Bir odam bir ayolni yoqtirib qoldi.
Bir kuni kechasi ayol o‘z yumushi bilan tashqariga chiqqan edi, erkak uni ko‘rib qoldi va ortidan ergashib, ayolning manziligacha bordi. Uning yashaydigan joyi bir keng sahroda edi. Erkak ayol bilan xoli qolganda, unga tegajoqlik qilmoqchi bo‘ldi. Shunda ayol:
“Qarachi, odamlar uxladimikin?” dedi. Erkak o‘zicha: “Ayol istagimga rozi bo‘ladi shekilli” deb quvondi va atrofni kuzatib, tekishirib chiqdi. Qarasa, hamma odamlar uxlab bo‘lgan ekan.
Xursand bo‘lib ayolning yoniga qaytdi, hamma uxlayotganining xabarini berdi. Shu payt ayol:
“Alloh taolo haqida nima deb o‘ylaysan?! Hozir U ham uxlayaptimikin?!” dedi. Erkak:
“Alloh taolo uxlamaydigan, Uni mudroq olmaydigan Zotdir!” dedi. Ayol erkakka:
“Hozir uxlamayotgan Zot oldin ham uxlamagan va keyin ham hech qachon uxlamaydi! Bizni odamlar ko‘rmayotgan bo‘lsa ham U ko‘rib turibdi! Undan qo‘rqishimiz muhimdir!” deb ta’kidladi.
Bu gaplarni eshitgan erkak o‘ziga keldi, ayolning gaplaridan ta’sirlandi, qilmoqchi bo‘lgan ishini Alloh taolodan qo‘rqib tark etdi va tavba qildi. Keyinchalik o‘sha kishi vafot etganda, ayrim odamlar uni tushlarida ko‘rishdi. Undan:
“Alloh taolo senga qanday muomala qildi?” deb so‘ralganda, u:
“Alloh taolodan qo‘rqqanim va Unga tavba qilganim uchun U meni mag‘firat qildi” deb javob berdi.
Honiy Hojining “Solihlar va solihalar, zohidlar va zohidalar
hayotidan ming bir qissa” kitobidan Nozimjon Iminjonov tarjimasi
Alloma Muhammad Avvoma hafizahulloh:
"Haqiqiy oqillar muxoliflari bilan bog‘lab turuvchi rishtalarga qaraydilar:
Birinchisi: Odamgarchilik,
Ikkinchisi: Islom,
Uchinchisi: Ilm rishtasi".
Bu hikmatda, aqlli va ixlosli insonlar hatto o‘zlariga qarshi fikrda bo‘lgan odamlar bilan ham umumiy bog‘liqliklarni ko‘radilar. Ular odamiylik jihatidan baribir bir inson ekanligini, agar musulmon bo‘lsa, Islom birodarligi birlashtirishini va ilm rishtasi bilan ham bog‘lanishini anglaydilar. Bu esa ixtiloflar chekinib, hurmat, bag‘rikenglik va ijobiy munosabatlar uchun asos bo‘ladi.