Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Yanvar, 2025   |   11 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:33
Shom
17:17
Xufton
18:36
Bismillah
11 Yanvar, 2025, 11 Rajab, 1446

21.12.2018 y. O‘zganing haqqidan hazar

17.12.2018   6034   14 min.
21.12.2018 y. O‘zganing haqqidan hazar

بسم الله الرحمن الرحيم

O‘ZGANING HAQQIDAN HAZAR

الحَمْدُ للهِ الَّذِي قَالَ فِي كِتَابِهِ: يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ، وَالصَّلاَةُ وَالسَّلاَمُ عَلَى نَبِيِّنَا محمد الَّذِي قَالَ: إنَّ اللهَ طَيِّبٌ لاَ يَقْبَلُ إِلاَّ طَيِّبًا، وَعَلَى أَلِهِ وَأَصْحَابِهِ الكِرَامِ، أَمَّا بَعْدُ

Muhtaram jamoat! Alloh taolo insoniyatni yaratgach, ularni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etib, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurdi hamda halol va harom bo‘lgan narsalarni bayon qildi. Demak, har bir inson halol rizq talab qilishi bilan birga, birovning haqqidan hazar qilishi va o‘zgalarning molini nohaq yo‘llar bilan o‘zlashtirmasligi o‘ta muhimdir. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ... (سورة النساء/29 آية).

ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!... (Niso surasi, 29-oyat).

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qilish haqida shunday marhamat qilganlar:

َا أَيُّهَا النَّاسُ اتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، فَإِنَّ نَفْسًا لَنْ تَمُوتَ حَتَّى تَسْتَوْفِيَ رِزْقَهَا وَإِنْ أَبْطَأَ عَنْهَا، فَاتَّقُوا اللهَ وَأَجْمِلُوا فِي الطَّلَبِ، خُذُوا مَا حَلَّ وَدَعُوا مَا حَرُمَ"

(رواه الإمام ابن ماجه)

ya’ni: “Ey, odamlar! Allohdan qo‘rqing va mol-dunyoni go‘zal yo‘l bilan talab qiling. Har bir inson o‘zining rizqini mukammal olmaguncha, joni uzilmaydi. Unga belgilangan rizq biroz kechikishi mumkin, ammo baribir keladi. Shuning uchun Allohdan qo‘rqing va mol-dunyo talab qilishda go‘zal yo‘lni tanlang. Halolini oling, haromini tark qiling” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Demak, hadisdan ma’lum bo‘lmoqdaki, kishi rizq yo‘lida ming harakat qilsa ham,  Alloh taolo unga yozgan rizq-nasibasidan ortig‘ini qo‘lga kirita olmaydi.

Vidolashuv hajida Payg‘ambarimiz ko‘p narsalarni vasiyat qildilar. Shular qatorida kishilarning molini zulm bilan yeyish haromligini uqtirib, shunday dedilar:

اَلاَ اِنَّ اللهَ حَرُمَ عَلَيْكُمْ دِمَائَكُمْ وَاَمْوَالَكُمْ

(رواه الإمام البخاري)

ya’ni: "Ogoh bo‘linglar, albatta Alloh taolo qonlaringiz va mollaringizni bir biringizga harom qildi" (Imom Buxoriy rivoyati).

Halol luqma qalbga nur, tilga hikmat bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:

مَنْ أَكَلَ الْحَلاَلَ أَرْبَعِيْنَ يَوْماً نَوَّرَ اللهُ قَلْبَهُ وَأَجْرَى يَنَابِيْعَ الْحِكْمَةِ مِنْ قَلْبِهِ عَلَى لِسَانِهِ"

 (رواه أبو نعيم في الحلية من حديث أبي أيوب)

ya’ni: “Kim qirq kun halol luqma yesa, Alloh taolo uning qalbini munavvar qiladi va qalbidagi hikmat buloqlarini tiliga chiqaradi” (Imom Abu Nuaym rivoyati).

