Farzand insonning ko‘z quvonchi, qalb sururidir. Inson oila qurar ekan, shirindan shakar farzandlar ko‘rishni xohlaydi. Sir emaski, ko‘pchilik o‘g‘il farzand ko‘rish istagida bo‘lib, ketma-ket qiz farzand ko‘rganlar orasida nojam bo‘ladigan, tushkunlikka tushadiganlari ham uchrab turadi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda bunday degan:
لِلَّهِ مُلْكُ السَّمَاوَاتِ وَالْأَرْضِ يَخْلُقُ مَا يَشَاءُ يَهَبُ لِمَنْ يَشَاءُ إِنَاثاً وَيَهَبُ لِمَن يَشَاءُ الذُّكُورَ أَوْ يُزَوِّجُهُمْ ذُكْرَاناً وَإِنَاثاً وَيَجْعَلُ مَن يَشَاءُ عَقِيماً إِنَّهُ عَلِيمٌ قَدِيرٌ
“Osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. U zot xohlagan narsasini yaratur. U zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o‘g‘illar hadya etur. Yoki ularni juftlab o‘g‘il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug‘mas qilur. Albatta, U zot o‘ta bilguvchi va o‘ta qodirdir”. (Insonga hamma narsani faqat Alloh taolo berishining yorqin namunasi farzand masalasida ko‘rinadi. Ayni shu masalada inson o‘zining ojizligini xis etadi. O‘z xohishiga ko‘ra biron narsani bor qila olmasligini, Alloh taoloning madadi va inoyatiga muhtoj bo‘lib turishini anglab yetadi.) (Shuro surasi, 49-50-oyatlar).
Ulamolar bu oyatda qizlarning o‘g‘il bolalardan oldin zikr qilinishi borasida bir qancha fikrlarni aytishgan.
Ba’zilari “Odatda ota-onalar o‘g‘il farzand ko‘rishni xohlashadi. Alloh taolo bandalarining xohishini emas, O‘z xohishini amalga oshiruvchi Zot ekanini anglatib qo‘yish, shunga ishora qilish uchun oldin qizlarni zikr qilgan” deyishadi.
Ba’zi ulamolar “Alloh taolo bu oyatda johiliyat davrida ortga surilgan, odam o‘rnida ko‘rilmagan, tiriklayin ko‘milgan qizlarning sha’nini ko‘tarib, johiliyat urf-odatini yo‘qotish uchun qizlarni oldin zikr qilgan” deyishgan.
Ha, johiliyat davrida odamlar qiz farzand ko‘rishni yoqtirishmas, mabodo birortasi qiz farzand ko‘rsa, odamlar orasida boshini ko‘tarib yurolmas, qiz farzand ko‘rishni o‘zlariga or, uyat deb bilishar edi.
Alloh taolo Qur’oni Karimda bu holat haqida shunday degan:
وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُمْ بِالأُنثَى ظَلَّ وَجْهُهُ مُسْوَدّاً وَهُوَ كَظِيمٌ يَتَوَارَى مِنَ الْقَوْمِ مِن سُوءِ مَا بُشِّرَ بِهِ أَيُمْسِكُهُ عَلَى هُونٍ أَمْ يَدُسُّهُ فِي التُّرَابِ أَلاَ سَاء مَا يَحْكُمُونَ
“Qachonki ulardan biriga qizning xushxabari berilsa, g‘am-alamga to‘lib, yuzi qorayib ketur. Unga berilgan xushxabarning yomonligidan (uyalib) qavmidan berkinadir. U(qiz)ni xorlik-la olib qolsamikin yoki tuproqqa ko‘msamikin? Ogoh bo‘ling! Ular qilgan hukm naqadar yomon” (Nahl surasi, 58-59-oyatlar).
Qiz farzand tarbiyasi borasida ko‘plab hadislar vorid bo‘lgan.
Oysha roziallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Bir kuni mening huzurimga ikkita qizini yetaklab bir ayol tilanchilik qilib kirib keldi. Mening huzurimda bitta xurmodan boshqa narsa yo‘q edi. Men xurmoni bersam, ayol uni ikkiga ajratdida, ikki qiziga berdi. Rasululloh sallollohu alayhi vasallam kirganlarida bu haqda xabar bersam, u zot: “Kim mana shu kabi qiz farzand bilan imtihon qilinsa, qizlarini chiroyli parvarish etsa, uning uchun jahannamdan parda bo‘ladi” dedilar. (Mutafaqun alayh)
Yana bir hadisda bunday deyilgan:
Uqba ibn Omir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kimning uchta qizi bo‘lsa, ularni sabr bilan o‘stirsa, topganidan ularni kiyintirsa, ular uning uchun do‘zaxdan parda bo‘ladi», dedilar».
