بسم الله الرحمن الرحيم
O‘ZGANING HAQQIDAN HAZAR
Muhtaram jamoat! Alloh taolo insoniyatni yaratgach, ularni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etib, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurdi hamda halol va harom bo‘lgan narsalarni bayon qildi. Demak, har bir inson halol rizq talab qilishi bilan birga, birovning haqqidan hazar qilishi va o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirmasligi o‘ta muhimdir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ... (سورة النساء/29 آية).
ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29-oyat).
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qilish haqida shunday marhamat qilganlar:
"يَا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، فَإِنَّ نَفْسًا لَنْ تَمُوتَ حَتَّى تَسْتَوْفِيَ رِزْقَهَا وَإِنْ أَبْطَأَ عَنْهَا، فَاتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، خُذُوا مَا حَلَّ وَدَعُوا مَا حَرُمَ"
(رواه الإمام ابن ماجه)
ya’ni: “Ey, odamlar! Allohdan qo‘rqing va mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qiling. Har bir inson o‘zining rizqini mukammal olmaguncha, joni uzilmaydi. Unga belgilangan rizq biroz kechikishi mumkin, ammo baribir keladi. Shuning uchun Allohdan qo‘rqing va mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘lni tanlang. Halolini oling, haromini tark qiling” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Demak, hadisdan ma’lum bo‘lmoqdaki, kishi rizq yo‘lida ming harakat qilsa ham, Alloh taolo unga yozgan rizq-nasibasidan ortig‘ini qo‘lga kirita olmaydi.
Vidolashuv hajida Payg‘ambarimiz ko‘p narsalarni vasiyat qildilar. Shular qatorida kishilarning molini zulm bilan yeyish haromligini uqtirib, shunday dedilar:
اَلاَ اِنَّ اللهَ حَرُمَ عَلَيْكُمْ دِمَائَكُمْ وَاَمْوَالَكُمْ
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: "Ogoh bo‘linglar, albatta Alloh taolo qonlaringiz va mollaringizni bir biringizga harom qildi" (Imom Buxoriy rivoyati).
Halol luqma qalbga nur, tilga hikmat bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
مَنْ أَكَلَ الْحَلاَلَ أَرْبَعِيْنَ يَوْماً نَوَّرَ اللهُ قَلْبَهُ وَأَجْرَى يَنَابِيْعَ الْحِكْمَةِ مِنْ قَلْبِهِ عَلَى لِسَانِهِ"
(رواه أبو نعيم في الحلية من حديث أبي أيوب)
ya’ni: “Kim qirq kun halol luqma yesa, Alloh taolo uning qalbini munavvar qiladi va qalbidagi hikmat buloqlarini tiliga chiqaradi” (Imom Abu Nuaym rivoyati).
Hazrat Anas raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga: “Yo, Rasulalloh, duo qiling, Alloh meni duosi ijobat bo‘ladigan kimsalardan qilsin”, – dedilar. Shunda Payg‘ambarmiz:
يَا أَنَسُ أَطِبْ كَسْبَكَ تُجَبْ دَعْوَتُكَ فَإِنَّ الرَّجُلَ لَيَرْفَعُ الُّقْمَةَ مِنَ الْحَرَامِ إِلَى فِيْهِ
فَلاَ يُسْتَجَابُ لَهُ دَعْوَةٌ أَرْبَعِيْنَ يَوْمًا
(رواه الإمام البيهقي)
ya’ni: “Ey, Anas! Luqmangizni halol qiling, kishi harom luqmani og‘ziga ko‘tarsa (yesa), qirq kun duosi ijobat bo‘lmaydi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Demak, har bir imonli kishi tanovul qilayotgan luqmasiga qattiq e’tibor qilishi va uni faqat halol yo‘l bilan topishi lozim. Bu haqda hadisi sharifda shunday keladi.
مَنْ لَمْ يُبَالِ مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَ الْمَالَ لَمْ يُبَالِ اللهُ مِنْ أَىِّ بَابٍ أَدْخَلَهُ النَّارَ (رواه الإمام الديلمي).
ya’ni: “Kim mol-dunyoni qayerdan topayotganiga parvo qilmasa, Alloh taolo ham u kishini do‘zaxning qaysi eshigidan kirgizishiga parvo qilmaydi” (Imom Daylamiy rivoyati).