Hazrat Anas raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamga: “Yo, Rasulalloh, duo qiling, Alloh meni duosi ijobat bo‘ladigan kimsalardan qilsin”, – dedilar. Shunda Payg‘ambarmiz:

يَا أَنَسُ أَطِبْ كَسْبَكَ تُجَبْ دَعْوَتُكَ فَإِنَّ الرَّجُلَ لَيَرْفَعُ الُّقْمَةَ مِنَ الْحَرَامِ إِلَى فِيْهِ

فَلاَ يُسْتَجَابُ لَهُ دَعْوَةٌ أَرْبَعِيْنَ يَوْمًا

(رواه الإمام البيهقي)

ya’ni:  “Ey, Anas! Luqmangizni halol qiling, kishi harom luqmani og‘ziga ko‘tarsa (yesa), qirq kun duosi ijobat bo‘lmaydi”, – dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Demak, har bir imonli kishi tanovul qilayotgan luqmasiga qattiq e’tibor qilishi va uni faqat halol yo‘l bilan topishi lozim. Bu haqda hadisi sharifda shunday keladi.

مَنْ لَمْ يُبَالِ مِنْ أَيْنَ اِكْتَسَبَ الْمَالَ لَمْ يُبَالِ اللهُ مِنْ أَىِّ بَابٍ أَدْخَلَهُ النَّارَ (رواه الإمام الديلمي).

ya’ni: “Kim mol-dunyoni qayerdan topayotganiga parvo qilmasa, Alloh taolo ham u kishini do‘zaxning qaysi eshigidan kirgizishiga parvo qilmaydi” (Imom Daylamiy rivoyati).

Birovni haqqidan qo‘rqmay, noto‘g‘ri yo‘llar bilan mol-dunyo topish mo‘min-musulmonga umuman munosib emasligi va qilingan ibodatlari bekor bo‘lishi haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

يُؤْتَى يَوْمَ الْقِيَامَةِ بِأُنَاسٍ مَعَهُمْ مِنَ الْحَسَنَاتِ كَأَمْثَالِ جَبَلِ تِهَامَةَ حَتَّى إِذَا جِيْءَ بِهِمْ جَعَلَهَا اللهُ هَبَاءً مَنْثُورًا ثُمَّ يُقْذَف بِهِمْ فِي النَّارِ فَقِيْلَ يَا رَسُولَ اللهِ كَيْفَ ذَلِكَ قَالَ كَانُوا يُصَلُّونَ وَيَصُومُونَ وَيُزَكُّونَ وَيَحُجُّونَ غَيْرَ أَنَّهُمْ كَانُوا إِذَا عُرِضَ لَهُمْ شَيْءٌ مِنَ الْحَرَامِ أَخَذُوهُ فَأَحْبَطَ اللهُ أَعْمَالَهُمْ

(رواه الإمام الطبرني في المعجم الكبير)

ya’ni: “Qiyomat kunida ayrim kishilarni olib kelishadi. Ularning Tuhoma tog‘icha keladigan yaxshiliklari bo‘ladi. Ular keltirilgach, Alloh ularning yaxshiliklarini to‘zg‘igan g‘uborga aylantirib qo‘yadi, o‘zlari esa do‘zaxga uloqtiriladi”. Shunda “Yo, Rasulalloh, bunday bo‘lishining boisi nedir?”, – deb so‘rashdi. Payg‘ambarimiz: “Ular namoz o‘qir, ro‘za tutar, haj qilar edilar, biroq biron bir harom narsaga duch kelsalar, uni olishar edi. Shu bois Alloh ularning amallarini yo‘qqa chiqardi”, – deb javob berdilar (Imom Tabaroniy rivoyati).