Ana ko‘rdingizmi do‘stim, ikkita qizingiz bor degani, do‘zaxdan ikkita parda bor deganidir. Yana qiz farzand ko‘rdingizmi, pardalar soni yana bittaga ko‘payibdi-da!
Nima, “Qiz uzatish osonmas hozirgi paytda” deysizmi?
Nega unday deysiz? Dinimizda qiz tarbiya qilishga, ularni boqishga katta savoblar, mukofotlar va’da qilinyapti. Qiz uzatishning qiyinligiga kelsak, uni kim qiyinlashtirdi?! Dinimizmi yoki odamlarning o‘zlarimi?! Dinimiz nima degan? To‘yni qilib berish, qizga uy berish, o‘sha uyda yashash uchun kerakli anjomlarni olib berish kuyov tomonning vazifasi demaganmi?! Odamlar Dinga amal qilishdan uzoqlashib, riyo, xo‘jako‘rsinlik, manmanlik, dabdababozlik, odamlar ko‘rsin, maqtasin, qoyil qolsin qabilida ish qiladigan bo‘lgandan keyin, albatta, qiz uzatish qiyin bo‘ladi-da, kuyov tomon o‘z vazifasini bilmay, bilsa ham bajarmay, kelin tomondan dunyo matolarini kutib yuraveradi-da!
“Qizimni boqa olmasamchi?” deb xavotir bo‘lyapsizmi? Xavotirga o‘rin yo‘q! Chunki Razzoq bor! Razzoq degani qimirlagan jonzotning rizqini beruvchi Zot degani! Robbimiz sizning ham, qizingizning ham, hamma jonzotlarning ham rizqini beradi!
“Qiz tarbiya qilish osonmas!” deysizmi? To‘g‘ri, osonmas, shuning uchun ham yuqoridagi hadisda “sabr bilan” deb aytib turilibdi-ku! Axir do‘zaxni berkitadigan parda o‘z-o‘zidan, osonlikcha bo‘lmaydi-ku, do‘stim!
Qiz ko‘rgani uchun xotinini yomon ko‘rayotgan, asabi buzilayotgan odam Alloh taoloning irodasiga rozi bo‘lmayotgan kimsadir! Alloh taolo sizga qiz farzand ato etishni iroda qildi, ammo siz johillik qilib bunga qarshi chiqmoqdasiz! Allohdan qo‘rqing! Alloh taoloning bergan rizqiga, siz uchun qilgan taqsimiga rozi bo‘ling!
Unutmang, qiz farzand ko‘rishni yoqtirmaslik, qiz ko‘rgani uchun achchig‘i kelish va ayolini yomon ko‘rish johiliyatdagi odamlarning qilig‘idir! Alloh taolo unday kimsalarni Qur’onda qoralaganini yuqorida keltirib o‘tdik.
Menimcha, endi qiz farzand ko‘rsangiz, xafa bo‘lmasangiz kerak, menimcha, “Hamma farzandlarim qiz bo‘lsa ham roziman” deydigan kayfiyatga o‘tsangiz kerak!
So‘zimiz oxirida bir rivoyatni keltirib o‘tamiz.
Ya’qub ibn Baxton aytadi: “Men yettita qiz farzand ko‘rdim. Har safar qizim tug‘ilganda, Ahmad ibn Hanbalning oldiga borardim. U menga: “Ey Abu Yusuf, Payg‘ambarlar qizlarning otalari bo‘lishgan” der, uning gapi mening nojamligimni ketkazar edi”.
Alloh taolo barchamizni bergan rizqiga, biz uchun qilgan taqsimiga rozi bo‘ladigan bandalaridan qilsin!
Internet ma’lumotlari asosida
Nozimjon Iminjonov tayyorladi
Har yangi kunning tongini ko‘rganingizda qalbingizni zikr ila to‘ldiring. Iymon zikrlariga quloq tutar ekansiz, borliq Yaratgan Zot sari talpinayotganini his qilasiz. Alloh taolo aytadi: «...Mavjud bo‘lgan barcha narsa hamd bilan Unga tasbeh aytur...»[1]. Balki uyda, balki ko‘chada, qayerda bo‘lsangiz-da, Allohning zikriga shoshiling. Zikrlarni ko‘paytirganingiz sari Allohga bo‘lgan muhabbatingiz ortib boradi, osmonlaru yerning Xoliqi bo‘lgan Alloh taolodek buyuk Zot suyanchig‘ingiz ekanini anglaysiz...