Birovni haqqidan qo‘rqmay, noto‘g‘ri yo‘llar bilan mol-dunyo topish mo‘min-musulmonga umuman munosib emasligi va qilingan ibodatlari bekor bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
يُؤْتَى يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِأُنَاسٍ مَعَهُمْ مِنَ الْحَسَنَاتِ كَأَمْثَالِ جَبَلِ تِهَامَةَ حَتَّى إِذَا جِيْءَ بِهِمْ جَعَلَهَا اللهُ هَبَاءً مَنْثُورًا ثُمَّ يُقْذَف بِهِمْ فِي النَّارِ فَقِيْلَ يَا رَسُولَ اللهِ كَيْفَ ذَلِكَ قَالَ كَانُوا يُصَلُّونَ وَيَصُومُونَ وَيُزَكُّونَ وَيَحُجُّونَ غَيْرَ أَنَّهُمْ كَانُوا إِذَا عُرِضَ لَهُمْ شَيْءٌ مِنَ الْحَرَامِ أَخَذُوهُ فَأَحْبَطَ اللهُ أَعْمَالَهُمْ
(رواه الإمام الطبرني في المعجم الكبير)
ya’ni: “Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuhoma tog‘icha keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular keltirilgach, Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi, o‘zlari esa do‘zaxga uloqtiriladi”. Shunda “Yo, Rasulalloh, bunday bo‘lishining boisi nedir?”, – deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz: “Ular namoz o‘qir, ro‘za tutar, haj qilar edilar, biroq biron bir harom narsaga duch kelsalar, uni olishar edi. Shu bois Alloh ularning amallarini yo‘qqa chiqardi”, – deb javob berdilar (Imom Tabaroniy rivoyati).
Rivoyat qilishlaricha, Abu Dardo raziyallohu anhu masjidga erta kelib, kech qaytardilar. Namozdan keyin Rasuli akram sallallohu alayhi vasallamning suhbatlarini diqqat bilan tinglardilar. Biroq xurmo pishig‘ida Abu Dardo avvalgidan kechroq kelib, ertaroq ketadigan bo‘ldilar. Bu hol Payg‘ambarimizning diqqatlarini tortdi. Abu Dardoni yonlariga chaqirib: “Sening masjidga kelib ketishingda o‘zgarish ko‘ryapman. Nima bo‘ldi?” – deb so‘radilar. Abu Dardo raziyallohu anhu uzrli ohangda shunday javob berdilar: “Shu kunlarda qo‘shnimizning xurmo mevalari pishib, to‘kila boshladi, xurmolar bizning hovliga ham tushyapti. Bolalarim qo‘shnimdan so‘roqsiz ularni yeb qo‘yishmasin, degan xavotirdaman. Bomdodga kelishdan oldin to‘kilgan xurmolarni to‘plab, qo‘shnimiznikiga olib chiqib beraman. Shu sabab masjidga kech kelyapman. Men masjiddaligimda ham daraxtlardan xurmo to‘kiladi. Ularni yig‘ib, qo‘shnimnikiga chiqarishga shoshilaman”. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Abu Dardo raziyallohu anhuning bu so‘zlaridan mamnun bo‘ldilar va uning haqiga duo qildilar.
Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohning ba’zisini aytib o‘tamiz:
Qarzini qaytarmaslikka harakat qilish. Ba’zi qarz oluvchilar qarzlarini to‘lashga qodir bo‘lib turib, bermay, cho‘zib, savob umidida qarz bergan kimsani ham yaxshilik qilganiga pushaymon qildirib yoki olgan qarzini tan olmay yuradilar. Buning o‘rniga olgan qarzini berish g‘amida bo‘lganida, Alloh taoloning o‘zi qarzdorga madadkor bo‘lar edi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيْدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللهُ عَنْهُ، وَمَنْ أَخَذَهَا يُرِيْدُ إِتْلاَفَهَا أَتْلَفَهُ اللهُ
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: “Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda (g‘amini) qilsa, Alloh qarzini ado qilishga yordam beradi. Kim qarzni bermaslik niyatida olsa, Alloh uni yo‘q qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).
O‘lchov va tarozidan urib qolish. Qur’oni karimda o‘lchov va tarozidan urib qoluvchilarga jahannam azobi borligi ko‘p marotaba ta’kidlangan. Bu borada Mutoffifun surasida shunday keladi:
وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ
ya’ni: “(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir” (Mutoffifun surasi, 1-3 oyatlar).