Rivoyat qilishlaricha, Abu Dardo raziyallohu anhu masjidga erta kelib, kech qaytardilar. Namozdan keyin Rasuli akram sallallohu alayhi vasallamning suhbatlarini diqqat bilan tinglardilar. Biroq xurmo pishig‘ida Abu Dardo avvalgidan kechroq kelib, ertaroq ketadigan bo‘ldilar. Bu hol Payg‘ambarimizning diqqatlarini tortdi. Abu Dardoni yonlariga chaqirib: “Sening masjidga kelib ketishingda o‘zgarish ko‘ryapman. Nima bo‘ldi?” – deb so‘radilar. Abu Dardo raziyallohu anhu uzrli ohangda shunday javob berdilar: “Shu kunlarda qo‘shnimizning xurmo mevalari pishib, to‘kila boshladi, xurmolar bizning hovliga ham tushyapti. Bolalarim qo‘shnimdan so‘roqsiz ularni yeb qo‘yishmasin, degan xavotirdaman. Bomdodga kelishdan oldin to‘kilgan xurmolarni to‘plab, qo‘shnimiznikiga olib chiqib beraman. Shu sabab masjidga kech kelyapman. Men masjiddaligimda ham daraxtlardan xurmo to‘kiladi. Ularni yig‘ib, qo‘shnimnikiga chiqarishga shoshilaman”. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Abu Dardo raziyallohu anhuning bu so‘zlaridan mamnun bo‘ldilar va uning haqiga duo qildilar.

Muhtaram jamoat! Mav’izamiz davomida birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohning ba’zisini aytib o‘tamiz:

Qarzini qaytarmaslikka harakat qilish. Ba’zi qarz oluvchilar qarzlarini to‘lashga qodir bo‘lib turib, bermay, cho‘zib, savob umidida qarz bergan kimsani ham yaxshilik qilganiga pushaymon qildirib yoki olgan qarzini tan olmay yuradilar. Buning o‘rniga olgan qarzini berish g‘amida bo‘lganida, Alloh taoloning o‘zi qarzdorga madadkor bo‘lar edi. Bu haqda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:

مَنْ أَخَذَ أَمْوَالَ النَّاسِ يُرِيْدُ أَدَاءَهَا أَدَّى اللهُ عَنْهُ، وَمَنْ أَخَذَهَا يُرِيْدُ إِتْلاَفَهَا أَتْلَفَهُ اللهُ

(رواه الإمام البخاري)

ya’ni: “Kim odamlarning mollarini (qarzga) olib, uni ado etishni iroda (g‘amini) qilsa, Alloh qarzini ado qilishga yordam beradi. Kim qarzni bermaslik niyatida olsa, Alloh uni yo‘q qiladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

O‘lchov va tarozidan urib qolishQur’oni karimda o‘lchov va tarozidan urib qoluvchilarga jahannam azobi borligi ko‘p marotaba ta’kidlangan. Bu borada Mutoffifun surasida shunday keladi:

وَيْلٌ لِّلْمُطَفِّفِينَ الَّذِينَ إِذَا اكْتَالُواْ عَلَى النَّاسِ يَسْتَوْفُونَ وَإِذَا كَالُوهُمْ أَو وَّزَنُوهُمْ يُخْسِرُونَ

 ya’ni: “(Savdo-sotiqda o‘lchov va tarozidan) urib qoluvchi kimsalar holiga voy! Ular odamlardan (biror narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan,  ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa urib qoladigan kimsalardir” (Mutoffifun surasi, 1-3 oyatlar).

Mualliflik huquqini poymol qilish. Yozuvchi yoki ixtirochi o‘zining butun umrini kitob yozish yoki yangi narsa ixtiro qilish uchun sarflaydi va undan foyda ko‘rish uchun kitobini nashr qiladi, ixtirosini taqdim qiladi. Shunda boshqa bir odam kitobdan yoki ixtirodan bir nusxani oladi-da, zamonaviy vositalar orqali  muallifning ruxsatisiz ko‘paytirib sota boshlaydi.