Ushbu misralarni doim yodda tuting:
Gar ersa qalblar Xoliqin zikridin mosuvo,
Alar jasad ichidin joy olgan tosh kabi go‘yo.
Qalbingizni zabonsiz toshga aylantirib qo‘ymang.
Toshda na mehr va na his bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Robbini zikr qiladigan bilan zikrdan yiroqda bo‘lgan kishi xuddi tirik bilan o‘lik kabidir” [2], deganlar.
Yana Nabiy alayhissalom: “Sizlarga amallaringizning eng xayrlisi va Sultoningiz huzurida eng pokiza, darajangizni yuqorilatadigan, sizlar uchun tillo-kumushlarni ehson qilgandan-da, dushmaningizga yo‘liqib, uning boshini tanasidan judo qilishingiz, u ham sizning kallangizni bo‘yningizdan uzib tashlashidan-da yaxshiroq amal qaysi ekanini bildirib qo‘yaymi?!” – dedilar. Sahobalar: ”Ha, ey Allohning Rasuli”, deyishdi. U zot: U Allohning zikridir”,3] dedilar.
Ubayd ibn Umayr aytadilar: “Mo‘minning amal daftaridagi hamd ila tasbeh – u bilan dunyo tog‘laricha tillo sudralib yurishidan xayrlidir”.
Nabiy alayhissalom yana boshqa bir hadisda: «Alloh taoloning fazilat izlab kezib yuruvchi farishtalari bo‘lib, ular zikr aytib o‘tirilgan davralarni izlab yurishadi. Shu asnoda zikr bo‘layotgan davrani topishsa, farishtalar zikr halqasidagilar bilan birgalikda o‘tirishadi va bir-birlarini qanotlari bilan o‘rab olishadi, shu tarzda zikrdagi kishilar bilan dunyo osmonining orasi farishtalar bilan to‘lib ketadi. Zikr halqasidagi kishilar tarqalib ketishsa, farishtalar osmonga ko‘tarilib ketishadi.
Keyin Alloh taolo hammasini bilib turgani holda, ulardan: “Qayerdan keldinglar? – deb so‘raydi. Ular: “Biz yerdagi bandalaring oldidan keldik. Ular Senga tasbeh aytyaptilar, takbir, tahlil aytib, Senga maqtov yo‘llayaptilar va O‘zingdan so‘rashyapti”, deb javob qaytarishadi.
Alloh taolo: “Ular Mendan nimani so‘rayapti?” – deydi. Farishtalar javoban: “Sendan jannatingni so‘rashyapti”, deyishadi. Alloh taolo: “Ular jannatimni ko‘rishganmi?” – deya farishtalardan yana savol so‘raydi. Farishtalar javob berib: “Yo‘q! Ey Yaratgan Zot!” – deyishadi. Alloh subhanahu va taolo yana: “Mabodo ular jannatimni ko‘radigan bo‘lsalar, holat qanday bo‘ladi-ya?” – deydi. Farishtalar: “Ular yana Sendan panoh tilashyapti”, deyishadi. Alloh taolo savol tariqasida: “Nimadan panoh berishimni so‘rashyapti?” – deydi.
Ular: “Jahannamingdan, ey Yaratgan Zot!” – deb javob qaytarishadi. “Ular do‘zaximni ko‘rganmi?” – deb so‘raydi Alloh taolo. Javob qaytarib: “Yo‘q!” – deyishadi ular.
Alloh taolo: “Ular do‘zaximni ko‘rishsa qanday bo‘larkin?” – deydi.
Farishtalar: “Ular yana Sendan mag‘firat qilishingni so‘rashyapti”, deyishadi.
Alloh taolo: “So‘zsiz ularning gunohlarini kechirdim, ularga so‘rovlarini ato etdim va panoh tilagan narsalaridan ularni O‘z panohimga oldim”, deydi.
Farishtalar: “Ey Yaratgan Zot! Ular orasida falonchi, o‘ta xatokor qul ham bor. U o‘tib keta turib ularning oldiga o‘tirib oldi”, deyishadi. Alloh taolo shunday deya marhamat qiladi: “Uni ham kechirdim! Ular hammajlislari badbaxt bo‘lmaydigan kishilardir”, deydi»[4], dedilar.
[1] Isro surasi, 44-oyat.
[2] Imom Muslim rivoyati.
[3] Imom Termiziy rivoyati.
[4] Imom Muslim rivoyati.