatda qolmang! Ertaga Ashuro kuni: Ro‘za tutishni va oilangizga kengchilik qilishni unutmang!
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi Allohdan umid qilamanki bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Esda tuting! Muharram oyining yolg‘iz o‘ninchi kunida emas, bu kunga qo‘shib, bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutish lozim.
Ashuro kuni yaqinlarga kengchilik qilish – bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy alayhissalom: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga hadya ulashsa, Alloh yilning barchasida unga ham hadya ulashadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik ko‘rdim”.
Davron NURMUHAMMAD