Mualliflik huquqini poymol qilish bundan boshqa ko‘rinishlarda ham bo‘lishi mumkin. Masalan, mashhur firmalarning brendlari (belgilari)ni  qalbakilashtirish, ularning emblemalarini bosib chiqarish va hokazo.

 Ma’lumki, so‘nggi yillar davomida milliy zargarlik sanoatini tiklash va rivojlantirish hamda zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi tadbirkor va ustalarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va o‘z qonuniy faoliyatini olib borishga qaratilgan  bir qator huquqiy-me’yoriy chora-tadbirlar va hujjatlar  qabul qilindi. Zargarlik sanoati rivojlanishi, shuningdek xom-ashyoni qonuniy sotish uchun kerakli shart-sharoitlar yaratildi. Shu bilan bir qatorda respublika bozorlari va tijorat-savdo rastalarida zargarlik buyumlariga zargar yoki sotuvchi tomonidan soxta asllik darajasini tasdiqlovchi belgilarni noqonuniy qo‘yilib sotilishi rivojlanmoqda.  Ulamolarimiz bunday ish qilgan kimsalarning gunohini o‘g‘rilik qilgan kimsalarning gunohi bilan barobar demoqdalar. O‘g‘rilik haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday dedilar:

لَعَنَ اللَّهُ السَّارِقَ، يَسْرِقُ البَيْضَةَ فَتُقْطَعُ يَدُهُ، وَيَسْرِقُ الحَبْلَ فَتُقْطَعُ يَدُهُ

(رواه الإمام البخاري)

ya’ni: “Tuxum o‘g‘irlab qo‘li kesilgan, arqon o‘g‘irlab qo‘li kesilgan o‘g‘riga Allohning la’nati bo‘lsin!” (Imom Buxoriy rivoyati). Ushbu hadisi sharifdan ma’lum bo‘ladiki, o‘g‘irlikning katta-kichikligiga emas, balki uning og‘ir gunohligiga e’tibor qilishligimiz lozim.

Poraxo‘rlik. Poraxo‘rlik dinimizda qattiq qoralangan va katta gunohlardan biridir. Bu haqda hadisda shunday deyiladi:

عنْ ثَوْبَانَ رضي الله عنه قَالَ: "لَعَنَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ الرَّاشِيَ وَالْمُرْتَشِيَ وَالرَّائِشَ

يَعْنِي الَّذِي يَمْشِي بَيْنَهُمَا"

(رواه الإمام أحمد)

ya’ni: Savbon raziyallohu anhu aytadilar: Rasululloh sallallohu alayhi vasallam pora beruvchi, pora oluvchi va ularning o‘rtasidagi vositachini la’natladilar (Imom Ahmad rivoyati).

Sudxo‘rlik. Ma’lumki, qarz berish birovni hojatini chiqarish bo‘lib, savobli ishlardan biri hisoblanadi. Afsuski, ba’zilar bu savobli ishni katta gunohga aylantirib, qarz berishda ko‘paytirib qaytarilishini shart qilishadi, ya’ni foizga beradi. Qarz berishning mazkur turi “sudxo‘rlik” deb nomlanib, shariatimizda qattiq qoralangan va qat’iy qaytarilgan ishlardan biridir. Bu haqda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan:

الَّذِينَ يَأْكُلُونَ الرِّبَا لاَ يَقُومُونَ إِلاَّ كَمَا يَقُومُ الَّذِي يَتَخَبَّطُهُ الشَّيْطَانُ مِنَ الْمَسِّ...

ya’ni: “Sudxo‘r bo‘lgan kimsalar (qiyomat kunida qabrlaridan) turmaydilar, magar jin chalgan majnun kabi turadilar” (Baqara surasi, 275-oyat).

