Quvayt davlatining Al Ahmadi viloyatida ochilishi rejalashtirilgan “Al-Riyoda” nomi bilan ataluvchi Qur’on markazi 15–19 yoshdagi qizlarga mo‘ljallangan. Bu haqda IQNA agentligining turk tilidagi nashri xabar berdi.
Islom tadqiqotlari va Qur’on fanlari boshqarmasi mudiri Fahd al-Janfaviyning aytishicha, bunday markazlar asosan qish mavsumida o‘z faoliyatini yuritadi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu tashkilot tomonidan ochilgan 100 ortiq diniy markazlar Quvayt Ijtimoiy xizmatlar idorasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Yaqin kelajakda yoshi ulug‘lar uchun maxsus Qur’on markazlari tashkil etish ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Maqolaning audio shakli
Sahobalar ichida eng zehni o‘tkiri Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: “Kunlardan birida bozorga bordim. Odamlarning mol-dunyo bilan ovora ekanliklarini ko‘rib ularga:
– Siz bu yerda savdo-sotiq bilan mashg‘ulsiz, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslari tarqatilayotganidan xabaringiz yo‘qmi? – dedim. Savdogarlar qo‘llaridagi mollarini tashlab:
– Yo‘q, qayerda? – deb hovliqib so‘radilar.
– Falon masjidda, – deb javob berdim. Ular shoshib masjid tomon yugurib ketishdi.
Ammo birozdan so‘ng qaytib kelib:
– Nega bizni aldadingiz? Masjidda hech qanday meros tarqatilmayapti-ku? –deyishdi.
Men:
– Qanday qilib? Axir masjidda kimlarni ko‘rdingiz? – deb so‘radim.
Ular:
– Qur’on o‘qiyotgan qorilarni va hadis o‘rganayotgan tolibi ilmlarni, –deyishdi.
– Ana shu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning meroslaridir, – deb javob berdim.
“O‘zimdan so‘ng sizga ikki narsa qoldirdim, agar ularni mahkam tutsangiz hargiz adashmaysiz. Ular Allohning kitobi va Payg‘ambarning hadisidir”, degan sevikli Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga salavotu salomlar bo‘lsin”.
Davron NURMUHAMMAD