Mualliflik huquqini poymol qilish. Yozuvchi yoki ixtirochi o‘zining butun umrini kitob yozish yoki yangi narsa ixtiro qilish uchun sarflaydi va undan foyda ko‘rish uchun kitobini nashr qiladi, ixtirosini taqdim qiladi. Shunda boshqa bir odam kitobdan yoki ixtirodan bir nusxani oladi-da, zamonaviy vositalar orqali muallifning ruxsatisiz ko‘paytirib sota boshlaydi.
Mualliflik huquqini poymol qilish bundan boshqa ko‘rinishlarda ham bo‘lishi mumkin. Masalan, mashhur firmalarning brendlari (belgilari)ni qalbakilashtirish, ularning emblemalarini bosib chiqarish va hokazo.
Ma’lumki, so‘nggi yillar davomida milliy zargarlik sanoatini tiklash va rivojlantirish hamda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkor va ustalarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va o‘z qonuniy faoliyatini olib borishga qaratilgan bir qator huquqiy-me’yoriy chora-tadbirlar va hujjatlar qabul qilindi. Zargarlik sanoati rivojlanishi, shuningdek xom-ashyoni qonuniy sotish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratildi. Shu bilan bir qatorda respublika bozorlari va tijorat-savdo rastalarida zargarlik buyumlariga zargar yoki sotuvchi tomonidan soxta asllik darajasini tasdiqlovchi belgilarni noqonuniy qo‘yilib sotilishi rivojlanmoqda. Ulamolarimiz bunday ish qilgan kimsalarning gunohini o‘g‘rilik qilgan kimsalarning gunohi bilan barobar demoqdalar. O‘g‘rilik haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:
لَعَنَ اللَّهُ السَّارِقَ، يَسْرِقُ البَيْضَةَ فَتُقْطَعُ يَدُهُ، وَيَسْرِقُ الحَبْلَ فَتُقْطَعُ يَدُهُ
(رواه الإمام البخاري)
ya’ni: “Tuxum o‘g‘irlab qo‘li kesilgan, arqon o‘g‘irlab qo‘li kesilgan o‘g‘riga Allohning la’nati bo‘lsin!” (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, o‘g‘irlikning katta-kichikligiga emas, balki uning og‘ir gunohligiga e’tibor qilishligimiz lozim.
Poraxo‘rlik. Poraxo‘rlik dinimizda qattiq qoralangan va katta gunohlardan biridir. Bu haqda hadisda shunday deyiladi:
عنْ ثَوْبَانَ رضي الله عنه قَالَ: "لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الرَّاشِيَ وَالْمُرْتَشِيَ وَالرَّائِشَ
يَعْنِي الَّذِي يَمْشِي بَيْنَهُمَا"
(رواه الإمام أحمد)
ya’ni: Savbon raziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam pora beruvchi, pora oluvchi va ularning o‘rtasidagi vositachini la’natladilar” (Imom Ahmad rivoyati).
Sudxo‘rlik. Ma’lumki, qarz berish birovni hojatini chiqarish bo‘lib, savobli ishlardan biri hisoblanadi. Afsuski, ba’zilar bu savobli ishni katta gunohga aylantirib, qarz berishda ko‘paytirib qaytarilishini shart qilishadi, ya’ni foizga beradi. Qarz berishning mazkur turi “sudxo‘rlik” deb nomlanib, shariatimizda qattiq qoralangan va qat’iy qaytarilgan ishlardan biridir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:
الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لاَ يَقُومُونَ إِلاَّ كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ...
ya’ni: “Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar” (Baqara surasi, 275-oyat).
Qimor va garov o‘ynash. Ikki va undan ko‘p kishi orasida, o‘rtaga mol-mulk (pul) tikib o‘ynaladigan va ziyon ko‘rish ehtimoli teng bo‘lgan, yutgan yutqizgandan olib ketadigan har qanday o‘yin qimor bo‘ladi. Hozirgi kunda ham qimorning har xil turlari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:
Yutgan yutqazganga shart qo‘ygan barcha o‘yinlar. Masalan, bir necha kishi karta o‘ynaydi va har bir qimorboz pul tikadi. Ularning yutganlari hamma pulni oladi.