Qimor va garov o‘ynash. Ikki va undan ko‘p kishi orasida, o‘rtaga mol-mulk (pul) tikib o‘ynaladigan va ziyon ko‘rish ehtimoli teng bo‘lgan, yutgan yutqizgandan olib ketadigan har qanday o‘yin qimor bo‘ladi. Hozirgi kunda ham qimorning har xil turlari mavjud bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:

Yutgan yutqazganga shart qo‘ygan barcha o‘yinlar. Masalan, bir necha kishi karta o‘ynaydi va har bir qimorboz pul tikadi. Ularning yutganlari hamma pulni oladi.

Ikki jamoa yoki o‘yinchi yoxud ularga o‘xshagan kimsalarning g‘alabasi uchun biron narsani garovga qo‘yish. Har ikki taraf ham bir jamoa yoki o‘yinchining g‘alaba qozonishi uchun pulini garovga qo‘yadi. Agar jamoasi yoki tanlagan o‘yinchisi g‘olib kelsa, garovni oladi, mag‘lub bo‘lsa, garovini boy beradi.

Oddiy va elektron yoki internet orqali o‘ynalgan hamda o‘yinchi yutishi yoki yutqazishi ehtimol bo‘lgan barcha o‘yinlar.

O‘zgani haqqani botil yo‘l bilan yeguvchilarga quyidagilar ham kiradi: yetimlar moliga xiyonat qiluvchilar, yolg‘on guvohlik beruvchilar, molini aybini yashirib sotuvchilar, sehrgarlar, fohishalar, hur-ozod odamni sotib pulini yeydiganlar, narxlarni sun’iy ravishda ko‘taruvchilar, tovlamachilar, firibgarlar.

Ma’lumki, Alloh taolo har bir erkakning zimmasiga ayoli va balog‘atga yetmagan farzandlarining yemoq-ichmog‘ini farz qilgan. Shunday ekan, biz erkaklar qo‘l ostimizdagi omonatlarimizni faqat halol yo‘l bilan nafaqasini ta’minlashimiz kerak bo‘ladi. Har birimiz shuni unutmasligimiz kerakki, ahli ayolimizning duo va ibodatlarini qabul bo‘lishi va farzandlarimizning kelajakda yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida uyga olib keladigan nafaqai ro‘zg‘orimizning halol bo‘lishi eng katta sabab va omil bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizga O‘zi rozi bo‘ladigan yo‘llar bilan molu davlat topish baxtini nasib qilib, nohaq va botil yo‘llar orqali keladigan mollardan barchamizni O‘z panohida asrasin! Omin!

Muhtaram imom domla! Ushbu mavzuni yoritishda Imom Nasafiyning “Madorikut-tanzil”, Abu Lays Samarqandiyning “Bahrul-ulum”, Muhammad Ali Sobuniyning “Ravoiul bayon” nomli tafsirlari hamda undan boshqa mo‘tabar manbalarga murojaat qilgan holda atroflicha bayon qilib berishingiz so‘raladi.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

10.01.2025   1244   10 min.
Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilgani bayoni

Bismillahir Rohmanir Rohiym

 - 60وَلِلْجَنَّاتِ وَالنِّيرَانِ كَوْنٌ عَلَيْهَا مَرَّ أَحْوَالٌ خَوَالِي

.Ma’nolar tarjimasi: Jannatlar va do‘zaxlar (hozirda) bordir, ularga (yaratib qo‘yilganlariga) o‘tmish yillar o‘tib ketgandir


Nazmiy bayoni:

Jannatlar, do‘zaxlar mavjud erurlar,
Ular uzra o‘tgan ko‘p o‘tmish yillar.


Lug‘atlar izohi:

لِ – “shibhi mulk” (mulk ko‘rinishidagi) ma’nosini ifodalovchi jor harfi bo‘lib, ismi ma’no bo‘lgan كَوْنٌ va ismi zot bo‘lgan جَنَّاتِ larning orasida kelgan.

الْجَنَّاتِ – jor va majrur xabari muqaddam.

النِّيرَانِ – lug‘atda “alangalar” ma’nosini anglatadi.

كَوْنٌ – xabaridan keyin keltirilgan mubtado. كَانَ fe’lining masdari bo‘lib, lug‘atda “voqelikda bor bo‘lish” ma’nosiga to‘g‘ri keladi.

عَلَيْهَا – “isti’lo” (ustun bo‘lish) ma’nosidagi jor harfi.

مَرَّ – ko‘plab sharhlarda مَرَّ ni masdar qilib ma’no berilgan. Ammo tahqiqlarga ko‘ra uning fe’l ekani mo‘tabar hisoblanadi.

اَحْوَالٌ – foil. Lug‘atda “to‘liq bir yil” ma’nosini anglatuvchi حَوْل ning ko‘plik shaklidir.

خَوَالِي – bu kalima خَالِيةٌ ning ko‘plik shakli bo‘lib “o‘tmishlar” ma’nosini anglatadi. اَحْوَالٌ ning sifati.


Matn sharhi:

Ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra jannatlar va do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan, ular hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi.

Qadariylar va mo‘taziliylar jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganini inkor qilishgan. Ular: “Agar jannat va do‘zax mavjud bo‘lsa, oyati karimalarda xabar berilganidek, yo‘q bo‘lib ketishlari lozim bo‘lib qoladi, shuning uchun ular qiyomat kunida yaratiladi”, – degan e’tiqodda bo‘lishgan. O‘zlarining bu qarashlariga quyidagicha dalillar keltirishgan:

“Uning “yuzi”dan boshqa barcha narsa halok bo‘luvchidir”[1].

Ya’ni Alloh taolodan boshqa har bir narsa halok bo‘lguvchidir. Boshqa bir oyatda ham barcha jonzotning foniy bo‘lib, faqat Alloh taoloning O‘zi boqiy qolishi xabar berilgan:

(Yer) yuzidagi barcha mavjudot foniydir. Ulug‘lik va Ikrom egasi bo‘lmish Robbingning O‘zi boqiydir”[2].

Ushbu oyatlardagi كُلٌ kalimasi عَامٌّ va جَمِيِعٌ kabi umumiylikni ifodalovchi kalimalarning eng kuchlisi bo‘lib, u chegaralanmagan ko‘plikka dalolat qiladi. Modomiki, bu kalimani mazkur ma’nosidan boshqa ma’noga o‘zgartiruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turadi. Shunga ko‘ra jannatu do‘zaxlar hozirda yaratib qo‘yilgan bo‘lganida ular ham, ichidagilar ham qiyomat kunidan oldin boshqa maxluqotlar qatori yo‘q bo‘lib ketishi lozim bo‘lib qolardi. Ularning esa halok bo‘lmasliklari xabar berilgan. Shuning uchun ham ular qiyomat kunida abadiy yo‘qolmaydigan qilib yaratiladi, – deyishgan.

Jannat va do‘zaxning yaratib qo‘yilganiga dalillar

Mazkur toifalarning keltirgan dalillariga batafsil javoblar berilgan:

Avvalo, jannat va do‘zaxning hozirda yaratib qo‘yilganiga juda ko‘plab dalillar bor:

1. Qur’onda jannat va do‘zax haqida kelgan oyatlarda o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘zlar bilan xabar berilgan:

“Robbingizning mag‘firatiga va Allohga hamda Uning payg‘ambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlab qo‘yilgan, kengligi osmon va yerning kengligicha bo‘lgan jannatga musobaqalashing”[3].

Ushbu oyatda jannatning tayyor qilib qo‘yilgani xabar berilgan. Quyidagi oyatda esa do‘zaxning tayorlab qo‘yilgani xabar berilgan:

“Kofirlar uchun tayyorlab qo‘yilgan do‘zaxdan saqlaningiz!”[4].

Mazkur oyati karimalarda jannat va do‘zax haqida “tayyorlab qo‘yilgan” deya o‘tgan zamonni ifodalovchi so‘z bilan keltirilishi ularning hozirda mavjud ekaniga dalolat qiladi.

2. Qur’onda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning Jabroil alayhissalomni ikkinchi marta asl holatda “Sidratul muntaho”ning oldida ko‘rganlari va uning oldida Ma’vo jannati borligi xabar berilgan. Bu esa jannatning yaratib qo‘yilganiga yorqin dalildir:

“Qasamki, (Muhammad Jabroilni ilk bor Yerda ko‘rgach, yana) ikkinchi bor ko‘rdi. “Sidratul-muntaho” (daraxti) oldida. “Ma’vo jannati” ham o‘sha (daraxt)ning oldidadir”[5].

3. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sidratul muntaho”ga borganlaridan so‘ng jannatga kirganlarini aytib, uning qanday ekanini tasvirlab berganlar:

ثُمَّ دَخَلْتُ الْجَنَّةَ فَإِذَا فِيهَا جَنَابِذُ اللُّؤْلُؤِ وَإِذَا تُرَابُهَا الْمِسْكُ.

“... So‘ngra jannatga kirdim, u yerda marvarid gumbazlar bor ekan, uning tuprog‘i mushk ekan” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyosh tutilgan vaqtda namoz o‘qiganlari haqidagi rivoyatda u zotning jannatni ham, do‘zaxni ham ko‘rganlari, hatto jannatdan bir shingil meva olaymi, deb o‘ylaganlari ham ochiq- oydin kelgan:

عَنْ عُرْوَةَ قَالَ قَالَتْ عَائِشَةُ خَسَفَتْ الشَّمْسُ فَقَامَ النَّبِيُّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ فَقَرَأَ سُورَةً طَوِيلَةً ثُمَّ رَكَعَ فَأَطَالَ ثُمَّ رَفَعَ رَأْسَهُ ثُمَّ اسْتَفْتَحَ بِسُورَةٍ أُخْرَى ثُمَّ رَكَعَ حَتَّى قَضَاهَا وَسَجَدَ ثُمَّ فَعَلَ ذَلِكَ فِي الثَّانِيَةِ ثُمَّ قَالَ إِنَّهُمَا آيَتَانِ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ فَإِذَا رَأَيْتُمْ ذَلِكَ فَصَلُّوا حَتَّى يُفْرَجَ عَنْكُمْ لَقَدْ رَأَيْتُ فِي مَقَامِي هَذَا كُلَّ شَيْءٍ وُعِدْتُهُ حَتَّى لَقَدْ رَأَيْتُ أُرِيدُ أَنْ آخُذَ قِطْفًا مِنْ الْجَنَّةِ حِينَ رَأَيْتُمُونِي جَعَلْتُ أَتَقَدَّمُ وَلَقَدْ رَأَيْتُ جَهَنَّمَ يَحْطِمُ بَعْضُهَا بَعْضًا حِينَ رَأَيْتُمُونِي تَأَخَّرْتُ وَرَأَيْتُ فِيهَا عَمْرَو بْنَ لُحَيٍّ وَهُوَ الَّذِي سَيَّبَ السَّوَائِبَ. رَوَاهُ البُخَارِيُّ

Urva roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Oisha roziyallohu anho dedilar: “Quyosh tutilgan edi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam turdilar-da uzun sura o‘qidilar, so‘ngra ruku’ qilib, uzoq vaqt ruku’da qoldilar, boshlarini ko‘targanlaridan keyin boshqa bir surani o‘qiy boshladilar, so‘ngra ruku’ qildilar, ushbu rakatni ado etib sajda qildilar, keyin ikkinchi rakatda ham shunday qildilar. So‘ngra: “Ikkalasi Allohning belgilaridan ikki belgidir, agar o‘shani ko‘rsalaringiz, to sizlardan ochilib ketgunicha namoz o‘qinglar. Men ushbu turgan joyimda menga va’da qilingan barcha narsalarni ko‘rdim. Hatto mening oldinga yurganimni ko‘rgan paytlaringizda, jannatdan bir shingil meva olaymi ham degan edim. Mening orqaga chekinganimni ko‘rgan paytlaringizda, ba’zisi ba’zisini buzib vayron qilayotgan do‘zaxni ko‘rdim. Uning ichida Amr ibn Luhayni ko‘rdim. U ibodat ma’nosida tuyani qarovsiz tashlab qo‘yishni birinchi bo‘lib boshlagan edi”, – dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

Adashgan toifalarning كُلٌ kalimasini ma’nosidan buruvchi dalil bo‘lmasa, u asl holida turaveradi, degan so‘zlariga esa quyidagicha javob berilgan:

 Yuqoridagi dalillardan jannat va do‘zaxning hozirda mavjud ekanligi sobit bo‘ldi. Mavjudligi aniq bo‘lgan jannatning tugashi yo‘q ekani ham xabar berilgan:

“Albatta, bu Bizning (jannat ahliga beradigan) rizqimizdirki, unda tugash bo‘lmas”[6].

Jannatdagi ne’matlarning doimiyligi ham bayon qilib qo‘yilgan:

“Taqvolilar uchun va’da qilingan jannatning misoli, uning ostida anhorlar (doimo) joriy, mevalari va soyalari boqiydir”[7].

Hadisi sharifda jannat ne’matlarining doimiyligi haqida shunday xabar berilgan:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ وَأَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ إذَا دَخَلَ أهْلُ الجَنَّةِ الجَنَّةَ يُنَادِي مُنَادٍ إِنَّ لَكُمْ أنْ تَحْيَوْا فَلا تَمُوتُوا أَبَداً إنَّ لَكُمْ أنْ تَصِحُّوا فلا تَسْقَمُوا أبداً وإنَّ لَكمْ أنْ تَشِبُّوا فلا تَهْرَمُوا أبداً وإنَّ لَكُمْ أَنْ تَنْعَمُوا فَلا تَبْأسُوا أَبَداً. رَوَاهُ مُسْلِمٌ

Abu Said va Abu Hurayra roziyallohu anhumolardan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon jannat ahli jannatga kirsalar, bir nido qilguvchi: “Albatta, yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon o‘lmaysizlar. Albatta, sog‘lom bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon kasal bo‘lmaysizlar. Albatta, yosh bo‘lishlaringiz sizlar uchun, hech qachon qarimaysizlar. Albatta, huzur-halovatda yashashlaringiz sizlar uchun, hech qachon baxtsiz bo‘lmaysizlar”, – deya nido qiladi”, – dedilar”. Imom Muslim rivoyat qilgan.

Jannatdagi ne’matlar abadiy bo‘lganidek, do‘zaxdagi azoblar ham abadiyligi haqida shunday xabar berilgan:

“Albatta, ahli kitob va mushriklardan iborat kofirlar jahannam o‘tida bo‘lib, o‘sha joyda mangu qolurlar” .

Xulosa qilib aytganda, jannat ham, do‘zax ham hozirda mavjud, hech qachon yo‘q bo‘lib ketmaydi. Ular Alloh taoloning yo‘qdan bor qilishi bilan vujudga kelgani kabi, U zotning yo‘q qilib yubormasligi bilan doimiy bor bo‘lib turadi.


Keyingi mavzu:
Mo‘min bandaning do‘zaxda abadiy qolmasligi bayoni

 


[1] Qasos surasi, 88-oyat.
[2] Ar-Rohman surasi, 26, 27-oyatlar.
[3] Hadid surasi, 21-oyat.
[4] Oli Imron surasi, 131-oyat.
[5] Najm surasi, 13–15-oyatlar.
[6] Sod surasi, 54-oyat.
[7] Ra’d surasi, 35-oyat.