Ikki jamoa yoki o‘yinchi yoxud ularga o‘xshagan kimsalarning g‘alabasi uchun biron narsani garovga qo‘yish. Har ikki taraf ham bir jamoa yoki o‘yinchining g‘alaba qozonishi uchun pulini garovga qo‘yadi. Agar jamoasi yoki tanlagan o‘yinchisi g‘olib kelsa, garovni oladi, mag‘lub bo‘lsa, garovini boy beradi.
Oddiy va elektron yoki internet orqali o‘ynalgan hamda o‘yinchi yutishi yoki yutqazishi ehtimol bo‘lgan barcha o‘yinlar.
O‘zgani haqqani botil yo‘l bilan yeguvchilarga quyidagilar ham kiradi: yetimlar moliga xiyonat qiluvchilar, yolg‘on guvohlik beruvchilar, molini aybini yashirib sotuvchilar, sehrgarlar, fohishalar, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar, narxlarni sun’iy ravishda ko‘taruvchilar, tovlamachilar, firibgarlar.
Ma’lumki, Alloh taolo har bir erkakning zimmasiga ayoli va balog‘atga yetmagan farzandlarining yemoq-ichmog‘ini farz qilgan. Shunday ekan, biz erkaklar qo‘l ostimizdagi omonatlarimizni faqat halol yo‘l bilan nafaqasini ta’minlashimiz kerak bo‘ladi. Har birimiz shuni unutmasligimiz kerakki, ahli ayolimizning duo va ibodatlarini qabul bo‘lishi va farzandlarimizning kelajakda yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida uyga olib keladigan nafaqai ro‘zg‘orimizning halol bo‘lishi eng katta sabab va omil bo‘ladi.
Alloh taolo barchamizga O‘zi rozi bo‘ladigan yo‘llar bilan molu davlat topish baxtini nasib qilib, nohaq va botil yo‘llar orqali keladigan mollardan barchamizni O‘z panohida asrasin! Omin!
Muhtaram imom domla! Ushbu mavzuni yoritishda Imom Nasafiyning “Madorikut-tanzil”, Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul-ulum”, Muhammad Ali Sobuniyning “Ravoiul bayon” nomli tafsirlari hamda undan boshqa mo‘tabar manbalarga murojaat qilgan holda atroflicha bayon qilib berishingiz so‘raladi.
Shu yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan namunaviy-amaliy tadbirlarning navbatdagisi Sirdaryo tumanida o‘tkazildi.
Mazkur tumandagi “Abu Bakr” masjididagi yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Sirdaryo viloyat vakilligi xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari va tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, ular hududdagi 7 ta masjid va 21 ta mahallaga biriktirildi. Shuningdek, mahallalardagi “Haj – 2024” ziyoratchilari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etildi.
Tadbir doirasida imom-xatiblar 105 ta oilaga, 21 ta oilaga, umumiy hisobda 126 ta oilaga kirib, targ‘ibot va amaliy yordam ishlarni olib bordi.
Xususan, 38 ta xonadonda yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar bilan suhbatlashilib, ularning tushunchalari to‘g‘rilandi. 19 oila buzilishining oldi olindi. Nogironligi bor, ehtiyojmand va tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan 5 ta oilaga kirib sovg‘a-salomlar ulashildi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari imom-xatiblar faoliyatini o‘rgandi. Jumladan, ustav asosida ish yuritish, jamoani boshqarish, masjidni toza va ozoda saqlash, unda qulay sharoitlar hozirlash kabi jihatlar ko‘rib chiqildi. Natijada imom-xatib boshchiligidagi masjidlar jamoasining faoliyatiga ijobiy baho berildi.
Bundan tashqari, ishchi guruh a’zolari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado qilib, qavmga “Tinchlik ne’mati”, “Shukronalik”, “O‘zaro hamjihatlik”, “Oila muqaddasligi”, “Husni xulq”, “Qo‘shnichilik odoblari”, “Mazhabga ergashish va yot g‘oyalar ta’siridan saqlanish” kabi dolzarb mavzulardagi ma’ruza qilishdi. Ularda 1 300 nafardan ortiq namozxon qamrab olindi.
Tadbir so‘ngida Sirdaryo tumani imom-xatiblarining ma’naviy-ma’rifiy va masjid boshqaruvidagi faoliyatida kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma va tavsiyalar berildi.
Ma’lumot o‘rnida Sirdaryo viloyati imom-xatiblari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan Ishchi guruh faoliyati 2025 yilning 28 yanvar kuni Xovos tumanida o‘tkazilishi reja qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati